10

Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi majlislar zalida Akademiya Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.

Dastlab Akademiya kengashi majlisi avvalida bir guruh o‘qituvchilarga ilmiy unvon va diplomlar topshirildi.

Xususan, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Muhiddin Ismoilovga fizika-matematika fanlari ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasi hamda “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Sayyora Jalolovaga pedagogika fanlari ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasi diplomi topshirildi.

Shundan so‘ng majlisda yangi o‘quv yilida bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar, muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Dastlab O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev “Yangi o‘zbekistonda barqaror rivojlanish, tinchlik va islom ma’rifatining xalqaro e’tirofi” maxsus kurs o‘quv qo‘llanmasini tasdiqlash xususida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosev Akademiyada ma’naviy-axloqiy muhitni kuchaytirish, talabalarni milliy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Bu bo‘yicha “Islom ma’rifati” nomli ma’rifiy videolar turkumini yaratish kerakligi qayd etildi. 

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyevning 2024-2025-o‘quv yilida Akademiyani bitirgan yosh mutaxassislarni ish joylariga taqsimoti va ular (bakalavr, magistr) bilan hamkorlik aloqalari tahlili (fakultetlar kesimida) hisoboti tinglandi.

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Irgash Daminov Akademiyaning iqtidorli talabalarini davlat stipendiyalariga tavsiya etish xususida so‘z yuritdi. 

Qabul komissiyasi mas’ul kotibi, Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlarini belgilash to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. 

Majlis yakunida soha mutasaddilari o‘zlarining vazifalariga doir ishlar haqida ma’lumot berib, kelgusidagi rejalarini belgilab olishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish