Mehr-shafqat va ibodat fursati
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan masjidlarda Allohning kalomi – xatmi Qur’on tilovatlari yangramoqda. Yer yuzidagi barcha musulmonlar mehr-shafqat, fayz-baraka, rushd-hidoyat kunlari bo‘lgan Ramazoni sharifni xursandlik va cheksiz shukronalar bilan o‘tkazmoqdalar.
Ramazon poklanish, mehr-shafqat, ibodat va Qur’on oyidir. Alloh taolo bu oyning ulug‘ligini bunday bayon etgan: “Ramazon shunday ulug‘ oyki, unda insonlarni hidoyatga boshlaguvchi, halol bilan haromni ajratib beruvchi Qur’on nozil qilingan” (“Baqara” surasi, 185-oyat). Masjidlarda Ramazon kechalari tarovih namozlarida Qur’on o‘qilishi bejiz emas. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Ramazon shunday oyki, uning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zax o‘tidan xalos qiladigan kunlardir”, deb marhamat qilganlar.
Ro‘za islomdagi besh ustundan biridir. Bu xususda “Baqara” surasining 183-oyatida: “Ey iymon keltirgan bandalar, Sizlardan avvalgi qavmlarga farz qilinganidek, Sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad taqvodor bo‘lsangiz”, deyiladi. Avvalo, ro‘za tutish orqali Alloh taolo ibodatga buyuradi. Ushbu ibodat tufayli inson jismonan, qalban va ruhan poklanib, taqvodor bo‘ladi. Taqvo biror narsadan tiyilish, saqlanish degani, ya’ni “parhez” so‘ziga to‘g‘ri keladi. Bunda inson o‘z nafsini yeyish, ichishdan, jinsiy aloqadan, tilini turli bema’ni, haqoratli gap-so‘zdan tiyadi. Umuman, kishi ko‘z, quloq va boshqa a’zolarini isloh etib, sabr-qanoatga o‘rgatadi.
Shuningdek, ro‘zador kishi birovning dilini og‘ritish va haqiga xiyonat qilish kabi illatlardan saqlanishi lozim. Bu haqda payg‘ambarimizning “Agar yomon gap-so‘z, gina-adovatlardan saqlanmasangiz, kun bo‘yi och yurishingizga Alloh muhtoj emas” hadisi mavjud. Demak, tilni turli fisq-fujur gap-so‘zlardan pok saqlash Ramazoni sharif odoblaridan sanaladi.
Ro‘za tutish inson va jamiyat uchun foydali ekani to‘g‘risida Imom Gʻazzoliy bunday deganlar: “Ro‘za tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun da’vatdir. Ro‘za inson uchun gunohlardan tiyilish, jamiyat uchun jinoyatlardan saqlanishdir. Och badanda qalb bir me’yorda ishlaydi, aql tiniqlashadi, ko‘z ravshan tortadi. To‘qlik dangasalik tug‘diradi, qalb qo‘rini o‘chiradi, zehnni o‘tmaslashtiradi. Kam uyqu va kam taom bilan qalblaringizga hayot baxsh eting. Qalblaringizni ochlik bilan poklanglar. Shunda qalblaringiz musaffo bo‘ladi va tetiklashadi”.
Islomning ahkomlari va boshqa ibodatlari singari ro‘za jamiyat va inson hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir. Negaki, ro‘za tutish orqali inson o‘z irodasini mustahkamlaydi. O‘zgalarga nisbatan mehr-shafqatli va xushmuomala bo‘ladi. Ramazon oyida kishilar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanadi, har qanday gina-kuduratlar, araz-nifoq unutiladi. Rasululloh (s.a.v.) bashorat qilganlaridek, Ramazon oyida ixlos, e’tiqod va Allohning rahmatidan umidvor bo‘lgan ro‘zador kimsaning barcha o‘tmish gunohlari mag‘firat qilinadi. Shunday ekan, taqvo va poklanish oyini g‘animat bilib, ezgulik, yaxshilikka undovchi xayrli, savobli amallarni ko‘paytiraylik.
Umuman olganda, Ramazon oyining har bir kuni Alloh tarafidan biz uchun berilgan ulug‘ ne’mat va imtihondir. Shuning uchun ushbu muborak oyda savobli amallarga harakat qilishimiz onadan yangi tug‘ilgandek pokiza chiqishimizga sabab bo‘ladi.
Ramazon kechalarida qilingan duolarning, ibodatlarning sharofat-u barakotidan Alloh taolo butun dunyoda, xususan, mamlakatimizda tinchlik-xotirjamlik, farovonlikni yanada bardavom aylasin.
Ne’matullo MUHAMEDOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kafedra mudiri,
tarix fanlari doktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 22-aprel, 80-son
Izoh qoldirish