1

Yoshlar – kelajak bunyodkori

Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida “Talabalar bahori” festivali yuqori shukuh va ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda.

Dastlab Akademiya hovlisidagi “Besh tashabbus” boʻyicha taqsimlangan hudud kirish qismida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tomonidan lenta kesilib, ramziy ochilish marosimi o‘tkazildi. 

Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, bu kabi tadbirlar talaba-yoshlarning milliy qadriyat va an’analarimizga bo‘lgan qiziqishini oshirishi, ulardagi vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi. 

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talaba-yoshlarni bayram bilan tabriklab, ularga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng festival doirasida tashkil etilgan “Besh tashabbus sayli”, “Varrak shou”, kafedralar o‘rtasidagi “Bahoriy taomlar dasturxonlari” tanlovi, “Osh musobaqasi”, kitoblar, hunarmandchilik buyumlari savdo yarmarkasi, milliy liboslar, turli millat xalq hunarmandchiligi mahsulotlari koʻrgazmasi, “Rektor kubogi” sport musobaqalarini ko‘zdan kechirishdi.

Festival davom etmoqda.

Izoh qoldirish