
“Yangi O‘zbekiston To‘marislari” ko‘rik-tanlovida Akademiya jamoasi g‘olib deb topildi
Mamlakatimizda xotin-qizlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda ularning yanada faol ishtirokini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada qizlarning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, islohotlarga daxldorligini oshirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar, sport bellashuvlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasida 2024-yil 27-dekabr kuni imzolangan Hamkorlik memorandumi ijrosini ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston To‘marislari” tanlovi o‘tkazildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan tanlovda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “NeoTo‘maris”, Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Bahor gullari”, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining “Tumor” hamda Jamoat xavfsizligi universitetining “Jasorat malikalari” jamoalari o‘zaro bellashishdi.
Tanlovda har to‘rt jamoa a’zolari 2 ta shart bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Tanishtiruv shartida ishtirokchilar o‘zlari bilim oladigan oliy o‘quv yurti hamda tahsil olayotgan yo‘nalish, iqtidorlari, kelajakdagi maqsadlari haqida videoroliklar, badiiy kompozitsiyalar orqali namoyish etishdi. “Ijodiy chiqish” shartida esa talabalar o‘zlarining iste’dodlarini namoyish etishdi.
Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari ikki shart bo‘yicha intellektual salohiyati va o‘z iqtidorlarini namoyon etishdi. Jamoa aʼzolarining har bir chiqishlari hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi. Qiziqarli chiqishlar, sahna ko‘rinishlariga boy tarzda o‘tgan ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra IIV Akademiyasining “Bahor gullari” jamoasi “Eng matonatli jamoa”, Jamoat xavfsizligi universitetining “Jasorat malikalari” jamoasi “Eng kreativ jamoa”, Bojxona institutining “Tumor” jamoasi “Eng iqtidorli jamoa” va O’zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Neo To‘maris” jamoasi “Eng ijodkor jamoa” nominatsiyalariga sazovor bo‘lishdi.
Taqdirlash marosimida so‘z olganlar tomonidan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Vatanimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar masalasiga katta eʼtibor qaratib kelinayotgani, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ularni har tomonlama zamonaviy bilimlarni mukammal egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, shuningdek yoshlarni yuksak maʼnaviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini o‘z zimmasiga olishga qodir navqiron avlod sifatida voyaga yetkazish uchun barcha imkoniyat eshiklari ochiq ekanligi eʼtirof etildi.
Ko‘rik-tanlov yakunida ishtirokchilariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Izoh qoldirish