2

Ulugʻ allomalar merosi – maʼnaviy qudratimiz asosi

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan “Ajdodlar merosi – maʼnaviyat va maʼrifat manbai” mavzusida kitoblar koʻrgazmasi tashkil qilindi. 

Alloma ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy va ijtimoiy merosni keng jamoatchilikka tanitish, yosh avlod qalbida kitobga muhabbat va ilmga hurmat-eʼtibor tuygʻusini mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbirda Akademiya professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar, soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Koʻrgazmada islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkirlarimizning nodir qoʻlyozmalari, ilm-fan, aqida va axloq mavzusidagi asarlarining zamonaviy ilmiy tahrirda qayta chop etilgan turli nashrlari, ularning hayoti va ijodi haqidagi kitoblar namoyish etildi.

Tadbir ochilishida ajdodlarimiz ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyati, uni izchil oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazishning dolzarbligi haqida fikrlar bildirildi. Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ilm va maʼrifatga davlat tomonidan qaratilayotgan yuksak eʼtibor tilga olindi.

Shu oʻrinda maʼruzachilar Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmun-mohiyati haqida ham atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Ushbu konsepsiya mamlakatimizda din va davlat munosabatlari, jamiyatda bagʻrikenglik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni turli gʻarazli gʻoyalardan asrashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarning muhim asosi ekani alohida taʼkidlandi.

Mazkur davlat siyosatining amaldagi ifodasi sifatida kitobxonlikni ragʻbatlantirish, milliy va diniy merosni keng ommaga yetkazish, ilm va maʼrifatga boʻlgan hurmatni yuksaltirish kabi tadbirlar alohida oʻrin tutadi. Zero, taʼkidlanganidek, mutolaa inson tafakkurini charxlaydi, qalbni ilhomlantiradi, maʼnaviyatni boyitadi. Yosh avlodning maʼnan yetuk, ilmga chanqoq, komil shaxs boʻlib voyaga yetishida kitobning oʻrni beqiyos. Koʻrgazmada namoyish etilgan asarlar esa faqat tarixiy meros sifatida emas, balki maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya vositasi sifatida ham ahamiyat kasb etadi.

Tadbir ishtirokchilari savol-javoblar jarayonida oʻz fikr va mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi, eng faol qatnashchilar ragʻbatlantirildi. Yoshlar koʻrgazmada taqdim etilgan asarlar bilan yaqindan tanishib, bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishini taʼkidladi.

Manba: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish