Navoiy tabiatga xiyonatni nimaga qiyoslagan edi?
“Yashil makon” umummilliy loyihasi
Yurtimizdagi ulkan tarixiy islohotlar xalqimiz farovonligini oshirish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022-yil – “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilinishi ushbu bunyodkorlik, obodlik va xalq farovonligi yo‘lidagi islohotlarga yanada chuqur mazmun kasb etdi.
“Inson qadri” va “faol mahalla” tushunchalari bir-biriga juda hamohang. Inson qadri qayerda yuksak bo‘ladi? Albatta, obod va farovon mahallada. Donishmand ota-bobolarimiz bejiz “Obod mahalla – obod yurt” iborasini ishlatmagan. Qachonki, mahallalarimiz ko‘rkam va orasta, ko‘chalarimiz yashil makonga aylanib, fuqarolarimiz tinch, farovon ekan, yurtimiz obod bo‘ladi va inson qadri ham yuksaladi.
Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilyapti. Joriy yil bahor mavsumida umummilliy loyiha doirasida 125 million tup daraxt ko‘chatini ekish rejalashtirilgan. Aholiga kamida 10 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati bepul tarqatilishi ham nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur loyihaning ahamiyati haqida to‘xtalib: “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chati ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada ko‘rinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak”, degan edi.
Joriy yil 2-fevralda Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mazkur loyiha doirasida 1-martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilindi. Unga muvofiq, har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish, xalqaro va respublika ahamiyatiga ega yo‘llar chetida 1,5 million tup daraxtdan iborat ihota daraxtzorlar barpo etish vazifasi belgilab berildi. Mutasaddi idoralarga barcha tuman va shaharlarni qamrab oladigan “mobil ekopatrullar” faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Uyimiz, ariqlar, ko‘chalar, qabristonlarni, ularning atrofini hashar yo‘li bilan tozalash qadimdan xalqimizda urf bo‘lgan. Mana, necha asrlarki, bu urf-odat xalqimiz qadriyatlarida o‘z ifodasini topmoqda.
Ammo so‘nggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashgandek go‘yo. Shu bois, davlatimiz rahbari bu masalaga mahalla faollari, nuroniylar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikni e’tibor qaratishga chaqirib, barchaning zimmasidagi muhim vazifani quyidagicha bayon etdi: “Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimiz”.
Muqaddas islom dinimiz ko‘kalamzorlashtirish ishlarini keng targ‘ib qiladi. Bunga Payg‘ambarimizning hatto urush paytida ham daraxtni sababsiz kesmaslikni, o‘rmonni yoqmaslikni buyurganlari atrof-muhit muhofazasiga e’tiborning yuksak ko‘rinishidir.
Anas ibn Molik Payg‘ambarimizdan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Agar bir musulmon banda ko‘chat o‘tqazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yo hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilgan savobi) bo‘ladi”.
Daraxt ekish insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so‘ng ham manfaat yetkazib turadi, qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foydasiga xizmat qiladi. Boshqa bir rivoyatda: “Agar musulmon banda biror ko‘chat ekadigan bo‘lsa, undan inson, hayvon yoki qush yesa, bu o‘sha bandaga qiyomat kunigacha sadaqai joriya bo‘ladi”, deyilgan.
Bundan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ummatlarini ko‘chat o‘tqazish va ekin ekishga targ‘ib qilganlari ma’lum bo‘ladi. Hatto Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) “Agar qiyomat qoim bo‘lib qolsa-yu va shu vaqtda birortangizning qo‘lida xurmo ko‘chati bo‘lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin dedilar”, deyiladi.
Qur’oni karimdagi 750 ga yaqin oyat tabiat hodisalari haqida mulohaza yuritishga va butun yaratilgan mavjudotlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganishga undaydi.
Ulug‘ allomalar asarlarida ham atrof-muhitga oid qator masalalar bayon etilgan. Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida atrof-muhitning inson salomatligi va ruhiyatiga ta’sirini ochib bergan. Amir Temur bo‘z yerlarni o‘zlashtirgan kishilar yoki bog‘ tashkil etganlarni rag‘batlantirgan. Alisher Navoiy esa tabiatga xiyonatni do‘stga xiyonatga qiyos qilgan.
Har birimiz o‘zimiz yashab turgan shahar-u qishlog‘imizni, mahallamizni obod qilib, joriy yilning 1-martidan boshlangan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol bo‘lib, masjidlarimiz atrofiga, mahallalarimizga, ko‘chalarimizga bir tupdan ko‘chat o‘tqazsak, butun mamlakatimiz obod bo‘lib, bog‘-u bo‘stonga aylanadi.
Shoazim MINOVAROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 5-aprel, 67-son
Izoh qoldirish