1

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati tabrigi

Assalomu alaykum muhtarama ustozlar!

Qadrli va aziz ayollar, iqtidorli talaba-qizlarim!

Sizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasi va shaxsan oʻz nomimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugungi qutlugʻ bayramning fayzli Ramazon oyida boʻlib oʻtayotgani uning ezgu ruhi va mazmunini yanada oshirmoqda. Muqaddas dinimiz ham muhtarama onalarimiz, dilbar opa-singillarimiz, munis qizlarimizga hamisha yaxshilik qilishga, ularning izzat-hurmatini doimo joyiga qoʻyishga buyuradi. Bizni dunyoga keltirgan, oq sut, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, moʻtabar ayol zotiga doimo taʼzim qilamiz. Zero, inson qadrini ulugʻlash avvalo aziz-u mukarrama ayollarimizni ulugʻlashdan boshlanadi.

Bu yuksak insonparvarlik tamoyili kuni kecha Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida ham yana bir bor o‘z aksini topdi:

“Biz uchun bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni egallashda yanada birlashib, hamjihat bo‘lib mehnat qilish har qachongidan ham muhim vazifadir.

Yangi O‘zbekistonni ayollari hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim”.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, huquq va manfaatlarini toʻliq himoya qilish, iqtidor va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning qadr-qimmatini ulugʻlash, maʼnaviy va maʼrifiy salohiyatini oshirish borasidagi saʼy-harakatlar Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda Hazrat Alisher Navoiy bobomizning “Jannat bogʻidan bahramandlik istar ekansan, avvalo, munis onani rozi aylagin” degan soʻzlarini biz eng ezgu daʼvat sifatida qabul qilamiz.

Qadrli hamkasblar!

Munis opa-singillar!

Akademiyamiz hayotida ham ayollarning oʻrni va ishtiroki beqiyos. Ilm-fan, islomshunoslik, manbashunoslik sohalarida samarali mehnat qilayotgan olima va tadqiqotchi ayollarimiz, talabalarimiz oʻz bilim va izlanishlari bilan nafaqat akademiyamiz, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyatiga munosib hissa qoʻshmoqda. Yoshlar tarbiyasi, maʼnaviy-maʼrifiy muhitni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda sizlarning fidokorona mehnatingiz alohida eʼtirofga sazovor.

Keyingi yillarda yurtimizda iqtidorli yigit-qizlarni aniqlash va ragʻbatlantirishga, yosh avlodning zamonaviy dunyoqarashini, ijodiy va shaxsiy xususiyatlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ertamiz egalari oʻz isteʼdod va salohiyatini toʻla namoyon etib, yuksak natijalarga erishmoqda.

Qayd etish kerak, 2025/2026-oʻquv yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriat bosqichining bir guruh talabalari qatorida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining besh nafar isteʼdodli talabasi ham taqdirlandi. Ahamiyatlisi, ularning toʻrt nafari isteʼdodli, oqila qizlarimizdir.

Xususan, Islomshunoslik fakulteti 4-kurs talabasi Dildora Abdurahmonova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasini, Islomshunoslik fakulteti 4-kurs talabasi Muslimaxon Tojiyeva hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 3-kurs talabasi Sevinch Jovliyeva Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasini qoʻlga kiritgan boʻlsa, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 3-kurs talabasi Mohlaroyim Qoʻqonboyeva Islom Karimov nomli davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi.

Shuningdek, Islomshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi Muslima Oʻrinboyeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantining joriy yilgi sovrindorlari qatoridan oʻrin egalladi.

Bundan tashqari, oʻtgan yili Qozon shahridagi Rossiya islom institutida islom huquqi, dinshunoslik va arab tili boʻyicha anʼanaviy xalqaro olimpiadada Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 4-kurs talabasi Madina Jabborova ham faol ishtirok etib, “Arab tili” yoʻnalishida faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Talaba-qizlarimizning yutuqlarini eʼtirof etishda davom etgan holda “Psixologiya bilimdoni” respublika intellektual tanlovida ham Akademiyaning iqtidorli qizlarimizdan tarkib topgan “Kelajak psixologlari” jamoasi faxrli 1-oʻrinni olishga muvaffaq boʻldi.

Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rahbariyati va jamoasi nomidan isteʼdodli talabalarimizning mazkur yutuqlari bilan yana bir bor muborakbod etaman!

Barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgan, namunali xulq-atvorga, sohasi boʻyicha zarur bilimga hamda respublikada olib borilayotgan islohotlarga oʻz fuqarolik pozitsiyasini bildira olish koʻnikmalariga ega talaba-qizlarimiz borligidan behad mamnunman. Ularni tarbiya qilib, bilim bergan ota-onalari va ustozlariga oʻzimning cheksiz minnatdorligimni bildirib qolaman.

Hurmatli opa-singillar!

Sizlar oʻzingizning zakovatingiz, sabr-matonatingiz, mehr-muhabbatingiz va yuksak masʼuliyatingiz bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelmoqdasiz. Sizlar bilan faxrlanamiz, sizlarga tayanamiz va kelgusida ham barcha tashabbuslaringizni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Shu qutlugʻ ayyomda Siz, azizlarni bugungi bahor va nafosat bayrami bilan yana bir bor tabriklayman. Har biringizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayz-u baraka, ilmiy va kasbiy faoliyatingizda yangi yutuqlar, yuksak marralar tilayman. 

Qalbingiz doimo mehr va ziyo bilan toʻlib-toshsin, hayot yoʻlingiz nurli va barakali boʻlsin. Hamisha oilangiz, farzand-u nabiralaringiz, el-yurtimiz ardogʻida boʻlish nasib etsin!

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni muborak boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Muzaffar Kamilov,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish