Internet firibgarliklaridan ogoh bo‘ling
XXI asr axborot texnologiyalari davrida oʻzining keng qamrovliligi bilan ajralib turuvchi va yildan yilga koʻpayib hozirgi kun asosiy mavzularidan biriga aylanib borayotgan kiberfiribgarlik jinoyatlari jamiyatga juda katta xavf keltirib chiqarmoqda.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Internet firibgarliklaridan ogoh bo‘ling” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Mazkur dars Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlarining dunyoqarashini yanada kengaytirish, siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zokirjon Ro‘ziyev, professor-o‘qituvchilari hamda xodimlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Shayxontohur tuman bo‘limi boshlig‘i Shahzod Islomov hamda katta leytenant Sohibjon Turdiyev mavzu yuzasidan ma’ruza qilishdi.
Tadbirda ma’ruzachi tomonidan internet firibgarligi tobora kuchayib borayotgani, bunda kiberxavfsizlikdan himoyalanishda huquqiy bilimi bo‘lmagan odamlar ularning tuzog‘iga ilinayotgani qayd etildi. So‘nggi yillarda internet firibgarligining rivojlanish tendensiyalari, aldov turlari haqida ma’lumot berildi.
– Internet firibgarliklarining turlari ko‘p, – dedi Shahzod Islomov. – Firibgarlar zamonaviy usullardan foydalanmoqda. Bank nomidan telefon qilib, yolg‘ondan “Sizning nomingizga firibgarlar kredit olyapti. Buni to‘xtatish uchun raqamingizga yuborilgan kodni bizga ayting” degan aldovlar, turli onlayn o‘yinlarda g‘olib bo‘ldingiz degan mazmundagi xabarlar, soxta internet do‘konlardan xarid qilganda oldindan pul tashlab berish, sun’iy intellekt yordamida yaqin tanishingizning ovozini o‘xshatib, unga pul zarur bo‘lib qolgani, kartasiga tashlab berishini aytishadi. Bulardan ogoh bo‘lishimiz, firibgarlarning aldoviga uchramaslik uchun joylarda targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, aholining internet firibgarligiga qarshi immunitet hosil qilishimiz zarur.
Tadbir davomida internet firibgarligiga qarshi kurashish bo‘yicha soha mutaxassislari tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.
Yakunda “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Musurmon Xurramov tomonidan hafta davomidagi xalqaro va milliy siyosiy makondagi voqealar dayjesti haqida ma’lumot berildi.
Ma’ruzachi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi, Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqish hamda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bagʻishlangan majlisidagi ishtiroki va nutqlari haqida tahlillarga asoslangan taqdimot qildi.
Prezidentimiz tomonidan 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlanishining mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish