411

MOTURIDIYA TAʼLIMOTI DAVOMCHISI

Koʻhna tarixning hali ochilmagan qanchadan-qancha siru sinoatlari bor. Istiqlol sharofati bilan dunyo tamadduniga tamal toshi qoʻygan bobokalonlarimiz nomi yana qayta tiklanyapti. Ularning bir vaqtlar eʼtibordan chetda qolgan, qarovsiz ahvolga tushgan muqaddas qadamjolari, tabarruk maskanlari obod manzillarga aylanmoqda. Buyuk allomalarimiz mangu qoʻnim topgan ziyoratgohlar taʼmirlanib, boy maʼnaviy-maʼrifiy merosi tadqiq etilmoqda.

Moturidiya maktabining eng yirik namoyandalaridan biri Abu Muin Nasafiy ana shunday ulugʻ allomalardan edi. U oʻzining maʼnaviy ustozi, buyuk mutakallim imom Abu Mansur Moturidiy taʼlimotini yanada rivojlantirib, bu taʼlimot butun Sharq mamlakatlariga keng tarqalishida beqiyos xizmat koʻrsatgan.

Abu Muin Nasafiy boshlangʻich bilimni oilada otasi va bobosidan olgan, soʻngra Samarqand, Buxoro shaharlarida zamonasining peshqadam imomlari sabogʻida boʻlgan. Keyinchalik muayyan vaqt ushbu shaharlarda yashab, madrasalarda dars bergan.

Aqida masalalari har qanday davrda ham, har qanday jamiyatda ham alohida ahamiyat kasb etgan. Shu bois, bu muhim masala har doim ilm ahlining diqqat-eʼtiborida boʻlib keladi.

Abu Muin Nasafiy shu yoʻnalishda bir nechta asarlar yaratgan. Uning “Tabsirat ul-adilla” asari imom Abu Mansur Moturidiy asos solgan Moturidiya taʼlimotining dunyo boʻylab yoyilishiga katta xizmat qildi. Alloma bu asarida oʻsha davrdagi buzgʻunchi toifalarga keskin raddiyalar bildirgan.

Imom Moturidiyning “Kitob at-tavhid” hamda Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” kitobini oʻzaro qiyosiy tahlil etgan olimlar fikricha, u “Kitob at-tavhid”dan keyingi nufuzli kitob sanaladi. “Qasiydal-qavoid fi ilm al-aqoid” asarida ham botiniy toifaga mansub kishilarning xato qarashlariga raddiyalar beradi. Shu jihatdan Abu Muin Nasafiyning bu asarlari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Arab tilini oʻrganish boʻyicha Fran­suz ilmiy instituti tadqiqotchilari hajmi 1000 sahifadan ortiq boʻlgan “Tabsirat ul-adilla” kitobini 1990 va 1993 yillarda Damashq shahrida ikki jild holida nashr ettirgani ham bu asarning ulkan maʼnaviy qiymatidan dalolat beradi. Ushbu nashrni tayyorlashda asarning 1269 yili Buxoroda Muhammad ibn Hasan ibn al-Husayin ismli xattot tomonidan koʻchirilgan va Misrning Iskandariya shahri, shuningdek, Qohiradagi “Dor ul-kutub al-Misriyya” va mashhur al-Azhar universiteti kutubxonalarida saqlanayotgan moʻtabar qoʻlyozmalariga tayanilgan. Uning ilm ahliga yaxshi tanish boʻlgan yana bir kitobi “Bahr al-Kalom fi ilm al-Kalom” ham alohida ahamiyatga egadir. Hozirgi kunda ushbu asarning qoʻlyozma nusxalari Dubay, Damashq, Bagʻdod, Qohira va Iskandariya shaharlaridagi kutubxonalarda saqlanmoqda.

Afsuski, Abu Muin Nasafiyning hayoti va asarlari sobiq tuzum davrida umuman oʻrganilmagan. Istiqlol sharofati bilan koʻplab allomalarimiz qatorida uning hayoti va asarlarini ilmiy asosda oʻrganish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Allomaning ruhi mangu qoʻnim topgan manzil obod goʻshaga aylantirildi.

