2

“Street Law” innovatsion volontyorlik guruhi a’zolari uchun davra suhbati o‘tkazildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi tomonidan “Street Law” innovatsion volontyorlik guruhi tashkil etilgan.

“Yurisprudensiya”, “Dinshunoslik” hamda “Psixologiya (Din sosiopsixologiyasi)” yo‘nalishining bir guruh faol talabalaridan iborat mazkur guruh maktab o‘quvchilariga volontyorlik asosida ijtimoiy ma’naviy muhitni yaxshilash hamda kundalik hayotda eng zarur bo‘lgan huquqiy bilimlarni interaktiv usullar orqali targ‘ib qiladi.

Bugun Akademiyada guruh a’zolari uchun “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmun-mohiyati”ga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi mudiri Nigora Yusupova, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda “Street Law” innovatsion volontyorlik guruhi a’zolari ishtirok etdi.

Davra suhbatida kafedra katta o‘qituvchisi Feruz Rashidov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi. 

Ma’lumki, joriy yilning 25-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. 

Qonunga ilova qilingan konsepsiyada esa fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlash kabi bir qator vazifalar belgilab qo‘yildi.

Davra suhbatida ma’ruzachi tomonidan Konsepsiyaning mazmun-mohiyati, uning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Konsepsiya davlatchilik rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgani, ko‘pmillatli va ko‘p konfessiyali yurtimizda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni taʼminlashga qaratilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, so‘zga chiqqanlar tomonidan “Street Law” innovatsion volontyorlik guruhi a’zolari mazkur Konsepsiyani yaxshi tushunib, uni yoshlarga tushuntirish kerakligi, bu kabi tadbirlar shunga xizmat qilishi qayd etildi.

Yakunda talabalar Konsepsiya bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish