O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishida amalga oshirgan ishlari
#SARHISOB-2021
E’tirof etish joiz, so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda salmoqli yutuqlarga erishildi.
Tashkiliy ishlar
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan 2021-yil birinchi yarim yilligida Akademiyada ta’lim jarayoni masofaviy tashkil etilganligi sababli, hisobot davrida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni masofaviy tashkil etish bo‘yicha reja asosida 50 ga yaqin ZOOM platformasi orqali onlayn, 60 dan ortiq konferensiya, davra suhbati, uchrashuv va seminar-treninglarga 1 ming 670 nafar talaba qamrab olindi. 2021-yilning avgust-noyabr oylari davomida an’anaviy ta’lim shakli doirasida 40 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbir, 30 ga yaqin sport musobaqalari, 24 ta ko‘rik-tanlov va bellashuv, 20 ga yaqin uchrashuv hamda davra suhbatlari, 18 marotaba targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Shuningdek, 2021-yil oktabr oyida “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oltin davrim” shiori ostida talabalar oyligi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar reja-dasturi” tasdiqlandi va ijrosi ta’minlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi professor-o‘qituvchilar va talabalarni ma’naviy qiyofasini aniqlash bo‘yicha 2 marotaba sotsiologik so‘rovnoma 1-,2-,3-,4- kurslarda (1 ming 624 nafar) o‘tkazildi.
Milliy g‘oya targ‘iboti va vatanparvar yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan “Adiblar xiyoboni” va Akademiyada 12 marta Turkiston jadidlari yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan davra suhbati, ma’naviyat soati va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, 7 marta “O‘zbekiston 24” tele va radiokanallarida, 15 marta Akademiya sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallarida yoritildi. Mazkur tadbirlarga 1 ming 520 nafar talabalar qamrab olindi. Shuningdek, “Ziyo” media markazi tomonidan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomli film tayyorlandi va telekanallarda efirga uzatildi hamda akademiyaning 862 nafar talabaga namoyishi tashkil etildi. Shuningdek, media markaz tomonidan “Behbudiy vasiyatnomasi” videorolik tayyorlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Vatanimga xizmat qilaman”, Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan “Navoiy ijodi – mangu barhayot”, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538-yilligi munosabati bilan “Buyuk shoh va davlat arbobi”, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Turkiston” san’at saroyida “Sen bari bir muqaddassan – muqaddas ayol!”, “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan “Navro‘z sayli”, Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan kafedralar kesimida “Buyuk Temur va uning merosi” mavzusida, 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Inson-aziz, xotira muqaddas” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir va anjumanlarda 1 ming 670 nafar talabalar qamrab olindi.
Akademiya talabalari o‘rtasida “Temur tuzuklar”, “Yurt qahramonlari xotirasi abadiydir”, “Kitobxon talaba”, “O‘zXIA karaoke”, “Onam aytgan alla” va shu kabi mavzularda 20 dan ortiq onlayn viktorina, tanlov hamda musobaqalar tashkil etildi.
Akademiya talabalarini muzeylarga tashrifi bo‘yicha reja-grafikka asosan fakultetlarning kurslar kesimida har oyda 4 ta muzeyga tashrifi belgilangan bo‘lib, jami 40 ta guruhdan 673 nafar talabaning “Temuriylar” muzeyi, “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Abdulla Qodiriy” uy muzeyi, “Aloqa tarixi” muzeyi hamda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrifi uyushtirildi.
Akademiya talabalari uchun haftaning har chorshanba “Islomshunoslik” fakulteti, payshanba kuni “Mumtoz sharq filologiyasi” va “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakultetlari talabalari uchun Vatanparvarlik g‘oyasi asosidagi “Ilhaq”, “Vatan”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Hayot”, “Berlin qo‘rg‘oni”, “Ibrat” kabi o‘zbek filmlari namoyish etildi. Unga 1 ming 322 nafar talabalar qamrab olindi.
Akademiya talabalarini O‘zbekiston Milliy drama teatriga “Jaloliddin Manguberdi” va “Boborahim Mashrab” spektakli namoyishiga jami 50 nafar talaba, Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatriga “Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmi namoyishiga 80 nafar talaba, Panorama kinosaroyiga 3 marotaba “Ibrat”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmlari namoyishiga 464 nafar talaba bordi.
Akademiya talaba-qizlari ishtirokida “Qiz bor uyning fayzi bo‘lak”, “O‘zbekoyim qizlari” ma’naviy-ma’rifiy tadbir, “Qizlarni oilaga tayyorlash”, “Qizlarning akademiyada kiyinish odobi”, “Umid bilan yashayman”, “Baxtliman”, “Men kimman” kabi targ‘ibot tadbir va onlayn treninglari tashkil etilib, 523 nafar talaba-qiz qamrab olindi. Akademiyada tashkil etilgan Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan “Inson qalbiga yo‘l” nomi ostida 609 nafar talaba-qizga kichik guruhlar asosida seminar-treninglar o‘tkazildi. Shuningdek, 43 nafar qiz uchun gimnastika mashg‘uloti tashkil etildi.
Akademiya Talabalar turar joyida o‘tgan davr mobaynida 20 ga yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va tadbirlar tashkil etildi. Talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda 5 ta tashabbus doirasida 5 ta to‘garaklarga 263 nafar talaba ishtiroki ta’minlandi. Joriy yilning 16-yanvaridan talabalarning mazmunli dam olishlarini tashkil etish maqsadida, haftaning shanba kuni “Yoshlar oqshomi” tadbirlari tashkil etib kelindi. Akademiyada 5 muhim tashabbus doirasida 15 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir va uchrashuvlarga 768 nafar talaba qamrab olindi.
Akademiya prorektorlari, dekan va o‘rinbosarlari hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan Toshkent shahrida ijarada turgan 679 nafar talabadan 536 nafarini turar joyiga borib sog‘lig‘i, shu bilan birga, bo‘sh vaqtida nima bilan shug‘ullanayotgani yuzasidan borib o‘rganildi.
Yoshlarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini yuksaltirish hamda huquqbuzarlik, jinoyatlarni oldini olish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon, qaror, farmoyishlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda qabul qilayotgan qonun, huquqiy-me’yoriy hujjatlarning targ‘ibotiga bag‘ishlangan soha vakillar ishtirokidagi 42 ta tadbir, 16 ta davra suhbatlariga 1 ming 351 nafar talaba qamrab olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hisobot davriga qadar bo‘lgan ma’ruzalari, bayram tabriklarining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan 21 ta davra suhbatlariga 1 ming 432 nafar talaba qamrab olindi. 30 dan ortiq audio-video hamda targ‘ibot materiallari murabbiylar kanallari orqali talabalarga yetkazildi.
Akademiya talabalari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz!” mavzusida maqola, insho, videoroliklar tanlovi o‘tkazildi. Dinshunoslik ta’lim yo‘nalishi 2-kurs (rus guruhi) talabasi Anvar Mustafoyev tomonidan tayyorlangan videorolik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan tanlovda faxrli 3-o‘rinni egalladi.
“O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oltin davrim” shiori ostida talabalar oyligi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar reja-dasturi” doirasida talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan 10 ga yaqin davra suhbatlari, 4 ta ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi.
Shuningdek, “Korrupsiya rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida 5 marotaba davra suhbati va ochiq muloqotlar, videoroliklar tanlovi hamda flayerlar tanlovi tashkil etildi.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportga keng jalb etish
Akademiyada tashkil etilgan “Voleybol”, “Stol tennisi”, “Basketbol”, “Mini futbol”, “Shaxmat va shashka”, “Badminton” to‘garaklariga 374 nafar talaba qamrab olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va Ichki ishlar akademiyasi kursantlari o‘rtasida sportning 7 turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Mazkur musobaqada 100 dan ortiq talaba ishtirok etdi. Sportning mini futbol turi bo‘yicha Talabalar turar joyi chempionatida 267 nafar talaba ishtiroki ta’minlandi.
Shuningdek pandemiya davrida Akademiya talabalari o‘rtasida onlayn “Shashka” va “Shaxmat” musobaqalari tashkil etilib, unda 80 nafarga yaqin talabalar o‘rtasida 4 bosqichdan 50 ta o‘yin tashkil etildi.
“O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oltin davrim” shiori ostida talabalar oyligi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar reja-dasturi” doirasida sportning futbol, voleybol, stol tennis, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqalari saralash va Akademiya bosqichlari o‘tkazildi hamda g‘oliblar aniqlandi.
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish
Akademiyaning 13 nafar talabalarining Vatan, buyuk ajdodlarni madh etuvchi o‘zlari yozgan she’rlari jamlanib, targ‘iboti tashkil etildi. “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Muslima Mamatoxunovaning she’riy kitobi nashr etildi. 3 marta esse, 4 marta insholar tanlovi o‘tkazilib, jami 321 ta esse va insholar jamlandi. Akademiyaning 20 nafar ijodkor talabalarining ijod namunalarini qamrab olgan “Vatanga Vatan deb yonganlar kerak” nomli she’riy to‘plam nashr etildi.
Shuningdek, talabalarni qiziqishlari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilib, shu asosida onlayn va an’anaviy tarzda “Dutorchilar”, “Fortepiano”, “Skripka”, “Doira”, “Kitobxonlik”, “Ziyo yulduzlari”, “Tilshunoslik bo‘yicha (arab, ingliz, rus tili)”, “Psixologik trening”, “Xattotlik”, “Voleybol”, “Stol tennisi”, “Basketbol”, “Futbol”, “Kompyuter savodxonligi”, “Veb dizayneri” kabi to‘garaklar faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yildi. Hozirda to‘garaklarga jami 754 nafar talaba ishtirok etdi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlarining hududiy bosqichida Akademiyaning iqtidorli talabalaridan iborat jamoasi faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Talabalar teatr studiyasi” jamoasi Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil etilgan “Talabalar teatr studiyasi festivali” doirasida faol ishtirok etib, hududiy bosqichda faxrli 1-o‘rinni, mintaqaviy bosqichda esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Ma’rifat maydoni” Respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichda faxrli 1-o‘rinni, mintaqaviy bosqichda esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oltin davrim” shiori ostida talabalar oyligi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar reja-dasturi” doirasida “Kitobxonlik viktorinasi” onlayn viktorinasini, “Chet tillar (ingliz tili) bilimdoni” tanlovi, “Arab tili bilimdoni” tanlovi, “O‘zbek adabiyotshunosligi bilimdoni” tanlovi, “Bilimdon dinshunos” tanlovi, “Islom tarixi bilimdoni” bellashuvi, “Cybersport” musobaqasi tashkil etildi. G‘oliblar munosib taqdirlandi.
Shavkat MAVLONOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish