576

Yoshlar – O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish muhim masala hisoblanadi. Chunki aynan yoshlar mamlakat salohiyatini tashkil qiladi. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish o‘rinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, mazkur jarayonlar yakuniga yetib borayotgan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da yanada salmoqli tus oldi.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2021-2022-o‘quv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar o‘rtasida bevosita muloqotini ta’minlash maqsadida “Yoshlar – O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” shiori ostida 60 dan ziyod ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi. 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karyera kuni” uchrashuvning o‘tkazilishi muntazamlik kasb etgan.

Unda akademiyaning Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi), Tarix (Islom tarixi va manbashunosligi), Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi, Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Informatika va axborot texnologiyalari bakalavriat bitiruvchilari; Tarix (Islom sivilizatsiyasi), Hadisshunoslik, Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar, Aqida, kalom ilmi va aqidaviy ta’limotlar, Turizm (ziyorat turizmini tashkil etish va boshqarish kabi magistratura yo‘nalishlarida bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. 

– Akademiyada yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Muzaffar Komilov. – Bugungi tadbirda ham ko‘plab tashkilot va muassasa mutasaddilari o‘z ish o‘rinlari bilan qatnashyapti. O‘ylaymizki, o‘zaro yaqin hamkorligimiz bitiruvchi yoshlarning o‘z munosib ish o‘rinlarini egallashiga muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Zamonaviy bilim va tafakkur, sog‘lom dunyoqarashga ega, rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan bellashishga tayyor navqiron avlodimiz katta ishonch bilan hayotga dadil kirib kelayotgani barchamizni quvontiradi. Ana shu quvonchning bardavomligi yo‘lida mas’uliyatni his etgan holda yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Zero, O‘zbekiston kelajagi — sog‘lom va barkamol avlod qo‘lidadir.

Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktor o‘rinbosari Firdavs Xalimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktor o‘rinbosari Surayyo Karimova, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi direktori Liliya Gaynutdinova so‘zga chiqib, ish beruvchi tashkilotlar hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida uzviy hamkorlik jamiyat taraqqiyoti uchun har jihatdan foydali bo‘lishini ta’kidlashdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini 2021-2022-o‘quv yilida 341 nafar talaba bakalavrni, 91 nafar yigit-qiz esa magistratura bosqichini tamomlaydi.

Akademiyada “Islomshunoslik”, “Mumtoz sharq filologiyasi” hamda “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakultetlari, “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”, “Din psixologiyasi va pedagogika”, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi”, “Chet tillari”, “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kabi kafedralar faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi joriy yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan e’lon qilingan Milliy reytingda eng yetakchi 10 ta, ilmiy salohiyat va ijtimoiy-gumanitar soha OTMlari reytingda esa eng yuqori 5 ta ta’lim muassasasi qatoridan o‘rin oldi.

Ta’kidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha — muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan, fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham ko‘plab yangiliklar amalga oshirildi. 

Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar xalqaro ta’lim standartlari asosida tahsil olmoqda. Joriy yilda Akademiyaning 1-bosqichiga 302 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilindi. Ularga o‘z sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda o‘z moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro ta’lim standartlari asosida ta’lim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi.

Bitiruvchilarni munosib ish o‘rni bilan ta’minlash maqsadida bugungi kunda 100 dan ortiq ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti. 

Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi. Shundan so‘ng ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Shu kunning o‘zida 100 dan ziyod talabalar bilan mehnat shartnomalari tuzildi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish