Tarixiy sammit bashariyat farovonligiga xizmat qiladi
MUNOSABAT
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Butun dunyo nigohida bo‘lgan ShHTning Samarqand sammiti “Yil voqeasi” sifatida yuksak baholanmoqda. Allohga shukrki, xalqaro maydonda katta ahamiyatga ega bo‘lgan muhim voqelik – Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga hamisha navqiron zamin muvaffaqiyatli mezbonlik qildi.
E’tirof etish joizki, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tuzilmaning asosiy anjumani – yangi takliflar muhokamasi va tashkilotning istiqbolini belgilab oladigan xalqaro yig‘in sanaladi. Ana shunday nufuzli sammitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan tahdidlar kuchayganini alohida ta’kidladi.
Buyuk ne’matni asrash davrning o‘tkir talabi
Tinchlik ulug‘ ne’mat, inson hayotining birlamchi sharti. Chunki yaxshi turmush, farovonlik, ezgu maqsadlar ro‘yobi, eng avvalo, shu ne’matga bog‘liq. Shuning uchun ham qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moli-yu joni bilan kurashib kelgan.
Biroq bugungi kunda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari din niqobi ostida yoshlarni zo‘ravonlikka, madaniy-ma’rifiy va oilaviy qadriyatlarni yo‘qotishga undash yo‘li bilan jamiyatda radikal qarashlarni tarqatayotgani tashvishlanarli holatdir.
Prezidentimiz bu masalaga bugungi kunning eng dolzarb muammosi sifatida qarab, shunday dedi: “Radikalizmning o‘sib borishi xavfli tendensiyaga aylanmoqda. Yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz”.
Bu xavfning jiddiyligini his etgan O‘zbekiston xalqaro minbarlarda bunday xatarga qarshi o‘z tashabbuslarini ilgari surmoqda.
Mamlakatimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu yo‘lda aholining diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirish, ekstremistik oqimlar safiga adashib kirib qolgan va qilgan ishidan chin dildan pushaymon bo‘lganlarga nisbatan kechirimlilik siyosati yuritilib, yosh avlod turli buzg‘unchi oqimlar safiga kirib qolishining oldini olish bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan, fuqarolar orasida diniy asosdagi ekstremizm mafkurasiga qarshi immunitetni shakllantira oladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarini buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlariga faol jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘p yillik tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlar yetarli bilim-tushunchaga ega bo‘lmagani va o‘ta ta’sirchanligi tufayli ekstremizm va terrorizm mafkurasi oldida eng zaif qatlam bo‘lib qolyapti. Bugungi kunda aqidaparast oqimlar yosh avlodni o‘z safiga jalb qilishda internet tarmog‘idan keng foydalanmoqda. Ayniqsa, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va virtual jamoatlar tuzish, turli ko‘rinishdagi asossiz “fatvo”lar berib borilishi muammoni yanada jiddiylashtirmoqda.
Haqiqatan, bugun musulmon olamida murakkab jarayonlar kechmoqda. Mutaassiblik va mazhablarni rad etish kabi illatlar kuzatilayotgani vaziyatni yanada xavotirli tus oldirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi va diniy soha xodimlari tomonidan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, aholi orasida turli ekstremistik oqim vakillari tomonidan buzg‘unchi g‘oyalar tarqatilishining oldini olish, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarda ma’naviy immunitetni shakllantirish yuzasidan joylarda diniy-ma’rifiy suhbatlar, OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy chiqishlar qilish hamda islom ma’rifatiga oid nashr mahsulotlarini tarqatish kabi faoliyatlar amalga oshirilmoqda.
Islom dini fasod va buzg‘unchilikni butunlay qoralaydi. Alloh taolo Yer yuzida buzg‘unchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!”, deb ogohlantirgan. Hadisi shariflarda: “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan. Demak, islom dini ekstremizm, terrorizm va radikalizmni butkul qoralaydi, musulmonlarni oqibati og‘ir bo‘lgan bunday harakatlardan ogoh bo‘lishga chaqiradi.
Samarqand sammitida Prezidentimiz ilgari surgan xalqchil va chin insoniy maqsadlar ham tinchlikni mustahkamlash, ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, dunyo davlatlari o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishga xizmat qiladi, inshaalloh.
Hayotiy o‘ta muhim masala
Alloh taolo insonni ulug‘lab, unga ato etgan ne’mat – tabiatni asrab-avaylash, undan me’yorida foydalanishga buyurgan. Haq taolo: “Yerni yaroqli qilib qo‘ygandan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!”, deya amr qilgan (A’rof surasi, 56-oyat). Qur’oni karimdagi 750 ga yaqin oyat tabiatdagi ne’matlar haqida mulohaza yuritishga undaydi.
Shu kabi ilohiy ta’kidlar har bir insonni ne’matlarga oqilona munosabatda bo‘lish, atrof-muhitni ozoda saqlashga chaqiradi. Afsuski, so‘nggi yillarda dunyo hamjamiyati ekologik muammolar tufayli aziyat chekmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi, chang bo‘ronlari, oziq-ovqat yetishmovchiligi kabilar bashariyatni tang ahvolga solib qo‘ymoqda.
ShHT sammitida Prezidentimiz shu kabi dolzarb masalalarga ham alohida to‘xtalib, “Iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamonamiz muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda”, deya ta’kidladi.
Haqiqatan, iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat tanqisligi bilan bog‘liq muammolar kun tartibiga chiqmoqda. Buning uchun biz tabiatga e’tibor berishimiz, ne’matlarni tejab ishlatishimiz kerak. Faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutishimiz zarur. Alloh taolo butun insoniyatga rizq-u ro‘zni ato etib, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi: “Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).
Nabiy alayhissalom: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va tejamkor bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulug‘ allomalar asarlarida ham atrof-muhitga oid bir qator masalalar bayon etilgan. Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida atrof-muhitning inson salomatligi va ruhiyatiga ta’sirini ochib bergan. Amir Temur bo‘z yerlarni o‘zlashtirgan kishilar yoki bog‘ qilganlarni rag‘batlantirgan. Alisher Navoiy esa tabiatga xiyonatni do‘stga xiyonat qilishga qiyos qilgan.
Ta’kidlash joizki, suv inson hayotini ta’minlashda asosiy manba. Daryo va soylar suvi ham qishloq xo‘jaligi, ham energetika, ham aholi turmushi uchun o‘ta muhim. Hozirgi kunda ichimlik suv muammosi butun jahon miqyosida tashvish bo‘lib turibdi. Dunyo aholisining oltidan bir qismi toza ichimlik suvga muhtoj.
Suvni tejash borasida hadisi sharifda go‘zal namuna bor. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: “Hoy Sa’d, bu qanday isrofgarchilik?!” dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: “Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham”, dedilar”.
Alloh taolo insonlarga ato etgan ne’matlarini eslatar ekan, suvni ham zikr qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, (shu obihayot uchun ham) shukr qilmaysizmi?” (Voqea surasi, 68-70-oyat).
Darhaqiqat, isrofning gunohi va uning so‘rovi og‘ir, suvni isrof qilishning gunohi esa isroflar ichida eng og‘iridir. Chunki bu ne’mat isrofi oqibatida juda katta zararlar kelib chiqishi mumkin.
Bir tomchi suvni ham isrof qilmaslik, elektr quvvatini tejash, uni bir lahza ham behuda sarflamaslik jamiyatda yashovchi har bir fuqaroning burchi. Kiyim kiyishda, yurish-turishda, umuman, har bir sohada tejamkor bo‘lish lozim. Ana shunda tejamkorligimiz o‘zimizga, oilaviy iqtisodimizga, jamiyatimizga, butun el-yurtimizga foyda keltiradi, xavf solayotgan tahdidlar ortga chekinadi.
Samarqand deklaratsiyasi – istiqbolli hujjat
Sammitda ShHT faoliyatining muhim sohalaridagi hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. ShHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklaratsiyasi tadbirning bosh yakuniy hujjati bo‘ldi.
Jami 44 ta hujjat — bayonot, bitim, dastur va boshqa hujjatlar qabul qilindi. A’zo davlatlarning yaxshi qo‘shnichiligi, do‘stligi va hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma, “ShHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni to‘g‘risida nizom va turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar shular jumlasidandir. ShHT Davlat rahbarlari kengashining iqlim o‘zgarishiga nisbatan javob harakatlari, global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, energetik xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi bayonotlari ham qabul qilindi.
ShHTning 20 yildan ziyod faoliyati davomida shuncha miqdorda muhim va inson hayoti uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilishi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, tarixiy voqeaga aylandi.
Yakunda yana bir jihat: sammitga kelgan bir qator davlat rahbarlari Samarqand zaminidagi “Boqiy shahar”, Imom Buxoriy va Hazrati Xizr majmualarini ziyorat qilishi, Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, ezgu duolar o‘qilishi ushbu yig‘in ishiga qut-baraka berdi hamda qabul qilingan hujjatlarda hayotiylik aks ettirdi.
Alloh taolo butun Yer yuzining diqqat markazidan o‘rin olgan Samarqand sammiti yurtlar tinchligi, insoniyat farovonligi va mamlakatlar taraqqiyotiga xizmat qilishini nasib etsin.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 19-sentabr, 192-son
Izoh qoldirish