![](https://iiau.uz/storage/eb/ef/22/9145/conversions/11-large.jpg)
Yangi O‘zbekiston yoshlari tarbiyasida milliy qadriyatlar hamda zamonaviy ta’lim yutuqlarining o‘rni
Yurtimizda yoshlar tarbiyasi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Keyingi yillarda yigit-qizlarimiz barkamol inson boʻlib ulgʻayishi uchun maʼnaviy tarbiyaga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilinayotgan turli qaror va farmonlar, amalga oshirilayotgan tadbirlar, amaliy ishlar natijasida farzandlarimiz barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishishmoqda.
Xususan, kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida ham farzandlarimizning ma’naviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot g‘oyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi yana bir bor ta’kidlandi.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari tarbiyasida milliy qadriyatlar hamda zamonaviy ta’lim yutuqlarining o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda Notiqlik san’ati akademiyasi direktori, filologiya fanlari nomzodi, professor Rahimboy Jumaniyazov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ijtimoiy- maʼnaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Shahlo Ahrorova, Iqtisodiyot va moliya vazirining maʼnaviy-maʼrifiy bo‘yicha maslahatchisi, iqtisod fanlari nomzodi Obiddin Mahmudov, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, Andijon davlat pedagogika instituti dotsenti Farhod Usmonov, Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, fakultet dekani Sayyora Chiniyeva, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Ilm mashvaratini Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Yoshlarning ong-u tafakkurida milliy g‘urur bilan birga umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptirish, farzandlarimizni zamonaviy bilim va dunyoqarash, daromadli kasb egalari etib tarbiyalash, ularni ilm-fan, IT texnologiyalar, ma’naviyat, san’at va adabiyot, sport bilan oshno etish har qachongidan ham muhim ekani qayd etildi.
Anjuman davomida soha mutaxassislari tomonidan “Yoshlarni milliy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muammolari”, “Kommunikativ kompetentlik va notiqlik mahorati – sifatli taʼlim mezoni”, “Globallashuv sharoitida yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning ilmiy-nazariy asoslari”, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat: milliy qadriyatlar va tarbiya”, “Milliy qadriyatlar millat ma’naviyatining ko‘zgusi”, “Sharqona axloq kodeksi – milliy qadriyatlar majmui”, “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar”, “Globallashuv davrida milliy o‘zlikni saqlagan holda yoshlarga ta’lim-tarbiya berish” hamda “Ayollar taʼlimi – barqaror kelajak sari yo‘l” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Anjumanda zamonaviy o‘quv metodlari va innovatsion texnologiyalarni ta’limda qo‘llashning yoshlar rivojidagi o‘rni, globallashuv sharoitida yoshlarni milliylik ruhida tarbiyalash masalalari, milliy va diniy qadriyatlarning yoshlarga ta’siri va ularning ma’naviyatini oshirishdagi o‘rni, yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali keluvchi zararli axborotlardan himoya qilish, ularda internet madaniyatini shakllantirishda qo‘llanuvchi usullar hamda globallashuv davrida yoshlarni dunyo hamjamiyati bilan tanishtirish, ularda milliylik ruhini saqlab olgan holda madaniyatlararo muloqot ko‘nikmasini shakllantirish kabi masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, ma’ruzachilar tomonidan yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiya qilish muhim ekanini ta’kidlandi. Xususan, bu borada tarbiya oiladan boshlanishi, oila ma’naviy olami o‘zaro hurmat, qadrlash, hamkorlik, murosasozlik, mehribonlik, rahmdillik, mehr-oqibat, sabr-bardoshlilik, olijanoblik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat kabi ma’naviy qadriyatlarni o`zida mujassamlashtirishi muhim ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish