1

Psixofaol moddalar inson umrining zavoli

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyoda 300 millionga yaqin odam giyohvandlik illatiga yo‘liqqan. Afsuski, ularning aksariyati 30 yoshga yetmagan. Ushbu illat oqibatida har yili 600 mingdan ziyod odam hayotdan erta ko‘z yumadi. 

Sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi psixofaol moddalar iste’mol qiluvchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Taassufki, xalqlar, millatlar kelajagiga raxna soluvchi bu ofat yurtimiz yoshlarini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, kuch-g‘ayratini bilim olish, izlanish, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan yoshlarni aldov yo‘li bilan boshi berk ko‘chaga kiritayotgan shaxslar soni kun sayin ortmoqda.

Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish maqsadida bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Psixofaol moddalar inson umrining zavoli” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. 

Davra suhbatida Toshkent shahar narkologiya dispanseri shifokori, narkolog Mahmud Ibrohimov, Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti mas’ul xodimi Nodir Abdurasulov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdi.

Axborot soatida yurtimizda yoshlar istiqboli uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, ularning huquqi, qonuniy manfaatini himoya qilish doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi. Shunga qaramay, yoshlar o‘rtasida turli psixologik inqiroz sabab, psixofaol moddalarga ruju qo‘yish holatlari ko‘payib, narkotiklar bilan bog‘liq jinoyat soni ortayotgani alohida qayd etildi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti mas’ul xodimi Nodir Abdurasulov “Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish faoliyati” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi.

Soha mutaxassisi ma’ruzasi davomida giyohvandlikka qarshi kurash doirasida ko‘rilayotgan huquqiy va ijtimoiy choralar, yoshlarning bu boradagi faolligini oshirish va xavfsiz muhit yaratish haqida so‘z yuritdi. 

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi aholining hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf solib, boshqa jinoyatlarning o‘sishi, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tarqalishiga imkon tug‘dirishi, jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy asoslarini yemirishi qayd etildi. 

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi narkotiklarini nazorat qilish milliy markazi tomonidan kafedra mudirlariga “Ta’lim muassasalarida yoshlar orasida psixofaol moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish ishlarini tashkil etish mexanizmlari” uslubiy qo‘llanmasi taqdim etildi. 

Ushbu qo‘llanmada yoshlar o‘rtasida psixofaol moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq vaziyat, talabalar tomonidan psixofaol moddalar suiiste’molining sabab va omillari, belgi va alomatlari, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar algoritmi hamda O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksida narkotik moddalarni noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo choralari haqida bayon etilgan.

Davra suhbati yakunida “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Jahongir Akramov tomonidan hafta davomidagi xalqaro va milliy siyosiy makondagi voqealar dayjesti haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish