Yangi Oʻzbekiston — dinlar va millatlararo bagʻrikenglik zamini
Dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik gʻoyasi xilma-xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan kishilarning bir zamin, bir vatanda yagona maqsad yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashini anglatadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya, 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda 157 ta milliy madaniy markaz, 38 ta doʻstlik jamiyati faoliyat yuritib, Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilab qoʻyilgan teng huquqlilik va keng imkoniyatlardan foydalanib, totuvlik va hamjihatilikda oʻz ona tillari, millat tarixi va madaniyatini oʻrganish, oʻsib kelayotgan yoshlarga oʻz milliy qadriyatlarini toʻla yetkazish hamda millatlaro totuvlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini singdirish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda.
Bugun poytaxtimizdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Xalq diplomatiyasi va diniy bagʻrikenglik millatlararo muloqotning samarali vositasi: yangi Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Xitoy va Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va BMT Bosh assambleyasi joriy yilning 7-iyun kuni bir ovozdan maʼqullagan “Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasi ijrosini taʼminlash doirasida tashkil etildi.
Rezolyutsiyada barcha madaniyatlar va sivilizatsiyalarning insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi yuqori baholanadi hamda dunyodagi diniy va madaniy xilma-xillikning ahamiyati eʼtirof etilgan. Turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasida bagʻrikenglik, hurmat, muloqot va hamkorlik ragʻbatlantiriladi. Global birdamlikni rivojlantirishga daʼvat etiladi.
Unda Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Andre Algermissen, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abdulaziz Abdugʻaniyev, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari Firdavs Xalimov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro munosabatlar boʻlimi boshligʻi Ibrohimjon Inomov, vazirlik va idoralar, diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Konfensiya “Yangi Oʻzbekiston — dinlar va millatlararo bagʻrikenglik zamini” hamda “Xalq diplomatiyasi tinchlik va barqarorlik vositasi sifatida” kabi sho‘balarga bo‘lindi.
Anjumanda Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasida (2023-yil), SHHTning Samarqand sammitida (2022-yil) va SHHT plyus majlisi (2024-yil)da ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand tashabbusini ommalashtirish, millatlaaro va sivilizatsiyalararo munosabatlarni, bagʻrikenglik va yaqin qoʻshnichilikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ham ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Akademiya rektori yurtimizdagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Akademiyada “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” singari mutaxassis kadrlarni tayyorlaydigan kafedralar faoliyat yuritmoqda. Ularda oʻz sohasining yetuk professor-oʻqituvchilari yoshlarga taʼlim berib kelmoqda.
Akademiya rektori oʻtgan yili “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” munosabati bilan diniy-maʼrifiy sohaning samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshgan bir guruh Akademiya vakillari “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganini e’tirof etdi.
Ishtirokchilar tomonidan Xalqlar doʻstligi kunini munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarga yoʻllagan tabrigida jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor vazifalaridan biri ekanini taʼkidlandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar oʻrtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettirish va bu sohada yurtimizdagi turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar masʼullari ishtirokida muntazam seminar va ilmiy anjumanlar oʻtkazib borishga kelishildi.
Shu yoʻnalishda aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millatlar vakillari oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ezgu ishlarni yanada kengaytirish qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish