762

Islom xalqaro huquqi: shakllanishi, rivojlanishi va o‘ziga xos xususiyatlari

JURNALLARNI VARAQLAGANDA…

XX asrning ikkinchi yarmi xalqaro huquqning rivojlanishida yangi sifat bosqichini boshlab berdi. Bu xalqaro-institutsional tizimning takomillashuvida, norma ijodkorlik jarayonidagi tub o‘zgarishlarda, xalqaro huquq manbalari tizimining kengayishida, xalqaro huquq subyektlari sonining oshishida yaqqol aks etdi. Fan-texnika sohasidagi misli ko‘rilmagan yutuqlar, uchuvchi va suzuvchi qurilmalarning yangi avlodi, yirik inshootlar va qudratli intellektual salohiyatga ega mikrosxemalarning paydo bo‘lishi xalqaro-huquqiy munosabatlar tizimini murakkablashtirdi. Xalqaro huquqning yangi obyektlari vujudga keldi. 

Asrimiz boshidagi globallashuvning yangi to‘lqini barcha sohalarda bo‘lgani kabi xalqaro huquq istiqboliga ta’sir etuvchi omillar qamrovini kengaytirdi. Xalqaro huquqning universallashuvi, ya’ni umumbashariy ko‘lam kasb etish jarayoni yanada kuchaydi. Endilikda xalqaro huquq normalari oddiy individlarning huquqlarini himoya qilish barobarida ularning kundalik hayotiga tobora chuqurroq ta’sir ko‘satmoqda. Individ xalqaro huquq subyektiga aylandi, deyish uchun barcha asoslar yetilib kelmoqda. 

Islomning gumanistik g‘oyalari islom xalqaro huquqi – siyarga singdirilgan. “Siyar” tushunchasi islom millatining boshqa xalqlar bilan xalqaro aloqalariga oid qoida va usullarining umumiy majmuidir yoki musulmonlarning xoh davlatlar, xoh individlar miqyosida bo‘lsin, boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar bilan aloqalarida rioya etilishi lozim bo‘lgan qoidalarni belgilab beruvchi islom huquqining alohida sohasidir. 

Shu o‘rinda, eslatib o‘tish joizki, islom xalqaro huquqini uch xil ma’noda tushunish lozim. 

Birinchidan, islom xalqaro huquqi  bu – XX asrga kelib to‘liq shakllangan va bugungi kunda samarali amal qilib kelayotgan universal xalqaro huquqdan bir necha yuz yilliklar oldin, VIII-X asrlarda paydo bo‘lib, qariyb ming yil davomida musulmon davlatlarining o‘zaro va ularning boshqa madaniyatga mansub davlatlar va xalqlar bilan aloqalarini tartibga solib kelgan huquqiy tizimdir. Universal xalqaro huquqning shakllanishi natijasida u global ahamiyatini yo‘qotdi va bugungi kunda ayrim islom davlatlari orasida muayyan sohalardagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi mintaqaosti huquqiy tizimga aylandi. Biroq uning asosiy tamoyillari va qoidalari universal xalqaro huquqqa singdirilgan hamda ular xalqaro-huquqiy munosabatlarni tartibga solishda hanuz foydalanib kelinmoqda. Bu musulmon davlatlari bilan tuziladigan xalqaro shartnomalarda, odat huquqida, xalqaro sud amaliyotida va boshqa shakllarda ko‘zga tashlanib turadi. 

Ikinchidan, islom xalqaro huquqi – xalqaro-huquqiy amaliyot tajribasi va islom xalqaro-huquqiy doktrinasi asosida shakllangan ta’limotdir. Mazkur ta’limot islom xalqaro huquqining asosiy mazmun-mohiyati, tamoyillari, rivojlanish qonuniyatlari va istiqbolini belgilovchi qarashlarni o‘zida aks ettiradi. Bu ta’limotning shakllanishida Markaziy Osiyolik mutafakkirlarning hissasi ulkan bo‘lgan. 

Uchinchidan, islom xalqaro huquqi islom huquqining alohida tarmog‘i sifatida mustaqil fandir. Bu fan hozirgi kunga qadar musulmon davlatlarining nufuzli universitetlari qoshidagi huquq fakultetlarida o‘qitib kelinmoqda. 

Ma’lumki, o‘rta asrlar sharoitida ilm-fan, madaniyat, san’at, yoinki ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotning barcha jabhalari diniy-mafkuraviy qobiqda rivoj topgan. Islom xalqaro huquq ta’limoti ham islom va uning huquqiy ustqurmasi bo‘lmish islom huquqi bilan bir o‘zanda rivojlangan. Xalqaro huquqqa islom huquqi va shariat normalarining ichki huquqiy makondan yanada kengroq maydonda va ko‘lamda tatbiq etilishi sifatida qaralgan. Shariat normalarining islom huquqining ichki makonidan tashqaridagi yangi maydon (xalqaro huquq)ga ko‘chishi “tavassu’”, ya’ni “yoyilish” texnikasi orqali amalga oshirilgan va tushuntirilgan. Ayni paytda, diniy mafkura faqat islomdagina mavjud bo‘lgan omil emas. Butun o‘rta asrlar tadriji davomida nasroniy diniy mafkurasi ham Yevropa davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va ilmiy hayotida yetakchi rol o‘ynagan. Buyuk Britaniyaning mashhur Oksford va Kembridj universitetlari diniy ibodatxonalar qoshida va ularning homiyligida tashkil etilganligi hamda taraqqiy etgani sir emas. 

Islom xalqaro huquqining o‘ziga xos xususiyati u islom diniy e’tiqodi bilan paydo bo‘lgan edi. Bu e’tiqodni yoyish va universallashtirish islomning o‘sha paytdagi asosiy maqsadi ekan, jihod urushlari yog‘dusida islom xalqaro huquqi xususida urush harakatlarini olib borish va qo‘lga kiritilgan o‘ljalarni taqsimlash qoidalarining majmuasi shaklidagi dastlabki tasavvurlar ham paydo bo‘lgan. Biroq keyinchalik urushlarning nihoyasi ko‘ringach, boshqa millatlar bilan tinchlik holatida hamjihat bo‘lib birga yashash va o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qilish zarurati oydinlashib borgan. Mazkur omil ham siyarning rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, albatta. 

Ayni paytda, islom xalqaro huquqini islom huquqidan butunlay ajratib olish mumkin emas. U islom huquqining xalqaro miqyosga yoyilgan normalari xolos, degan qarashlar ham bugungacha yashab kelmoqda. 

Islom xalqaro huquqi va ta’limotining rivojlanish tadriji islom huquqi va huquqshunosligining rivojlanish bosqichlari bilan hamohanglikda qaralishi mumkin. Islom huquqi manbalarining shakllanishi va kengayib borishi islom huquqining rivojlanib borishining belgisidir. Manbalar turkumining kengayishi va ularning mahalliy odatlar bilan uyg‘unlashuvi joylarda yuzaga chiqayotgan huquqiy muammolarga tezkor yechim topishga imkon berardi. Shu o‘rinda islom huquqining rivojlanish davrini turli mezonlar asosida turlicha davriylashtirish mumkin. Ba’zi huquqshunoslar norma ijodkorligi – ijtihod subyektlari va tabiatiga ko‘ra uni 6 ta bosqichga ajratishadi: Payg‘ambar davri (610-632-yy.), sahobalar davri (taxminan 632-700-yy.), tobiinlar davri (VIII asr), mujtahidlar davri (IX-XI asr), muxarrijlar davri (taxminan XII asr) va muqallidlar davri (XII asrdan keyingi davr). 

Hozirda ko‘pchilik huquqshunoslar tomonidan qabul qilingan mezonga ko‘ra, islom huquqi tarixi uch davrga bo‘lib o‘rganiladi: islom huquqining shakllanish davri (formative period) – hijriy 150-261 (milodiy 767-874), mumtoz davri (classical period) – hijriy 300-1213 (milodiy 912-1789-yillar) va yangi davri (modern period) – XIX asrdan, ya’ni 1800-yildan hozirgi kungacha. 

Islom huquqi va islom xalqaro huquq ta’limotida makon omilini ham e’tibordan soqit qilmaslik lozim. Aynan makon omili, ya’ni mahalliy shart-sharoitlar islom huquqida turli mazhablarning paydo bo‘lishiga turtki bergan. Hijriy III asrda (milodiy X asr boshida) sunniylik yo‘nalishdagi maktablar saralanib, ulardan faqat 4 tasi asosiy mazhab sifatida qoldi. Ko‘pincha, maktablar orasidagi farqlanish jug‘rofiy yoki makon omili bilan izohlanadi, va bu bizning nazarimizda to‘g‘ridir, chunki huquqning moddiy manbalaridagi farqlar formal manbalarning farqlanishiga ham zamin yaratadi. Xalifalik yuristdiksiyasi ostidagi mahalliy joylardagi jamoalarning yashash va tafakkur tarzi, odat huquqi va huquqni qo‘llash amaliyotidagi o‘ziga xosliklar mazhablar orasidagi faqrlanishga asos yaratdi, biroq maktablar orasida hukmlar hosil qilish sohasida umumlashgan asosiy tamoyillar va uslublarda ziddiyat sezilmagan. 

Islom xalqaro huquqi va uning ta’limoti tarixi islom davlatchilik tarixi bilan uzviylikda tavsif etiladi. Islomda ilk davlat 622-yilda Madinadagi 30 dan ortiq qabilalarning kelishuvi natijasida paydo bo‘lgan va uning asoschisi Muhammad (s.a.v) tomonidan davlat boshqaruv ishlari yuritilgan. Bundan kelib chiqadiki, birinchi musulmon davlat – bu xalqaro kelishuv natijasi edi. Keyinchalik, uning sarhadlari kengayib borishi asnosida boshqa davlatlar va o‘z hududida vaqtincha yoki doimiy istiqomat qilayotgan nomusulmon jamoalar bilan aloqalar olib borish ehtiyoji tug‘ilgan. O‘z-o‘zidan islom xalqaro huquqiga zarurat yuzaga kela boshlagan. 

Muhammad payg‘ambar (s.a.v)ning Madinadagi 10 yillik hayoti davri (622-633-yy.)da ilk islom davlatchiligi bilan birga islom xalqaro huquqi shakllana bordi. Shubhasiz, islom xalqaro huquqining paydo bo‘lishi Payg‘ambar (s.a.v.)ning Madinadagi hayoti va faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Haqiqatdan ham o‘sha paytlardayoq “xalqaro” va “huquq” tabiatiga ega xalqaro huquqqa musulmonlar tomonidan asos solingan. 

Markazlashgan xalifalik (632-750-yy.) davrida islom davlatining Arabiston yarimorolida mustahkamlanishi va qo‘shni hududlarga yoyilishi katta muvaffaqiyat bilan amalga oshirildi. Islom huquqining birlamchi manbalari shakllandi va ular, ayni paytda, islom xalqaro huquqining manbalari sifatida ham ko‘rinish berdi. 

X asrda, ya’ni Abbosiylar davrining uchinchi yuz yilligida nomarkazlashuv jarayoni va islom dunyosi ichida tarqoqlanish davri boshlandi. Shunday vaziyatda xalifalik taqdiri bilan bog‘liq ikki xil nazariya kun tartibiga chiqdi. Ulardan biri – xalifalik hokimiyatining monistik doktrinasi bo‘lib, unga ko‘ra, islom olamida yagona Alloh, bitta din, bitta shariat va unga bo‘ysinadigan bitta boshqaruv bo‘lishi kerak edi. Ikkinchi nazariyaga ko‘ra, modomiki, Allohning irodasi bilan yer usti hududlari suvliklar bilan bo‘lib tashlangan ekan, demak, hududlarni bo‘lib-bo‘lib, yagona e’tiqod va shariat ostida alohida-alohida davlat va mamlakat shaklida boshqarish mumkin, deb hisoblangan. 