Alloma qadamjosi obod boʻldi

Davlatimiz rahbari 2017 yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryoga tashrifi chogʻida Abu Muin Nasafiyning Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʻida joylashgan qadamjosini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratga keluvchilarga zarur sharoitlar yaratish, ushbu maskanda kutubxona tashkil etish hamda alloma asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish boʻyicha tavsiyalar bergan edi. Shundan soʻng bu muqaddas maskanga katta eʼtibor qaratildi. Dastlab alloma qabri ustidagi maqbara taʼmirlanib, yanada chiroyli koʻrinishga keltirildi. Atrofi obodonlashtirilib, qadimiy yozuvlar mavjud boʻlgan, keyingi paytda ancha eʼtibordan chetda qolgan qabr toshlari tartib bilan terib chiqildi. Maqbara yonidan joy olgan eski masjid ham qayta taʼmirlanib, naqshinkor bezaklar solindi.

— Bu yerda kichikroq masjid boʻlib, taʼmirtalab ahvolga kelib qolgandi, — deydi mazkur ziyoratgoh xodimi Shavkat Karimov. — Adashmasam, bu masjid ancha yillar ilgari bunyod etilgan. Shu bois, maskandagi bunyodkorlik ishlari davrida unga ham eʼtibor qaratildi. Joyi alloma maqbarasiga juda yaqin boʻlib qolgani uchun biroz naridan yangi, 320 oʻrinli zamonaviy, yorugʻ va shi­nam masjid qurildi.

Ming yoshli tut

Ziyoratgoh hovlisidagi keksa tut daraxtining yoshi ming yildan oshgan. Moziyning qanchadan-qancha yaxshi-yomon kunlariga guvoh bu daraxt koʻrinishidan ming yil avval ekilganga oʻxshamaydi. Bunga esa mahalliy aholi chiroyli izoh beradi: qaysi manzilga odam eʼtibori tushib, obodonlashtirilsa, atrof goʻzallashib, tabiat ham yosharib boraveradi. Shundan boʻlsa kerak, bir paytlar bu joylar eʼtibordan chetda qolganda, daraxtlar qurib, shoxlari sinib, goʻyo oʻsishdan toʻxtagan. Bugun esa ming yillik daraxt yana yosharib borayotir. Odamlarning gapi rostligiga ziyoratgohga borsan-giz oʻzingiz guvoh boʻlasiz. Keksa tut-ning yonida yana bir nechta daraxt bor. Ularning ham yoshi toʻrt yuz, toʻrt yuz ellik yil. Barcha daraxtlar alohida muhofazaga olingan.

— Bir paytlar oʻz ilmi bilan dovruq taratgan, kishilar qalbiga ezgulik ulashgan bobomiz merosi bugun keng koʻlamda oʻrganilayotgani bizni quvontiradi, — deydi Qarshi tumani Qovchin qishlogʻida yashovchi ijodkor Nuriddin Egamov. — Shunday ulugʻ alloma bilan faxrlanamiz. Uning kitoblarini oʻqib, oʻrganib bormoqdamiz. Bir paytlar mutafakkir bobomiz qadamjosiga eʼtibor umuman yoʻq edi. Bugun esa aziz va moʻtabar maskanga, goʻzal joyga aylandi. Qishlogʻimiz ham obod boʻlib, oʻzgacha chiroy ochdi.

XI asrda qazilgan quduq

Muqaddas qadamjo hovlisi oʻrta-sidagi quduq oldiga bir muddat toʻxtarkansiz, uning tubiga termilgancha xayolga berilishingiz tabiiy. Tarixi XI asrga borib taqaladigan bu quduq ne-ne allomalaru qanchadan-qancha ahli donishlar, podshohu gadolarning chanqogʻini qondirgan. Undan bir qultum suv ichganingizda bexosdan qulogʻingizga olis moziydan karvon qoʻngʻirogʻi jarangi, Buyuk ipak yoʻli orqali Buxoro tomon ketayotgan tuyalarning bu tabarruk maskan tomon burilgani, ziyorat istagida shoshilayotgan odamlarga koʻzingiz tushgandek boʻladi. Koʻz oldingizdan oʻtayotgan xayoliy tasvirlar bu yerda necha bor amalda takrorlangan boʻlsa ajabmas.

Maʼlumotlarga koʻra, bu quduq bir paytlar ogʻziga katta tosh bostirilib, yopib tashlangan. Uning ustiga supa qilinib, Ikkinchi jahon urushi yillarida odamlar paxta dalasida ishlab, shu yerda dam olgan. 1950-yillarga kelib qishloq keksalaridan biri supa tagida quduq borligini aytib qoladi. Qishloq ahli supani buzib, tagidan katta tosh bilan yopib qoʻyilgan quduqni topadi. Shundan soʻng quduq atrofi tozalanib, tuyalarga qovgʻa bogʻlab, charx yordamida bir necha kun suv tozalanadi. Aholi esa bu quduqdan foydalana boshlaydi.

Keyingi paytda ziyoratgohdagi keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari natijasida yangi zamonaviy tipdagi 320 oʻrinli masjid qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, maskanda yangi kutubxona ham bor. Bu yerga tashrif buyuruvchilar kutubxona fondida saqlanayotgan ikki mingga yaqin badiiy adabiyot, ilmiy va maʼrifiy kitobni oʻqib, Nasafiyning noyob asarlaridan bahramand boʻlishi mumkin. Yaqin atrofdagi mahallalarning bolalari uchun kutubxona eshiklari doim ochiq.

Ziyoratgohda tashkil etilgan muzeyda qadimgi Samarqand qogʻoziga bitilgan Qurʼoni karimning asl nusxasi, matoga toʻqib yozilgan muqaddas oyatlar, Abu Muin Nasafiy qalamiga mansub qoʻlyozmalar, tarixchi olimlarning kitoblari saqlanmoqda. Allomaning hayoti va asarlari multimedia vositalari orqali aks ettirilgan.

Aqida ilmi maktabi

Har bir davrda boʻlgani kabi bugun ham jaholatga asir kuchlar, razolat botqogʻiga botgan oqimlar oʻz maqsadlariga erishish yoʻlida muqaddas islom taʼlimotini teskari talqin etib, undan qurol sifatida foydalanishga intilmoqda. Bu oqimlar oʻzlaricha toʻgʻri deb ilgari surayotgan yolgʻon aqidalar, asossiz daʼvolarga qarshi kurashish kuchli isbotlangan ilmiy xulosa, raddiyalar bitilgan manbalarni talab etadi. Bunday raddiyalarni Abu Muin Nasafiy kabi allomalarimiz ilmiy merosidan topamiz.

Aqida ilmining buyuk namoyandalaridan biri, islom dini sofligini saqlashga qaratilgan koʻplab ilmiy asarlar muallifi Abu Muin Nasafiy ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq etish, asarlaridagi bugungi kun uchun eng dolzarb hikmatlarni yosh avlodga yetkazish muhim ahamiyatga ega.

— Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan, 2017 yil noyabr oyidan Oʻzbekiston musulmonlar idorasi Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi binosida aqida ilmi maktabi ish boshladi, — deydi vakil oʻrinbosari Muhammadi Qorayev. — Dastlab 11 oʻquvchi qabul qilingan bu maktabda buyuk mutafakkirlarimiz Imomi Aʼzamning “Fiqh ul-akbar”, Soʻfi Olloyorning “Sabot ul-ojizin”, Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya”, Imom Najmiddin Umar an-Nasafiyning “Aqoidi Nasafiy”, Imomi Tahoviyning “Aqidat ut-tahoviy” hamda Abu Muin Nasafiyning “At-tamhid li qovaʼidit tavhid fi ilm il-kalom”, “Tabsirat ul-adilla”, “Bahr ul-kalom fi ilm il-kalom” kitoblari oʻqitilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, yoshlarimizni turli diniy-siyosiy oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan asrash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishda Abu Muin Nasafiy ilmiy-maʼnaviy merosi muhim ahamiyat kasb etadi.

Akbar RAHMONOV, 
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri, 
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 26-iyul, 150(672) son

 

Izoh qoldirish