Moturidiylik ta’limoti istiqboli va uni targ‘ib etish ishlari yuzasidan majlis tashkil etildi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’atining navbatdagi onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli tadbirni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, doktor Jamolitdin Karimov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, Xalqaro ilmiy hay’atning barcha a’zolari bilan ko‘rishib turganidan minnatdor ekanini ta’kidladi. Hay’at majlisi ishiga rivoj tilab, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga muvaffaqiyat bildirdi.
Majlisda Xalqaro ilmiy hay’atga yangi rais tayinlash, 2021-yilda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar, 2022-yil 26-may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumga tayyorgarlik ko‘rish, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlarni saralash, o‘zaro hamkorlikda ilmiy seminar va o‘quv kurslarini tashkil etish, xodimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, musulmon mamlakatlari universitetlarida Imom Moturidiy nomida kafedralar ochish kabi muhim va dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Majlisda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hazratlari hay’at a’zolari tomonidan bir ovozdan Xalqaro ilmiy hay’atning yangi raisi etib saylandi. Muftiy hazratlari ushbu mas’uliyatli vazifani qabul qilib olar ekan, Xalqaro ilmiy hay’at a’zolari bo‘lgan yetuk olim va mutaxassislar bilan bitta maqsad yo‘lida faoliyat olib borish o‘zi uchun yuksak sharaf ekani, Hay’at Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga qat’iy ishonishini ta’kidlab o‘tdi.
Xalqaro ilmiy hay’at a’zolari tarkibida Malayziya Islom fanlari universiteti professori Kamoluddin Marjuniy, Turkiyadagi Ibn Xaldun universiteti professori Hamza Bakriy, Bosniya sobiq muftiysi Mustafo Cherich, afg‘onistonlik islomshunos olim Abubakr Muttaqiy, Marmara universiteti professori Hulya Alper, misrlik ilohiyotshunos olim Ahmad Damanhuriy, IRCICA tashkiloti bo‘lim boshlig‘i professor Ashirbek Mo‘minov, al-Azhar Majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Muhammad Nazir Ayyad, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi Ramil Adigamov, O‘sh davlat universiteti doktori Zaylobidin Ajimamatov, o‘zbekistonlik islomshunos mutaxassislar doktor Davronbek Maxsudov, doktor Saidmuxtor Oqilov, doktor Xabibullo Sagdiyev, doktor Jamolitdin Karimov, doktor Abdullatif Alloqulovlar qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, majlisda so‘zga chiqqan al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Muhammad Nazir Ayyad bugungi kunda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va targ‘ib qilish yuzasidan hamkorlik qilish, jumladan, anjumanlar, ilmiy seminarlar, davra suhbatlari, o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, musulmon mamlakatlari universitetlarida Imom Moturidiy nomi bilan atalgan kafedralarni tashkil etish zarurati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Majlisning kun tartibiga kiritilgan masalalar bilan yaqindan tanishib chiqdim. O‘ylaymanki, ushbu masalalar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining kelgusidagi istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Ushbu markaz butun dunyoga moturidiylik ta’limotini keng targ‘ib qiluvchi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biriga aylanishiga ishonchim komil, – deydi Malayziya Islom ilmlari universiteti professori Kamoluddin Nurdin Marjuniy.
O‘z navbatida, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiylik ta’limoti tadqiqotlari bo‘limi boshlig‘i Abdullatif Alloqulovning ta’kidlashicha, Markaz tomonidan eng salmoqli ish sifatida Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning “Ta’vilotu ahli as-sunna” (“Sunnat ahlining izohlari”) asarining tarjimasi ustida ish olib borilganini ko‘rsatish mumkin.
Majlisda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar Xalqaro ilmiy hay’at a’zolari tomonidan tahsinga sazovor deb e’tirof etildi va yuksak baholandi. Shuningdek, ushbu ishlarni yanada jadallashtirish hamda yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi. Xalqaro hay’at a’zolari tomonidan kelgusida o‘zaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, hay’at yig‘ilishini doimiy tarzda o‘tkazib borish zarurati alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish