113

Xalqaro konferensiyada Akademiya rektori ishtirok etmoqda

Avval xabar berganimizdek, Samarqandda “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro Kongressi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur anjumanda IRCICA, ICESCO, TURKSOY, “Al-Furqon” fondi, Xalqaro Turkiy akademiya rahbarlari, Islom olami robitasi vakillari, dunyoning 35 da davlatidan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar  va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ham ishtirok etmoqda. 

Ochilish marosimini Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati Boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov kirish soʻzi bilan ochdi. 

Konferensiyada Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi - IRCICA direktori, WOSCU Boshqaruvi aʼzosi Mahmud Erol Qilich, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY raisi, Butunjahon jamiyati boshqaruvi aʼzosi Sulton Rayev, Islom olami Robitasi Konferensiyalar va tadbirlar boʻyicha direktori Doktor Shokir Saloh, CNN tijoriy direktori, kongress axborot hamkori Imran Ahmad, ICESCOning UNESCOdagi delegatsiyasi rahbari doktor Somia Jakta Buxadef, Fransiyaning Arab dunyosi instituti direktori Natali Bondil, Turkiya Fanlar Akademiyasi Prezidenti doktor Muzaffar Sheker, Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari instituti direktori Irina Popova, ”Al-Furqon" Islom merosi fondi menedjeri, WOSCU kengashi aʼzosi doktor Sali Shahsivari, Qatar Milliy kutubxonasi direktori Doktor Tan Husim xonim, Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Damir Muxetdinovlar qutlov soʻzlarini aytib, hamkorlik loyihalari haqida qatnashchilarga qisqacha maʼlumot berib oʻtishdi. 

Soʻng kongressning tantanali ochilish marosimida qatnashchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga qaratayotgan yuksak eʼtibori yaqqol ifodasini topgan hujjatli film va Butunjahon jamiyati faoliyatiga oid hujjatli film namoyish etildi.

Konferensiyada “Markaziy Osiyo islomgacha bo‘lgan davrda: davlatchilik, ma’naviy hayot va madaniyatlararo muloqot”, “Jaholatga qarshi ma’rifat: islom ma’naviy merosini ommalashtirishning dolzarb masalalari”, “Ta’lim va ilm-fan islom sivilizatsiyasi poydevori sifatida”, “O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalari jahon to‘plamlarida”, “Me’morchilik, san’at va hunarmandchilik: kelajak merosi” hamda “Innovatsion muzey – kelajak muzeyi: islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi muzeylari ekspozitsiyalarida yangi texnologiyalar” hamda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida”: xorijiy va milliy kolleksiyalar bo‘yicha yangi yo‘nalishlar” kabi mavzularda bo‘lim yig‘ilishlari o‘tkazilib, unda soha mutaxassislari, olimlar tomonidan ma’ruzalar tinglanadi. 

Eslatib o‘tamiz, xalqaro konferensiya 26-avgustga qadar davom etadi.

Izoh qoldirish