492

Mehr-oqibat, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan bayram

SHUKUH 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, xalqimizning ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu g‘oyalarini o‘zida yaqqol ifoda etadigan bayram — Iyd al-Fitrni munosib nishonlash, jamiyatimizda insonparvarlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak fazilatlarni kamol toptirish maqsadida Ramazon hayiti 2022-yil 2–4-may kunlari mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlanmoqda.

Bu yilgi bayram, ayniqsa, o‘zgacha shukuh va fayz bilan o‘tmoqda. Buni odamlarning yuz-ko‘zlaridagi quvonch va tillaridagi shukronalik so‘zlaridan yaqqol anglash mumkin.

Yana bir muhim jihat, Ramazon hayiti munosabati bilan davlatimiz rahbari nomiga ko‘plab xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari nomidan qutlov maktublari kelishi davom etmoqda, o‘z navbatida, Prezidentimiz tomonidan ham chet el davlatlari rahbarlariga tabriknomalar yuborilmoqda. Bayram tom ma’noda o‘zaro mehr-oqibat ramzi o‘laroq xalqaro aloqalarning yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuni alohida aytish lozimki, Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Ramazon hayiti tabrigi yurtdoshlarimizning benihoya xursand qildi, barchamizga haqiqiy bayram kayfiyatini baxsh etdi.

Bayram tabrigida xalqimizning olijanob qadriyatlarini asrab-avaylash, ajdodlarimizning boy ilmiy meroslarini tiklash va faol targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish, bayram kunlarida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash, so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash bosh g‘oyasi asosida ulug‘vor tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotgani, amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqdi. Buni yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-ma’rifiy sohalaridagi tub islohotlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

So‘nggi besh yilda mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

E’tiborlisi, mamlakatimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ishlarni har jabhada ko‘rish mumkin. Xususan, turli g‘arazli kuchlar ta’sirida diniy-ekstremizm faoliyatiga adashib kirib qolgan fuqarolarning 16 mingdan ziyodi huquqni muhofaza qilish organlari “qora ro‘yxat”idan chiqarilgani yoki “Mehr” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 500 nafardan ortiq ayollar va bolalar O‘zbekistonga olib kelingani, ular yangilanayotgan, inson erki va huquqlari qadrlanadigan yurtimizda o‘zlarining yangi hayotini boshlagani buning yaqqol misolidir.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining Ramazon hayiti arafasida adashib jinoyatga qo‘l urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaroni  afv etish bo‘yicha Farmonni imzolagani xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Vijdon va din erkinligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi olib borayotgan siyosatning ustuvor vazifalaridan sanaladi. Shu bois so‘nggi yillarda respublikamizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar olib borilmoqda. Bu borada vijdon erkinligining huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonunchilikni inson huquqlariga oid xalqaro andozalar asosida takomillashtirish ham respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng dolzarb vazifalaridan deb qaralmoqda.

Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda 2021-yil 5-iyulda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi Qonun qabul qilingani jamiyatdagi juda ko‘p masalalarni yechdi. Mazkur hujjat o‘zining xalqchilligi va jamiyatdagi barcha masalaga eng haqqoniy va odolatli javob berishi bilan ahamiyatlidir.

Yangi tahrirdagi ushbu qonun AQSH, Yevropa Ittifoqi va jahonning ilg‘or davlatlarining inson huquqlari bo‘yicha markazlari hamda xalqaro tashkilotlar mutaxassislarining taklif va tavsiyalarini o‘rgangan holda ishlab chiqildi. Yangi qonunning oldingi qonundan asosiy farqli jihatlari shundaki, bu hujjatda fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlari kuchaytirildi, har bir inson haq-huquqini ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etildi, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosati takomillashtirildi.

Yana bir asosiy jihat, diniy ta’lim tizimidagi yangiliklar alohida muhim o‘rin tutadi. Islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, uchta yirik oliy diniy ta’lim va 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurtlari faoliyat yuritmoqda.

Shu qatorda Qashqadaryo viloyatida kalom ilmining atoqli namoyandasi Abu Muin Nasafiy, Namangan viloyatida tasavvuf ta’limotining yirik vakili Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida Suzuk ota yodgorlik majmualari bunyod etilgani, ko‘plab masjid, madrasa va diniy obidalar qayta qurilayotgani yoki ta’mirlanayotgani, ayniqsa, Imom Buxoriy hazratlarining Samarqand viloyatidagi yodgorlik majmuasini mutlaqo yangi, zamonaviy holda barpo etish ishlari shiddat bilan davom etayotgani quvonarli hol, albatta.

Qolaversa, o‘zining mahobati va Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan yurtimizda ilmiy salohiyati tufayli ma’rifat maskaniga aylanishi kutilayotgan, Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xususida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Zotan, xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutadigan mazkur ilm-ma’rifat markazi hozirdanoq o‘z mahobati, amalga oshirayotgan ma’naviy, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan butun dunyo havasini keltirmoqda.

Yana bir e’tiborli jihat, davlatimiz rahbarining qat’iyati va tashabbusi bilan Haj va Umra ziyorati qayta tiklandi. Pandemiya tufayli ushbu muqaddas diniy amallarni bajarish imkoniyati cheklangan edi. Biroq yurtimizda pandemik vaziyatni bartaraf etishdagi sa’y-harakatlar natijasida aholi dinimizning muqaddas amallarini bajarish imkoniga ega bo‘ldi. Misol uchun pandemiyadan keyin, o‘tgan qisqa davr ichida, 35 mingga yaqin yurtdoshlarimiz muborak Umra ziyoratini ado etish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Albatta, mazkur keng ko‘lamli islohotlar, yengilliklar, qulayliklar zamirida ko‘p millatli xalqimiz hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari ro‘yobi mujassamdir.

Kezi kelganda shuni ta’kidlash lozimki, bugungi shiddatli zamon mafkurasi, ayniqsa, dunyo miqyosida tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgan raqobat, barqarorlikka nisbatan tahdidlar, farzandlar tarbiyasidagi doimiy hushyorlik va ogohlik masalalariga har qachongidan ham jiddiy ahamiyat berishni taqozo etmoqda. Albatta, bu jarayonda yurtimizda yashayotgan har bir inson chuqur xulosa chiqarishi, doimo ogoh va sergak bo‘lishi, farzandlar tarbiyasi masalasida yanada e’tiborli bo‘lishi lozim.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda keng ko‘lamli islohot va tub o‘zgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, ko‘lami va miqyosi tobora kengayib borayotgan bunday amaliy ishlar yangi O‘zbekistonni barpo etish, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishdek ezgu maqsadlarimizga uyg‘un va hamohang bo‘lib, barcha yurtdoshlarimizni ana shu g‘oyalar atrofida yanada birlashtirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Mehr-oqibatli, saxovatli xalqimizga, tinch-osoyishta yurtimizga mana shunday bayramlar yarashadi. Binobarin, buning shukronasini qilish, yangi bunyodkorlik ishlarida birdam bo‘lish, buyuk kelajak sari shahdam qadamlar tashlash, yangi O‘zbekistonni barpo etishda bir yoqadan bosh chiqarib, davlatimiz rahbari atrofida birlashish — bizni maqsad sari olib boruvchi yagona yo‘ldir.

Sodiq Toshboyev,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi.

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2022-yil 2-may, 91-son.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish