139

Musulmon jamiyatlari xalqaro kengashi bosh direktori yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarga yuqori baho berdi

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Musulmon jamiyatlari xalqaro kengashi bosh direktori Xolid Xalifa al-Kaʼbiy, bosh kotibi Umar al-Barikiy, Protokol boshqarmasi menejeri Rashid al-Nuʼaymiy, “Chegara bilmas oʻqituvchilar” xalqaro tashkiloti prezidenti Muhammad Al-Obaydliy, vitse-prezidenti Nasr Orif hamda fotograf Fahd Jamil tashrif buyurdi.

Tashrif munosabati bilan Akademiya rahbariyati va mehmonlar oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev, Moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor Salim Dusanov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev, tarjimon Akbar Kazakbayev va Malaka oshirish markazi direktori Husniddin Ahmedov ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Uygun Gʻafurov Akademiyaning ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Akademiya Respublika oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha 2-oʻrin va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha 1-oʻrinni egallaganini qayd etdi. 

Uchrashuvda delegatsiya rahbari Xolid Xalifa al-Kaʼbiy samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, Musulmon jamiyatlari xalqaro kengashining boshqaruv raisi Ali Rashid al-Nuaymiyning salomini yetkazdi hamda kengash toʻgʻrisida va uning faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Xolid Xalifa al-Kaʼbiy Birlashgan Arab Amirliklari hukumati tomonidan mazkur kengashni tashkil etishda musulmon jamiyatlarini fikrlashga, yangilik qilishga va oʻz mamlakatlaridagi atrof-muhit, urf-odat, sharoit va hayot talablariga mos keladigan yangi yechimlarni taklif qilishga undash koʻzlanganini taʼkidladi. 

Shu bilan birga, Kengashning asosiy maqsadlari “Fatvoni boshqa davlatlarga chiqarmaslik” shiori ostida diniy, etnik, madaniy jihatdan musulmon jamiyatlarining hayotiy anʼanalariga hurmatni saqlab qolish, xalqlarning manfaatlari yoʻlida oʻzaro hamkorlik va hamjihatlikka erishish, inson qadr-qimmatini ulugʻlash, bagʻrikenglik va Vatanga muhabbat tushunchalarini qatʼiy qadrlash hamda islom dinida diniy murosasizlikni yoʻq qilishga hissa qoʻshish ekanini bildirdi. Al-Kaʼbiy Musulmon jamiyatlari xalqaro kengashi dunyoning 160 dan ortiq mamlakatlari bilan hamkorlik oloqalarini yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi.

O‘z navbatida O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etdi.

Akademiya rektori Uygun Gʻafurov Akademiya huzurida Malaka oshirish markazi mavjudligi hamda ushbu markaz imomlar va davlat tashkilotlari xodimlariga ilmiy asoslangan, islom dinining asl mohiyatini tushuntiruvchi oʻquv dasturlari asosida malakasini oshirishini maʼlum qildi. Markazga kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida taʼlim berish uchun malakali professor-oʻqituvchilar, sohaning taniqli mutaxassislari jalb etilganini qoʻshimcha qildi. 

Shu oʻrinda Malaka oshirish markazi direktori Husniddin Ahmedov markaz xususan oylik va qisqa muddatli kurslar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Shuningdek, mehmonlarga ayni paytda Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Mahalla yettiligi” xususida maʼlumot berildi. Bunda mahalladagi har bir masʼul oʻz yoʻnalishi (yoshlar, ayollar, qariyalar) boʻyicha faoliyat yuritishi qayd etildi.

Bunga javoban, mehmonlar bu tajribani yuksak baholab, shubhasiz, bu Prezidentning donishmandligidan dalolat berishini alohida taʼkidladilar. 

Uchrashuv davomida Jamoliddin Karimov Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berdi. 

Tashrif davomida mehmonlarga Akademiyadagi “Manbalar xazinasi”da saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar, shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati tanishtirildi.

Uchrashuv yakunida delegatsiya koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Izoh qoldirish