62

Bayroq – milliy g‘urur va iftixor timsoli

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.

1991-yil 18-noyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu bilan mazkur qonun mazmun mohiyati bilan xalqimizning tamoman yangi davrini boshlab berdi. Mazkur davr mustaqillik davri sifatida tarixda qoladi. Zero, bayroq millat mavjudligi va ozodligi, tarixiy xotira va davlat suverenitetining ramzidir.

Davlat hokimiyatini, millatning shon-u sharafini timsol etgani uchun ham unga hurmat bajo keltiriladi. Bayroqsiz na istiqlol ma’noga ega, na har qanday taraqqiyotning mohiyati bor. 

Bayroq yerga qo‘yilmaydi, otilmaydi, yirtilmaydi va yoqilmaydi. U yuqoriga ko‘tarilganda saf tortiladi, qo‘lni yurak ustiga qo‘yib, qalban his-hayajonga to‘lasiz. Chunki, bayroq har bir insonning or-nomusi, sharafi va u dahldor bo‘lgan Vatanning ko‘rki va iftixoridir.

Vatan bayrog‘i mudom hilpiraydi. Qaysi davlat bayrog‘i bo‘lishidan qat’i nazar, uning muqaddasligi butun dunyoda so‘zsiz e’tirof etiladi. U shundayin umuminsoniy qadriyat. Uning qismatiga urushlar, jangu jadallar, mislsiz g‘alaba, son-sanoqsiz qurbonlar bitilgan. Uni deb jon bergan va uni deb jon olgan qahramonlar taqdiri ana shu bayroqqa payvand. 

Qatag‘on qurbonlari, erk uchun kurashgan yurt o‘g‘lonlari qo‘lida bayroq bo‘lgan. Ular undan kuch olgan, ilhom olgan. U bitmas-tuganmas ma’naviyat manbayi. Uni ko‘rgach, qalblar his-hayajonga to‘ladi, ko‘zlarga yosh keladi. Vatan madhiyasini tinglaganda qanchalik g‘ururlanasan inson. G‘alaba sharafiga ne-ne bayroqlarni dog‘da qoldirib, O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilganda-chi? Tuyg‘ular ummoniga g‘arq bo‘lganda-chi? 

Buni ta’riflashga til ojiz...     

Bizning zimmamizga Vatan bayrog‘ini ehtiyot qilish, ikkilanmay ko‘zga surish, unga munosib bo‘lish yuklangan. Uning ortida ko‘hna va zabardast tarixiga ega hamda buyuk kelajak sari ishonch bilan borayotgan yangi O‘zbekiston turibdi. 

Bugun bayrog‘imiz xalqaro maydonda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida mustaqil vatanimizni ifodalamoqda. Har birimiz buning mas’uliyatini his qilishimiz juda ham muhim.

Nuriddin Qolqanov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Xalqaro munosabatlar”

kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Izoh qoldirish