
Akademiyada din psixologiyasiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi
Bugungi globallashuv jarayoni jadal kechayotgan bir davrda dinning shaxs tarbiyasidagi o‘rnini o‘rganish dolzarb masalardan biri hisoblanadi. Shu bois, milliy g‘oya va istiqlol mafkurasini shakllantirish va yoshlar ongiga singdirishda dinni to‘g‘ri hamda tahliliy o‘rganish dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekistonda din psixologiyasining ilmiy-nazariy va amaliy masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur anjuman “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda tashkil etiladi.
Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Irgash Daminov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Qosimova, kafedra professor-o‘qituvchilari, pxisologiya fanlari nomzodi, professor Mo‘minxon Mamatov, Anqara universiteti mudirlari – O‘znur O‘zdog‘an, Niyozi Oqyuz, soha mutaxassislari hamda talabalar ishtirok etdi.
Konferensiya “Diniy ongning shаkllаnishi, rivojlаnishi vа trаnsformatsiyasi xususiyatlari”, “Diniy deviatsiya yuzaga kelishining psixologik omillari va uni bartaraf etish yo‘llari”, “Psixologiya va soha tarmoqlarining dolzarb masalalari” hamda “Din psixologiyasi turkum fanlarini o'qitishning zamonaviy texnologiyalari kabi sho‘ba yig‘ilishlariga bo‘lindi.
Anjumanda “Din psixologiyasiga oid teologik va falsaѓy qarashlar”, “Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy axloq normalari shakllanishiga ekologik ong ta’sirining psixologik asoslari”, “Amaliy din psixologiyasi va ma’naviy g‘amxo‘rlik”, “Sekulyarizatsiya sharoitida dindor shaxs shakllanishi masalasi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Mazkur anjuman respublikamizda din psixologiyasi, uning shakllanishi, rivojlanishi va ushbu sohadagi dolzarb muammoli masalalarni oʻrganish boʻyicha toʻplangan tajribani umumlashtirish maqsadida tashkil etildi.
Anjuman doirasida amalga oshirilgan muloqotlar, sohaga oid turli masala boʻyicha fikr, bilim va tajriba almashinuvlar, tahlillar, ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar konferensiyaning barcha ishtirokchilari – xorijiy taʼlim muassasalari, nufuzli tashkilot vakillari, davlat ilmiy muassasa va tashkilotlar xodimlari, yosh ilmiy tadqiqotchilar uchun gʻoyat foydali boʻldi.
Konferensiya yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilmiy anjumanlar soha rivoji uchun foydali boʻlishi qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish