Avlodlarimiz bizdan minnatdor bo‘lsin!
Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda yashil bog‘lar va yashil jamoat parklari barpo etilmoqda. Tabiiy muvozanatni yaxshilashga qaratilgan bunday xayrli ishlar “Yashil makon”, “Yashil yillik” kabi umummilliy ekologik loyihalarga hamohangdir.
Bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar jarayonida yashil maydonlarni, bog‘-rog‘larni kengaytirish barobarida ko‘chatxonalarni ko‘paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos yangi o‘simlik navlarini mahalliylashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, daraxtlarga shikast yetkazish va nobud qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida qonunchilikda yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Bunday huquqbuzarlik to‘g‘risida Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya va atrofmuhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga xabar bergan shaxslar moddiy rag‘batlantiriladi. Bu bejiz emas. Zero, bitta daraxtni voyaga yetkazish uchun yillab mehnat qilish talab etiladi. Uni bir daqiqada nobud qilish esa nafaqat tabiiy muvozanatga, insoniyat kelajagiga ham tahdid tug‘diradi.
Shu bois, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni saqlash, daraxtlar kesilishining oldini olishga e’tibor tobora kuchaymoqda. Bugun biror joyda daraxt kesilgudek bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari darhol bong urmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlar samarasida qurilish tadbirlarida nabotot va hayvonot olamiga e’tiborli bo‘lish, daraxtlarni o‘sayotgan joyi bo‘yicha hisobga olish, ularga tegishli hamma ma’lumotlarni to‘plash, elektron bazasini tuzib, reestrini yuritish choralari belgilandi. Endi shu asosda parvarish va sug‘orish uchun mas’ullar tayinlanadi. Zero, yashil boyligimiz uzoq umr va farovonlik omilidir. Shu bois, hadisi sharifda “Ertaga qiyomat bo‘ladi, deyishsa ham ko‘chat o‘tqazing”, deyiladi.
Ko‘plab davlatlarda hayvonot va nabotot dunyosiga ziyon yetkazmaslik nuqtai nazaridan har qanday qurilishdan oldin ekologik loyiha tuziladi. Chunki ekilgan ko‘chat o‘sib-unishi uchun ancha vaqt kerak. Bu muddat davomida ularni parvarishlash, sug‘orish zarur. Ayni paytda amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida bu boradagi ishlarning ham aniq mexanizmlari ishlab chiqilgani ayni muddaodir.
Bugungi ekilgan nihollar ertaga so‘lim bog‘larga aylanadi. Bu yashillik, avvalo, toza havo manbai. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, bir daraxt turining yo‘qolishi hayvonot olamining 30 turi yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladi. Daraxt yerni eroziyadan saqlaydi, tuproqni yaxshilaydi. Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganda ortiqcha suvni o‘ziga oladi, ildizi yer osti suvlarini filtrlab, sifatini yaxshilaydi.
Yashil hududlar shamol yo‘lini to‘sib, xavfli quyunlar paydo bo‘lishining oldini oladi. Orolbo‘yida issiqqa va suvsizlikka chidamli saksovul ekilishi tabiatning ana shunday yashil qalqoni bo‘lmoqda. Shuningdek, sershovqin shaharlarda daraxtlar odamlarni ortiqcha tushkunlikdan asraydi. Ayni paytda shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, insonga estetik zavq bag‘ishlaydi.
Qadimgi rivoyat bor: bir kishi novvoy dan har kuni oltita non oladi. Kunlardan bir kun novvoy nega aynan oltita olishini so‘raydi. U bunday javob beradi: “O‘zim bilan ayolim ikkita yeymiz, ikkitasini qarzimni uzish uchun beraman, ikkitasini qarzga beraman”. Ya’ni ikkitasini otaonasiga berib, farzandlik burchini bajaradi, ikkitasini farzandlariga go‘yo ramziy qarz sifatida beradi.
Bu o‘gitni keltirishimizdan maqsad shuki, bizga ota-bobolarimizdan ana shunday ulkan tabiiy va ma’naviy meros qolgan. Birinchisi, asrlar osha yashnab turgan tabiat obidalari, bog‘-rog‘lar bo‘lsa, ikkinchisi, tabiatni asrash, tabiiy boyliklarni muhofazalash borasidagi milliy qadriyatlarimizdir. Biz bugun ota-bobolarimiz ekkan daraxtlar soya-salqinida rohatlanib, mevasidan bahra olamiz.
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish qadriyati insonlar orasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlab, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, yaratuvchilik muhitini ta’minlab kelmoqda. Shu bois, bu urf-odatlarni farzandlarimiz, nabiralarimiz ongiga singdirishga intilamiz. Zero, biz bugun ajdodlarimizdan minnatdormiz bo‘layotganimiz kabi avlodlarimiz ham bizdan minnatdor bo‘lsin.
Shu ma’noda, “Yashil makon” va “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari ana shunday ezgu maqsad yo‘lida xalqimizni jipslashtirayotgani quvonarlidir. Bu tadbirda yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari bahamjihat ishtirok etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimizdagi 16 konfessiya vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Yashil yillik”da faol bo‘lishga undovchi bayonot qabul qilingan edi.
Buning amaliy ifodasi o‘laroq, barcha diniy konfessiyalar vakillari “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga ko‘chat o‘tqazib, bu yerda “Bag‘rikenglik bog‘i”ga asos soldi. Bunda juda katta ramziy ma’no bor, albatta. Vatanimiz bir, taqdirimiz mushtarak bo‘lganidan keyin xayrli ishlarda ham shunday birdamlik va mushtaraklikni namoyish etishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Bu yerga kelgan kishida milliy va diniy mansublik emas, yagona Vatan ravnaqi yo‘lidagi umumiy sadoqat va jonbozlik hislari ko‘proq jo‘sh uradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi ham bu ezgu jarayonda faol ishtirok etib, Samarqand viloyatidagi aksiyalarda faollik ko‘rsatmoqda.
Yerga ko‘chat qadar ekanmiz, o‘zgacha bir mamnuniyat va surur tuydik. Vatanning yaxshi tashvishlari bizning ham yaxshi tashvishlarimiz ekanini bir-birimizning baxtiyor qiyofamizda ko‘rdik. Butun yurt bo‘ylab ekilayotgan ko‘chatlar rohatbaxsh va barakali daraxtlarga aylansin, deb niyat qildik. Ko‘pchilikning duosi ijobat bo‘ladi, inshaalloh.
Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 27-aprel, 83-son
Izoh qoldirish