8

Talabalar uchun dolzarb mavzuda davra suhbati o‘tkazildi

Shu kunlarda Toshkent shahrida “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi doirasida tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Oylik davomida joylarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham o‘tkazildi.

Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Shayxontohur tumani IIO FMB boshlig‘i polkovnik O.Jamolov, tuman ichki ishlar organi vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbati avvalida mazkur oylikning mazmun-mohiyati haqida talabalarga tushuncha berildi. Profilaktik tadbirlar davomida internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali giyohvand moddalarni sotish holatlarini aniqlash, uyushgan jinoiy sxemalarni fosh etish va yoshlar orasida taqiqlangan moddalar tarqalishining oldini olish bo‘yicha manzilli tezkor-profilaktik tadbirlar rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Mutaxassislar tomonidan giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishning salbiy oqibatlarini tushuntirishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi. Yoshlarning bu yo‘lga kirib qolishining oldini olish dolzarb masala ekani ta’kidlanib, bu illatga qarshi kurashish har bir ongli fuqaroning mas’uliyatli burchi ekani uqtirildi.

Narkologik moddalarni isteʼmol qilgan shaxslarning shaxslar psixologik va tibbiy xolati, organizmidagi oʻzgarishlari toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtildi hamda giyohvand, tamaki va alkogol moddalarni isteʼmol qilishning zararli oqibatlari haqida statistik maʼlumotlar asosida yoshlarga keng tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida talabalar oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish