243

Akademiyada Kudus davlat islom instituti rektori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Kudus davlat islom instituti rektori Abdurrohman Kasdi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Akademiyaga delegatsiya a’zolari prorektor Kisbiyanto Surani, Institut maʼmuriyati boʻlimi boshligʻi Adrian Ahmad Kasidin, Aspirantura direktori Adri Efferi, Tadqiqot va jamoat xizmatlari agentligi raisi Shobirin Sobri Kasrifan, Iqtisodiy va islom biznesi fakulteti dekani Vahibur Rohman, Xalqaro aloqalar markazi rahbari Fauzan Adim, Indoneziyaning Oʻzbekistondagi Elchixonasi birinchi kotibi Sintia Sayeh tashrif buyurdi.

Uchrashuvda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Zokirjon Roʻziyev, Zohidjon Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Kudus davlat islom instituti rektori Abdurrohman Kasdi samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, Kudus davlat islom instituti toʻgʻrisida va uning faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. 

Abdurrohman Kasdi bugungi kunda institut 5 ta fakultetdan iboratligi, 15 ming  talaba tahsil olishi, 450 nafar professor-oʻqituvchilar mavjudligi va bir qator xorijiy universitetlar bilan hamkorlik aloqalari ruvojlanib borayotganini taʼkidladi. Shundan soʻng,  u Akademiya bilan ikki tomonlama talabalar almashuvini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda tadqiqotlar olib borish taklifini bildirdi. 

Uchrashuvda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov Akademiyaning ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari, yaqin istiqboldagi rejalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Oʻzbekistonda islom taʼlimoti va madaniyati bilan bogʻliq koʻp jildlik qoʻlyozma asarlar saqlanib kelinayotnini bildirib, joriy yil iyun oyida Indoneziya vitse-prezidenti Maʼruf Amin Oʻzbekistonga tashrifi davomida Toshkentda saqlanayotgan “Usmon Musʼhafi”ni koʻrishga muyassar boʻlgani haqida qisqacha toʻxtaldi. 

Shuningdek, Akademiyaning bugungi kunda 40 dan ziyod xorijiy universitet va ilmiy markazlar bilan oʻzaro Anglashuv memorandumlari mavjudligi, shuningdek, Akademiyada Tojikiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Afgʻoniston va boshqa davlatlardan 40 nafardan ortiq xorijiy fuqarolar tahsil olib kelayotganini maʼlum qildi. 

Rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev ikki tomonlama bilim va malaka almashish maqsadida oʻqituvchi va talabalarga mahorat darslari, trening mashgʻulotlarini onlayn va oflayn tarzda tashkil etish, ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishni yoʻlga qoʻyish kabi bir qator takliflar bildirdi.

O‘qub ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Roʻziyev joriy yil Akademiya professor-oʻqituvchi va talabalarining Singapur – Malayziya – Indoneziya mamlakatlariga “Yozgi maktab” dasturi doirasida safari amalga oshirilgani hamda Jakarta Sahid universitetida Akademiya markazi tashkil etilganini bildirdi. Shu oʻrinda, Kudus davlat islom instituti bilan “Yozgi maktab” doirasida hamkorliklar yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari mavjudligiga toʻxtaldi.

Akademiya rektori takliflar uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirgan holda kelgusida xamkorlik aloqalarini oʻrnatish hamda rivojlantirish boʻyicha ikki tomonlama takliflar asosida Anglashuv memorandumi loyihasi ishlab chiqilib, Kudus davlat islom institutiga taqdim etishilini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomon bir-birlariga esdalik sovgʻasi topshirdi hamda delegatsiya koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Izoh qoldirish