Darhaqiqat, o‘sha paytda Abbosiylarning markaziy hokimiyati zaiflashib borar va kuchli mahalliy hukmdorlar paydo bo‘lgan edi. Bunday sharoitda monistik markazlashgan hokimiyat nazariyasi amalda voqealikka to‘g‘ri kelmas edi. Shu bois, uni zamon tendensiyasiga moslashtiruvchi yana bir kelishtiruvchi (kompromistik) nazariya paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, Abbosiylar mahalliy hukmdorlarga o‘z tashabbusi bilan hokimiyatni tayinlov yo‘li bilan topshirib, ularga siyosiy iroda va erkinlik berish orqali xalifalikka bog‘lab turish va, shu orqali, xalifalikning ramziy birligini saqlab qolish mumkin edi. Shofi’iy mazhabi huquqshunosi al-Mavardiy (974-1058-yy.) asarlarida (masalan, “Kitab al-Ahkam al-Sultaniya”da) shunday qarash aks ettirilgan. Amalda voqealar xuddi shu taxlit rivojlandi: Xuroson, Movarounnahr, Misr, Turkiya va boshqa hududlarda mustaqil hukmdorlar paydo bo‘ldi. 

Shunday qilib, X-XV asrlar oralig‘ida xalqaro munosabatlar tizimida bir qator yangi tendensiyalar kuzatila boshlandi. Ulardan birinchisi – islom dunyosining boshqa dindagi davlatlar va jamoalar bilan doimiy urush holatida bo‘lishi eskirgan ta’limotga aylangani his etildi. Hamkorlar va ittifoqchilar, endilikda, diniy mezonga qarab tanlanmaydigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, tashqi aloqalar diniy aqidalar sig‘imidan xalos bo‘ldi. Tashqi aloqalarda zamon va makon omillarini e’tiborga olgan holda teran pragmatik yondashuv qaror topdi. 

Musulmon davlatlar va jamoalar asta-sekin boshqa millatlar bilan tinch-totuv va bahamjihatlikda yashashga intilib bordilar, boshqa millatlar bilan tinchlik yoki hujum qilmaslik to‘g‘risidagi shartnomalar soni orta bordi va bu doimiy tusga kirdi. 

Ikkinchi muhim o‘zgarish – huquq ta’limoti va amaliyotida ro‘y berdi. Endilikda, islom huquqi yuristdiksiyasini diniy e’tiqod mansubligiga qarab emas, balki hanafiy mazhab asoschilari – Abu Hanifa va Muhammad Shayboniy aytganidek, hududiy chegaralanish tamoyiliga qarab belgilash qabul qilindi. Qayerda musulmonlar bor ekan, o‘sha yerda islom huquqi amal qilishi kerak, degan tamoyil o‘zining mazmun-mohiyatini yo‘qotdi. Jumladan, musulmon savdogarlar boshqa din vakillari istiqomat qiladigan “dar al-harb”ga borgan paytlari o‘sha hududning qonun-qoidalariga rioya etishgan, mumkin bo‘lgan holatlarda, islom huquqiga ham amal qilishgan. O‘ta muhim masalalarda, masalan, e’tiqod bilan bog‘liq munosabatlarda normalar kolliziyasi vujudga kelsagina, islomga bo‘ysinish buyurilgan. 

Uchinchi o‘zgarish geosiyosiy xilma-xillikning shakllanishi bilan hamohanglikda kechdi. Ayniqsa, so‘nggi o‘rta asrlarda, islom dunyosida parchalanish va diniy-siyosiy oqimlarga keskin bo‘linish (sunna va shia) sodir bo‘ldi. Endilikda, nafaqat islom davlatining musulmon bo‘lmagan sub’yektlarga nisbatan aloqalari, balki islom davlatlari orasidagi aloqalarni qanday boshqarish kerak, degan savollar o‘rtaga chiqdi. Diniy bo‘linishlar, ba’zan, etnik guruhlanish bilan qo‘shilib ketdi. Islom dunyosida arab, fors, turkiy bloklar paydo bo‘ldi. 

Shu va boshqa omillar natijasida islom tashqi aloqalarini dunyoviy asosga o‘tkazish jarayoni boshlandi. Diniy tamoyillar, asosan, ichki siyosatni tartibga solishga qaratildi, tashqi aloqalar tizimiga esa dunyoviy qoidalar va tamoyillar kirib keldi. 

Ayni paytda xalqaro aloqalarning asosiy sahnasi Yevropaga ko‘chdi. Jadallashgan xalqaro munosabatlar g‘arb xalqaro aloqalari tizimi va xalqaro huquq tizimining shakllanishiga kuchli turtki berdi. Xalqaro huquqning yangi dunyoviylashgan tizimi shakllana boshladi. 

II jahon urushdan keyingina mustaqil islom davlatlarining paydo bo‘lishi xalqaro islom huquqining xalqaro huquqning tizimosti yoki juda bo‘lmasa hududiy bo‘g‘iniga aylantirish kayfiyatini uyg‘otgan, biroq bu davrga kelib allaqachon butunlay universallashib ketgan g‘arb xalqaro huquqi bunga zarurat qoldirmagan. 

Albatta, xalqaro aloqalarda islom qadriyatlarini yoyish va uning negizida xalqaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan alohida harakatlar ham namoyon bo‘lgan. Masalan, XIX asrda pan-islomizm harakati paydo bo‘ldi va bu harakat alohida islom xalqaro aloqalari tizimini yaratishni ko‘zlagan edi. II Jahon urushidan keyingi davrda moʻtadillashgan yangi pan-islomizm harakati vujudga keldi. Bu harakat endilikda islom davlatlari orasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qiladi. 

Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra ilm-fanni targ‘ib qiluvchi va ulug‘lovchi dindir. Ilm tufayli kishilarning jaholatdan xalos bo‘lib, ma’rifiy jamiyat qura olishlari islomda yaqqol bayon etilgan. Islom hamma davrlarda, ayniqsa, “Islom Uyg‘onish davri”da barcha fanlarning, jumladan, islom xalqaro huquq fanining ravnaqiga zamin yaratgan va homiylik qilgan. Shu bois, boshqa fanlar kabi islom xalqaro huquq faniga ilk islom davridayoq asos solindi. Arab va ajam mamlakatlarining vakillari, jumladan, Markaziy Osiyolik huquqshunos mutafakkirlar o‘z ta’limotlari bilan uning ravojiga ulkan hissa qo‘shib bordilar. 

Jumladan, vatandoshimiz Muhammad ibn Ahmad Abi Sahl Abu Bakr Shamsul-Aimma as-Saraxsiyning xalqaro huquqqa oid qomusiy asari “Sharh al-Siyar al-Kabir” jahon xalqaro-huquqiy ta’limotining alifbosi, islom xalqaro huquq konsepsiyasining tayanch qo‘llanmasidir. Mazkur asar Muhammad Shayboniyning “Siyar al-Kabir” asariga yozilgan sharh sifatida O‘zbekistonning ko‘hna Farg‘ona tuprog‘ida yaratilgan. Imom Saraxsiy asarlarida xalqaro huquqning asosiy tushunchalari va tamoyillari, deyarli barcha sohalari va mavzulari, kategoriyalari va institutlari o‘z aksini topgan. 

Saraxsiyning islom xalqaro huquqiga qo‘shgan hissasi va betakror xizmatlari uchun ulug‘ mutafakkirga “Islom dunyosining Gugo Grotsiysi” (inglizchada “Hugo Grotius of Islam”) deb laqab berishgan. 

Ko‘rinib turganidek, islom madaniyati va ilm-fanining barcha sohalari kabi, islom xalqaro huquq ta’limotining rivojlanishida ham Markaziy Osiyolik, xususan, hozirgi O‘zbekiston hududida yashab ijod etgan ulug‘ allomalarning betakror xizmati bor. Afsuski, ularning merosi, ayniqsa, xalqaro huquq sohasida, hozirgacha to‘liq o‘rganilgan emas. 

Haydarali YUNUSOV, 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar nomzodi

Manba: “Islom tafakkuri” jurnali, 2021-yil 4-son

Ayrim qisqartirishlar bilan olindi. Maqolaning to‘liq variantini quyidagi havolada o‘qishingiz mumkin

“ISLOM TAFAKKURI” JURNALINING 2021-YIL 4-SONI BILAN TANISHING!

 

 

 

 

Izoh qoldirish