493

Qadimgi xat turlariga oid nodir manba

“Manbalar so‘zlaganda”

 

“Majmu’atul-xutut” asari haqida

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Manbalar xazinasi” fondida 50-raqamda “Majmu’atul-xutut” (مجموعة الخطوط) asari saqlanib, tadqiq etilmoqda. Qadimgi yozuv turlari, ularning taraqqiyot bosqichi haqida qimmatli ma’lumotlarni beradigan mazkur qo‘lyozma tadqiq jarayonida bu turdagi boshqa asarlardan o‘z nodirligi bilan ajralib turishi aniqlandi.

XX asr boshlarida ko‘chirilgan mazkur asar Mahmud Gʻazzoniy tomonidan tarqim qilingan, ya’ni tuzib chiqilgan. Qo‘lyozmaning muqova va matn o‘lchamlari: 13,5x22; 7,5x15,5 sm. Qo‘lyozma fabrika qog‘oziga taxminan XIX asr oxirlarida ko‘chirilgan. Asardan 60 dan ortiq xat turlari alifbosi o‘rin olgan bo‘lib, unda qadimgi yozuv turlaridan tortib, o‘rta asr yozuvlari, hatto ularning taraqqiy etgan shakllari ko‘rsatilgan(!).

Jumladan:

   — Odam (a.s.) davridagi “Sarboni” yozuvi (eramizdan avv. 3760-yil.);

  — Shis (a.s.) davridagi “Sulyoniy”, “Salbobiy” yozuvi (eramizdan avv. 3670-yil) kabi ko‘plab payg‘ambarlar davri alifbolari;

   — geokosmografik asarlarda uchraydigan turli xil yozuv turlari;

  — aniq fanlardan kimyo fanida qo‘llaniladigan maxsus yozuv turlaridan — “Baklatil”, “Simyoi sag‘ir”, “Simyo va kimyo” kabi xat turlari bor.

E’tiborlisi, tadqiqot jarayonida qadimgi xat turlariga bag‘ishlab yozilgan boshqa asarlar hamda yozma yodgorliklarda 50-raqamli qo‘lyozmadagi xat turlarining aksariyati aks etmagani aniqlandi. Jumladan, I.Fridrixning “История письма”, Mullo Hoshim Bag‘dodiyning “Xatti arabiy”, “Atlasi xat” kabi asar va atlaslari, D.A.Klements (1848-1914) va uning xotini Yelizaveta Klementslar tomonidan ochilgan hamda V.V.Radlov (1899), V.Tomsen (1922), X.Sheder (1924), D.Ross (1930) hamda G.Aydarov (1971) tomonidan o‘rganilgan, 712-716-yillari yozilgan To‘nyuquq bitigi yozuvi, eramizdan avvalgi XVIII asrga oid mixxatda yozilgan Xamurappi Qonunlari, Eron shohi Doro I (e.avv. 521-486 yy) buyrug‘iga binoan yaratilgan qadimgi fors yozuvi – bo‘g‘inli mixxat, iyeratik yozuv (e.avv. VII asr), shuningdek, kopt, devanagar, oriy, kannada, singal, tibet, laoss, tay, xitoy, mo‘g‘ul, cherok, kri, demot kabi yuzdan ortiq yozuv turlarida ayrim yozuv turlari bor xolos.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” fondida saqlanayotgan 50-raqamli qo‘lyozmadagi ayrim harflar dunyoning turli hududlarida topilgan yozma yodgorliklarda uchraydi. U yodgorliklarning aksariyati fanga noma’lum bo‘lgan yozuv turlari bo‘lib, kelajakda bo‘lim fondida saqlanayotgan ko‘plab yozuv turlariga doir noyob kitoblar orqali ularni ham o‘qish, tadqiq etish imkoniyati yuzaga kelsa ajab emas(!).

Ma’lumki, dunyodagi ko‘pgina moddiy yodgorliklarda qadimgi yozuv turlari aks etgan yozma manbalar ham uchraydi. Yozma yodgorliklarni qidirib topish va ulardagi bitiklarni o‘qish-o‘rganish qadim sivilizatsiyalar va insoniyat tafakkuri tadqiqida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, olimlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganiladi(!). Yu.V.Knorozovning “Письменность индейцев майя” nomli tadqiqotida xat yozuvlarini, iyeroglif, grafema (bir ma’noli so‘zlar) va allograflarni tahlil qilgan. Shuningdek, J.Xanter va N.V. Gurov, A.A.Molchanov, V.P.Neroznak, S.Ya.Sharipkin ham bu borada tadqiqotlar olib borganlar.

Yurtimiz olimlari ham ushbu soha rivojida o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Jumladan, XX asrda yashab ijod etgan jadid — Is’hoqxonto‘ra Ibratning “Jome’ul-xutut” (40 ga yaqin qadimgi xat turlari haqida), A.Murodovning arab grafikasiga oid “O‘rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan” hamda “Xat va xattoton”, Mas’udali Hakimjonning “Xatti mu’allimiy” kabi tadqiqotlarini sanab o‘tish mumkin.

Shuningdek, qadimgi xat turlariga oid yozma yodgorliklarni qidirib topib, ularning alifbosini tuzish ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Respublikamiz qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan qadimgi xat turlariga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar bunga yorqin misol bo‘la oladi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Jome’ul-xutut”, “Xat va xattoton”, “Ajoyibut-tabaqot” kabi o‘nlab asarlar shular jumlasidan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” fondida saqlanayotgan “Majmu’atul-xutut” asari ham kelajakda alohida tadqiqotlarni talab qiladigan manba bo‘lib xizmat qiladi. Tarixchi, arxeologlarga esa muhim qo‘llanmalardan sanaladi.

                                                                                                       Lobar Asrorova,

O‘zbekiston xalqaro islom ademiyasi

“Manbalar xazinasi” bo‘limi katta ilmiy xodimi t.f.f.d. (PhD)

Izoh qoldirish