1

Misr bilan munosabatlar barcha sohalarda katta sur’atlarda rivojlanmoqda

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, ICESCO xalqaro tashkiloti Ijroiya kengashi a’zosi Muzaffar Kamilov ta’kidlashicha, Misr insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy markazlaridan biri hisoblanadi va bugungi kunda ulkan imkoniyatlarga ega, islom olamida, arab davlatlari hamda Afrika qit’asida alohida o‘rin tutgan davlatdir. 

Qohiradagi O‘zbekiston elchixonasi bayonotiga tayanib, Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari ko‘p asrlik boy tarixga ega ekanini ta’kidladi. Movarounnahr va Misr zaminida yashab ijod qilgan buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi islom olami uchun bebaho boylik ekani qayd etildi. Shuningdek, buyuk olim Ahmad Farg‘oniy Misrda yashab, abadiy kashfiyotlar qilgani, jumladan, Nil darosi suv sathini o‘lchash uchun yaratilgan “Nil o‘lchagichi” (Miqyos an-Nil) bugungi kunda ham o‘z vazifasini bajarayotgani, Qohiradagi uning haykali ikki xalq o‘rtasidagi abadiy do‘stlik ramziga aylangani aytildi. 

Misr O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan ilk davlatlardan

Qayd etilishicha, Misr 1991-yil 26 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan ilk arab davlatlaridan biri bo‘lgan. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 23 yanvarda o‘rnatilgan. Misr elchixonasi 1993-yilda Toshkentda ochilgan bo‘lsa, O‘zbekiston elchixonasi 1994-yilda Qohirada o‘z faoliyatini boshlagan. Shundan buyon tomonlar o‘zaro manfaat va hurmat tamoyillariga asoslangan hamkorlikni izchil rivojlantirib kelmoqda. 

So‘nggi yillarda Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat va siyosiy iroda tufayli munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekistonning ochiq tashqi siyosati ikki tomonlama hamkorlikni yangi darajaga olib chiqdi. Shuningdek, “Misr-2030” strategiyasi doirasidagi islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi bilan uyg‘unlashdi. 

2018-yilda Misr Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etdi. 2022-yilda Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni o‘z ichiga olgan holda, ikki davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik poydevorini mustahkamladi. 2023-yil 20–21 fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Misrga rasmiy tashrif bilan bordi va tomonlar munosabatlarni “keng qamrovli strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar. Bu ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochib, turli sohalarda yangi loyihalarni boshlashga zamin yaratdi. 

Iqtisodiy hamkorlik

2017-yildan buyon iqtisodiy munosabatlar faol rivojlanish bosqichiga kirdi. So‘nggi besh yilda tovar ayirboshlash hajmi 10 million dollardan 30 million dollardan ortiqqa yetdi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 54,8 million dollarni tashkil qildi. Shundan 48,87 million dollari O‘zbekiston eksporti, 5,97 million dollari esa Misrdan import hissasiga to‘g‘ri keladi. 2018-yilga nisbatan savdo hajmi qariyb to‘qqiz baravarga oshgan. 

O‘zbekistondan Misrga to‘qimachilik mahsulotlari, ipak, metalllar, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinadi. Misrdan esa dori-darmonlar, kimyo mahsulotlari, plastik, uskunalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import qilinadi. Hozirda O‘zbekistonda Misr kapitali ishtirokida 29 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Misr kompaniyalari farmatsevtika, qurilish materiallari, energetika va to‘qimachilik sohalariga 1,2 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor ekanini bildirgan. 

Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda ishonchli sheriklar

O‘zbekiston Misrni Afrika va Yaqin Sharqda ishonchli sherik deb biladi, Misr esa O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatida ko‘radi. 2024-yildagi siyosiy maslahatlashuvlar va qo‘shma komissiya yig‘ilishlari amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirdi. Savdo, sarmoya, transport, energetika va madaniyat sohalarida anglashuv memorandumlari imzolandi. Shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Afrika ittifoqi doirasida ham muvofiqlashuv kuchaytirildi. 

Turizm 40 foizga oshdi

Ijtimoiy-madaniy sohada ham hamkorlik jadal sur’atda rivojlanmoqda. Turizm alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonlik sayyohlarning Misrga safarlari 40 foizga oshdi. Misrlik sayyohlar esa asosan ziyorat turizmi maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar islom sivilizatsiyasi markazlari sifatida mashhur bo‘lib, allomalar maqbaralari butun islom olamidan ziyoratchilarni jalb etmoqda. 

Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi

Toshkentdagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning ma’naviy turizm xaritasidagi o‘rnini mustahkamlab, turli davlatlardan, jumladan Misrdan ham olimlar va mehmonlarni jalb etmoqda. 2024-yilda Al-Azhar universiteti delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, arab tili va diniy fanlarni o‘qitish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi hamda 500 dan ortiq ilmiy kitobni sovg‘a qildi. Yoshlar ta’limi, diniy bag‘rikenglik va gender tengligi masalalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi, ayollar huquqlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. 

Qohira – Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari

Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi talabalar, tadqiqotchilar va sayyohlar almashinuvini yengillashtirdi. O‘zbekiston universitetlari Qohira, Ayn Shams, Aleksandriya, Helvon va Port-Said universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Ayni paytda Misr universitetlarida 120 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda, O‘zbekistonda esa 50 nafarga yaqin misrlik talaba va tadqiqotchi o‘qimoqda. 

Transport va logistika

O‘zbekiston transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda, Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy o‘rnini tiklash orqali Markaziy Osiyoni jahon bozorlari bilan bog‘lashni maqsad qilgan. Bu esa Misr bilan savdo va transport sohalarida yangi imkoniyatlar yaratadi. 

O‘zaro hurmat va ishonch asosidagi munosabatlar

Umuman olganda, Misr – O‘zbekiston munosabatlari o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatlar uyg‘unligiga asoslangan. Bugungi kunda ular keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga qadam qo‘ygan bo‘lib, bu nafaqat ikki mamlakat, balki Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalarida barqarorlik, taraqqiyot va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi hamda ikki xalq uchun farovon kelajak poydevorini yaratadi.

Muzaffar Kamilov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori,

ICESCO xalqaro tashkiloti Ijroiya kengashi a’zosi

Izoh qoldirish