3

“Sport – tinchlik elchisi” shiori ostidagi musobaqalar yurtimizdagi diniy oʻquv muassasa talabalarini birlashtirdi

Yurtimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni har jihatdan yetuk va komil insonlar sifatida ulg‘aytirishga yuksak darajada e’tibor qaratilmoqda. Bu borada sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Keyingi yillarda mazkur jabhada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Aholi, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham ilk marotaba “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari hamda “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida berilgan topshiriqlari, shuningdek, 2025-yil 21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Sport musobaqalari O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlarni tashkil etishdan maqsad oliy va diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga va jismoniy faollikka jalb qilish, ta’lim muassasalari o‘rtasida sportni targ‘ib qilish va do‘stona aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Musobaqalar orqali talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti shakllantiriladi. 

Dastavval sport musobaqalarining ochilish marosimi o‘tkazilib, hurmatli mehmonlar, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda oliy diniy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari va mas’ullari ishtirokida ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda Sport vaziri Adham Ikramov kirish so‘zi bilan ochib berdilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridan turib ZOOM platformasi orqali tabrik nutqini yo‘lladilar.

Tadbirda “Ziyo-zukko” NTM o‘quvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari, “Yangi O‘zbekiston” qo‘shig‘i asosida Akademiya talaba-qizlarining ko‘rgazmali chiqishi namoyish etildi. 

Sport festivali doirasida “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston talabalar sporti assosiatsiyasi, O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitness milliy assosiatsiyasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.

Mazkur sport festivalida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Akademiya qoshidagi akademik lisey, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi Termiz islom instituti talabalari ishtirok etdi.

Jamoalar mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashishdi. 

Shuningdek, talabalar o‘rtasida milliy o‘yinlar – kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi bahslar ham o‘tkazildi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish