4

O‘zaro hamkorlikdagi muhim masalalar muhokama etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Indoneziyaning Sharif Hidoyatillo islom universiteti Islomshunoslik fakulteti dekani, Boshqaruv qo‘mitasi raisi Ismatu Ropi boshchiligidagi delegatsiya vakillari tashrif buyurdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Sharif Hidoyatillo islom universiteti o‘rtasida 2023-yilda Anglashuv memorandumi imzolangan. Mazkur hamkorlikka ko‘ra, ikki taʼlim muassasalaridagi xalqaro konferensiya va seminarlarda muassasalarning professor-oʻqituvchilari ishtirokini taʼminlash, talabalar almashuvini yoʻlga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish nazarda tutilgan.

Suhbat avvalida Zohidjon Islomov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, Akademiyaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Akademiya Respublika oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida ilmiy salohiyati bo‘yicha 1-o‘rinni egallaganini bildirdi.

O‘z navbatida Ismatu Ropi samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi va Sharif Hidoyatillo islom universiteti haqida ma’lumot berdi. Xususan, muassasa mamlakatdagi eng yirik islom universiteti sifatida 33 mingdan ziyod talabani o‘zida jamlaganini ta’kidladi. Ismatu Ropi rahbarlik qilayotgan Islomshunoslik fakultetida islomshunoslik, dinshunoslik, islom falsafasi, hadisshunoslik kabi yo‘nalishlar mavjudligini qayd etdi. 

Shuningdek, universitet tomonidan 2023-yil Akademiya bilan imzolangan anglashuv memorandumi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari haqida taklif loyihalar ishlab chiqilganini qo‘shimcha qildi. Jumladan, “Hadis ilmi sultoni Imom Buxoriy merosini o‘rganish yo‘lida: Indoneziyaning 1000 nafar izlanuvchisi” loyihasi bo‘yicha hamkorlikda ilmiy tadqiqot olib borish hamda joriy yil 25-28 oktabr kunlari Samarqand shahrida tadqiqot natijalariga qaratilgan “Imom Buxoriy merosi” qo‘shma tadqiqot va xalqaro konferensiyani tashkil etish bo‘yicha taklif bildirdi. 

Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolaridan biri, Bosh moharrir Yeka Triyatna Shanti so‘z olib, mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad yosh avlodni tarixiy shaxslar haqida o‘rganishga rag‘batlantirish, akademik hamkorlikka kuchli asos bo‘luvchi Prezident Sukarno va Imom Buxoriy o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlikni xotirlashga ko‘maklashish ekanini qayd etdi. 

Uchrashuv yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish