Nodir qo‘lyozmalar vaqt olovida yonmaydi
MUNOSABAT
Dunyoda shunday boyliklar borki, ularning qiymatini hech bir narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Mamlakatimizni behisob qazilma boyliklar, tabiiy zaxiralar bilan siylagan ilohiy iroda, behisob ilmiy-ma’naviy xazinani ham xalqimizga ravo ko‘rgan. Ushbu xazinani birinchi va ikkinchi Uyg‘onish davrlarida yashab, ijod qilgan buyuk alloma ajdodlarimizdan qolgan qadimiy, ilm-fanning turli yo‘nalishlarida bitilgan nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar tashkil etadi.
Qo‘lyozmalar haqida gap borar ekan, bu borada ham O‘zbekiston dunyoning eng boy mamlakatlari qatoriga kiradi, deb baralla aytishga haqlimiz. Ayni kunlarda yurtimizning 80 dan ortiq ilmiy muassasasida 45 mingga yaqin qo‘lyozma va 70 mingdan ziyod toshbosma asarlar saqlanmoqda. Ushbu bebaho asarlar o‘z sahifalarida tariximiz, urf-odatlarimiz, aniq fanlar va tabarruk dinimizga oid biz bilmagan, eshitmagan, dolzarb va qiziqarli ma’lumotlarni saqlab kelmoqda.
Mustaqillik yillarida ushbu ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganishga ma’lum darajada e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, xalqimizni undan bahramand qilish, manbalarni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, restavratsiya qilish va raqamlashtirish masalalari bilan jiddiy va maqsadli shug‘ullanilmadi. Kataloglashtirish ishlari ham har bir muassasa tomonidan mustaqil olib borildi. Natijada masalaning ilmiy-ma’rifiy tomoni oqsadi, ikkinchi tomondan, jiddiy yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yildi. Prezidentimizning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu borada uzoq yillar to‘planib qolgan ko‘plab muammolarning yechimi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qarorga muvofiq, endilikda jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan qadimiy yozma manbalar Davlat reestri tashkil etilib, davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi davlat reestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi etib belgilandi, davlat reestrini yuritish uchun mas’ul bo‘lgan 10 ta ilmiy xodimdan iborat maxsus bo‘lim tashkil etilmoqda.
Aytib o‘tganimizdek, Davlat reestri butun respublika hududida amalda bo‘ladi. Reestr xalqimizning bebaho mulki bo‘lgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma asarlar, shuningdek, tarixiy hujjatlar hisobini yuritadi, ya’ni ularning yo‘qolishi, mamlakatdan olib chiqib ketilishining oldini oladi.
Ayni paytda yozma manbalar va hujjatlarni raqamlashtirib, asl nusxalari bilan birga kelajak avlodga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ladi. Raqamlashtirilgan nusxalar esa tadqiqotchilar va tarjimonlarning ixtiyoriga beriladi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida nodir tarixiy qo‘lyozma va toshbosma asarlar hamda arxiv hujjatlarini konservatsiya-restavratsiya qilish jarayoniga alohida e’tibor qaratilgan. Yozma manbalarni talab darajasida saqlash, ehtiyoj tug‘ilgan holatda ularni turli ziyon yetishidan asrash, restavratsiya ishlarini amalga oshirish maqsadida zamonaviy texnologiya vositalari hamda zarur reaktivlar bilan ta’minlangan zamonaviy laboratoriya tashkil qilinadi.
Soha uchun mutaxassislar tayyorlash masalasi ham Prezident qarorida o‘z aksini topgan. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” yo‘nalishida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish belgilab berilgan.
Shuningdek, ushbu yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratib borilishi ko‘zda tutilgan.
Qarorda hozirgi kunda ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning xorijda amaliyot va stajirovka o‘tishi borasida ham vazifalar belgilangan. Jumladan, 2022-yildan boshlab qo‘lyozmalarni saqlash va tadqiq etish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy xodim va restavratorlarning har yili xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish Markaz, Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Prezidentimizning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyati juda katta. Birinchi o‘rinda, qaror va unda nazarda tutilgan Davlat reestri milliy miqyosda Farg‘oniy, Xorazmiy, Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek, Navoiy, Behzod kabi buyuk daho ajdodlarimizdan qolgan ilmiy-ma’naviy meros hisobini yuritish, uni kelajak avlodlarga bezavol, benuqson yetkazishga imkon yaratadi. Qolaversa, raqamlashtirish orqali ilmiy-tadqiqotlar, tarjima jarayonlari vositasida xalqimizni ushbu bebaho xazinadan bahramand qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Keyingi yillarda xalqimiz tomonidan e’tirof etilayotgandek “Qilsa bo‘lar ekan-ku” xitobi bu yerda ham o‘rinli, dolzarb ekanini alohida ta’kidlagan holda, Islom sivilizatsiyasi markazi mazkur qaror bilan “Qadimiy yozma manbalar Davlat reestri”ni tuzish va yuritishdek vazifaga mas’ul davlat muassasasi etib belgilanganini jamoamiz katta sharaf, ishonch va mas’uliyat sifatida qabul qilganini ta’kidlamoqchiman.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Sharqshunoslik instituti kabi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qarorda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga bor ilmiy salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Shoazim MINOVAROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 16-fevral, 34-son
Izoh qoldirish