Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya – jamiyat rivojiga to‘siq
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurashishni ham taqozo etadi.
Shu bois, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning dolzarbligi sababli, 2024-yilning 5-iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g֥‘risida”gi qonuni va korrupsiyaga qarshi qonunchilik normalarining mazmun-mohiyati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Ushbu tadbir “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini samarali tashkil etish, ushbu qonun bilan belgilangan talablarni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etishda xodimlarning huquq va manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida tashkil etildi.
Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlarining dunyoqarashini yanada kengaytirish, siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Ilyos Mirziyotov, “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Eshmatov, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida Toshkent davlat yuridik universiteti Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Erkin Xosilov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.
Tadbirda ma’ruzachi tomonidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni haqida ma’lumot berildi.
Ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 25-oktabrda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2023-yil 1-iyunda ma’qullangan. 5-iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi. Joriy yilning 6-dekabridan kuchga kiradi. Qonun 5 ta bob, 33 ta moddadan iborat.
Ma’lumki, manfaatlar to‘qnashuvi shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat hisoblanadi.
Ma’ruzadan so‘ng Akademiya vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Tadbir yakunida “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Bektosh Berdiyev tomonidan hafta davomidagi xalqaro va milliy siyosiy makondagi voqealar dayjesti haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish