487

Har kuningiz bo‘lsin Navro‘z!

Qadim tarixga ega Sharqona yangi yil – Navro‘zi olam yangilanish va yasharish fasli bahor tarovatini qalblarga ulashib, barchada yangi va farovon kunlarga umid hamda ishonch uyg‘otishi bilan hamisha qadrli sanaladi. 

Mazkur bahor ayyomi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tan olingan. 2009-yil 30-sentabrda UNESCO tomonidan Navro‘z bayrami insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010-yil 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi 64-sessiyasida 21-martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Navro‘z bayrami xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu tariqa Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining ajralmas qismiga aylandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jamiyat hayoti, insonlar qalbi va ongida ham yangilanish va taraqqiyotga daxldorlik hissini uyg‘otmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning 17-fevralida “2022-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Kuni kecha esa yurtimizda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostida bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi. 

Ayyom shukuhi davom etib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Har kuningiz bo‘lsin Navro‘z!” shiori ostida boqiy an’ana – Navro‘z bayram sayli sifatida keng nishonlandi. 

Yurtimiz ko‘p millatli, turli dinlar vakillari yashaydigan bag‘rikeng diyor sanaladi. Ezgulik va bunyodkorlik qadriyatlarini targ‘ib etuvchi Navro‘z bayrami yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillarining ham e’tiborida bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan Navro‘z bayrami tantanalariga tashrif buyurgan mehmonlarga Navro‘z bayramining tarixi, uning boy ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak, bayramona muhit, “Sumalak party” mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Shodiyonada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, yurtimizdagi diniy konfessiya vakillari, xususan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy Morar, Rim katolik cherkovi rahbari, yepiskop Yeji Masulevich, Milliy madaniy markaz vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar, Akademik litsey, “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘qituvchi-o‘quvchilari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Malaka oshirish markazi xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Bayram saylini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik nutqi bilan ochib berdi. Akademiya rektori barchani yana bir bor uyg‘onish va yangilanish ayyomi Navro‘z bilan tabriklab, bu bayram qut-baraka elchisi ekanligi, o‘zining barhayotligi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

Marosim davomida yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarni aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, she’riy-musiqiy chiqishlar namoyish etildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti hamda “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida sport o‘yinlari (mini futbol, arqon tortish, tosh ko‘tarish) tashkil etildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi esa 3-o‘rinni, Toshkent islom instituti esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari esa sport o‘yinlarining mutlaq g‘olibi deb e’tirof etildi.

Bahoriy taomlar tanlovi, sumalak sayli, mazali osh tayyorlash musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, samarali ish faoliyati va mehnati bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan Akademiyaning bir guruh o‘qituvchi-xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.

Tadbir davomida milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. 

Akademiya talabalari tomonidan Navro‘z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o‘ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko‘rinishlari, respublika Milliy-madaniy markazlari ansambllarining badiiy chiqishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi. O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, xalqimizning suyukli san’atkorlari Abdulla Qurbonov, Gulasal Abdullayeva ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish