Akademiyada “Hazrat Zangi ota” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
TAQDIMOT
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidovning “Hazrat Zangi ota” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori Muhammadolim Muhammadsiddiqov, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali Bosh muharririning o‘rinbosari Azizbek Ramazonov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matullo Muhamedov olib bordi.
Davra suhbatida Akademiya rektori Uygʻun Gʻafurov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan Toshkent viloyatidagi Zangi Ota majmuasi va unga tutash hududlarda keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilgani hamda majmua hududida 1000 oʻrinli yangi masjid binosi qad rostlagani haqida gapirib oʻtdi.
Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan hozirgi milliy yuksalish davrida Prezidentimiz rahnamoligida butun islom dunyosida mashhur Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Motirudiy, Abul Muʼin Nasafiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Hazrat Zangi ota kabi buyuk allomalar ilmiy-maʼnaviy merosi teran oʻrganilib, meʼmoriy majmualari obodonlashtirildi va xalqimizning muqaddas ziyoratgohlariga aylantirildi.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining “Buyuk alloma Oyxoʻja ibn Toshxoʻja – Zangi otaning nomi, bu muborak zotning Toshkent viloyatidagi ziyoratgohi musulmon olamida maʼlumu mashhurdir”, degan fikrlari alloma shaxsiyatiga berilgan baho desak adashmagan bo‘lamiz.
Akademik Akmal Saidovning “Hazrat Zangi ota” nomli kitobida ulugʻ avliyo, shayx, tasavvufning yirik namoyandalaridan biri Hazrat Zangi ota (Oyxoʻja ibn Toshxoʻja) haqida soʻz boradi. Movarounnahrning buyuk valiylaridan biri boʻlgan bu moʻtabar zot Xoja Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonboboning evarasidir. Kitobda Zangi otaning tarjimai holi, xususan, ism va nasablari, ahli ayollari, sulolasi, tavallud va vafot vaqtlari, Vatani, sayohat va izlanishlari, ustoz va shogirdlari, Yassaviya tariqatidagi darajalari, maqbara va ziyoratgohlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bayon etilgan.
Zangi ota majmuasi – nafaqat Oʻzbekiston, ayni chogʻda, Markaziy Osiyo mintaqasidagi noyob tarixiy-meʼmoriy va madaniy-maʼrifiy majmua va tabarruk ziyoratgohlardan hisoblanadi. Shu maʼnoda, majmuaning Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilishi, Temuriyzoda – olim va shoh Mirzo Ulugʻbek tomonidan taʼmirlanishi, keyingi davrlarda, ayniqsa, mustaqillik yillarida bu moʻtabar maskanda amalga oshirilgan obodlik va bunyodkorlik ishlari haqida ham kitobda muhim maʼlumotlar berilgan.
Asarda Hazrat Zangi otaning maʼnaviyati va faoliyati misolida tasavvufga doir qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan. Zangi otaning karomat va fazilatlari, ul zot haqidagi sheʼr va rivoyatlar, shuningdek, ulugʻ avliyo merosining Sharqda va Gʻarbda oʻrganilishi masalari talqin etilgan.
Ushbu kitob 2015-yilda nashr etilgan boʻlsa-da, shu oʻtgan davr mobaynida muallif mavzu doirasida koʻplab ilmiy izlanishlar olib bordi, oʻz fikr-mulohazalarini risolada, jurnal va gezetalarda eʼlon qildi. Ushbu toʻldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashrda Hazrat Zangi ota hayoti va faoliyatiga doir yangidan-yangi maʼlumotlar, kitobning birinchi nashri xususida yurtimiz ziyolilari, olimu adiblari tomonidan bildirilgan fikrlar bilan ham yaqindan tanishasiz.
Kitob ilmiy-ommabop usulda yozilgan boʻlib, tasavvuf tarixi bilan qiziquvchi mutaxassislar hamda keng kitobxon ommasiga moʻljallangan.
Taqdimotda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, professorlar Nurislom To‘xliyev, Saidakbar Agzamxo‘jayev hamda Islomshunoslik fakulteti talabasi Yosinxon Ahmadxonov so‘zga chiqib, kitob haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.
Talabalar oʻzlarining kitob haqidagi qiziqarli savollari bilan faol qatnashdilar.
Yakunda “Hazrat Zangi ota” nomli kitobdan bir nechtasi Akademiyaning Axborot-resurs markaziga topshirildi.
Izoh qoldirish