
Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori TABRIGI
Qadrli hamkasblar!
Aziz talabalar!
Muqaddas dinimizning ulug‘ bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti bilan barcha yurtdoshlarimiz qatorida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasini ham samimiy muborakbod etaman!
Bayramona shukuh kezayotgan ushbu ulug‘ kunda yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lgan muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman. Zero, Qurbon hayiti – mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat ramzidir.
Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabriklaridagi quyidagi jumlani keltirishni joiz deb topdim:
“Jamiki islom ummati uchun qadrli bo‘lgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynamoqda”.
Darhaqiqat, Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Xabaringiz bor, ushbu qutlug‘ ayyomni munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik g‘oyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda ulug‘lash maqsadida kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.
Chindan ham joriy yilgi bayram shukuhi o‘zgacha kechmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqoti barchamizni benihoya quvontirdi.
Davlatimiz rahbari muborak Haj ziyoratiga tayyorgarlik jarayonlari, yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Prezidentimiz barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining joriy yil 25-mart sanasida Toshkent shahrida keng jamoatchilik bilan birgalikda iftorlik marosimida ishtirok etganlarini ham alohida e’tirof qilish joiz. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, notinchlik o‘choqlari istalgan paytda kengayib ketishi mumkinligi, musulmon mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birdamlik va islom ummati hamjihatligini yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ekani ta’kidlandi.
Shu ma’noda, islom dinining, eng avvalo, tinchlik, ezgulik va insoniylik dini, deya e’tirof etilishi bejiz emas. Zero, Qur’oni karimning “Moida” surasida bu borada shunday deyiladi: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Shubhasiz, Allohning azobi qattiqdir!”.
Mazkur ulug‘ so‘zlarning ahamiyati bugun ham olis-aqin hududlarda dunyoni tashvishga solayotgan xavf-xatarlar, turli g‘arazli kurashlar to‘xtamayotgan bir paytda yanada dolzarblik kasb etmoqda.
Allohga shukrki, inson qadri e’zozlangan, baxtu kamoli, yorug‘ istiqboli oliy qadriyatga aylangan yurtimizdagi fayz-baraka, xotirjamlik va kelajakka ishonch qalbimizda faxr uyg‘otadi.
Azizlar!
Muborak kunlarda xalqimizning bir-birga mehr-oqibat ulashishi, tabarruk otaxon-u munis onaxonlarimiz ezgu duolarini olishga shoshilishimiz yurtimizga ham fayz-baraka, baxt-iqbol keltirishi shubhasiz.
Shu munosabat bilan barcha yurdoshlarimizni Qurbon hayiti bilan muborakbod etib, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-totuvlik, elimizga farovonlik tilayman!
Yurtimiz doimo tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Muzaffar Komilov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
Izoh qoldirish