239

TEZROQ, BALANDROQ, KUCHLIROQ Oʻzbekiston yoshlari sportimiz tarixida yangi sahifa ochdi

IFTIXOR

Xanchjou shahrida (Xitoy) boʻlib oʻtgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarimiz kecha yurtimizga qaytib keldi. Toshkent xalqaro aeroportida sport delegatsiyamiz aʼzolari tantanali kutib olindi.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilarning ota-onalari va yaqinlari, jurnalistlar jam boʻldi.

Prezidentimizning sport delegatsiyamiz aʼzolariga yoʻllagan tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov oʻqib eshittirdi.

Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston sporti tarixida yangi sahifa ochgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlaridagi muzaffariyat bilan muborakbod etdi. Jumladan, Osiyo oʻyinlari chempioni Bahodir Jalolov, Sharifa Davronova va murabbiylar yurtimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk inson boʻlib ulgʻayishi, sport bilan muntazam shugʻullanishi, isteʼdod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundan-da yuksak gʻalabalarni qoʻlga kiritishga vaʼda berishdi.

– XIX yozgi Osiyo oʻyinlarini koʻtarinki kayfiyatda yakunladik, – dedi kurash milliy sport turi boʻyicha terma jamoamiz murabbiyi Rizamat Soliyev. – Milliy kurashimiz – milliy faxrimiz! Uning Osiyo oʻyinlariga kiritilgani bizni yanada gʻururlantiradi. Har bir davlat milliy sporti bunday nufuzli sport oʻyinlari dasturiga kiritilishini xohlaydi. Musobaqada 4 oltin, 1 kumush va 1 bronza medalni qoʻlga kiritdik. Kelgusi Olimpiya oʻyinla rida bundan-da katta yutuqlarga erishamiz, degan umiddaman.

Qahramonlarimizni kutib olganlarning chehrasi shodon, quvonch, shukronalik, xotirjamlikdan koʻngli koʻtarilgan.

– Xursandchiligimning cheki yoʻq, – deydi Abdumalik Xalakovning onasi Nigora Yakubova. – Nafaqat oʻgʻlimning, u bilan birga barcha sportchilarimizning gʻalabasi ham bizni quvontirdi. Ayniqsa, Prezidentimizning tabrigi bizni yanada xursand qildi. Bu yutuqlar zamirida davlatimizning sportga eʼtibori, qoʻllab-quvvatlovi turibdi. Oʻgʻlim u yoqdan turib bizga qoʻngʻiroq qilganida, sharoitlar aʼlo darajada ekani, ulardan faqat bel lashuvlarga puxta tayyorgarlik koʻrish soʻralayotganini aytdi. Shunday sharoit yaratib berganlarga yana bir bor rahmat. Oʻgʻlim gʻoliblik orqali 2024-yil Parijda oʻtadigan Olimpiadaga yoʻllanma oldi. Nasib etsa, oltin medal olishiga ishonaman.

Hassos ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir tabrik uchun minbarga yoʻl oldi. Atletlari mizning mardonavor kurashi, gʻalaba shukuhiga bagʻishlangan sheʼr yangradi. 

Tadbirning badiiy qismida Oʻzbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Farrux Zokirov hamdaestrada xonandalarining Vatan madhi tarannum etilgan qoʻshiqlari marosimga yanada fayz bagʻishladi.

Marosimdan soʻng sportchilarimiz joy olgan maxsus avtobuslar poytaxtimiz koʻchalari boʻylab Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomon yoʻlga chiqdi. Yoʻl chetidagi odamlar chempionlarga qoʻl siltagan, bolakaylar havas bilan qaragan: “Men ham katta boʻlsam, chempion boʻlaman!”.

Ixlos bilan chin yurakdan qilingan niyatlar, albatta, amalga oshajak. Zero, yangi Oʻzbekistonda mehnat qilgan inson aziz va qadrli.

Bugun jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishga berilayotgan eʼtibor yurtimizda yosh avlodning barkamol boʻlishiga xizmat qilib, xalqaro arenalarda yurtimiz dovrugʻini dunyoga yoymoqda. 

Bu borada tizimli islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz ishtirokida sportni yanada rivojlantirish borasida mutaxassislar bilan doimiy ravishda taqdimot va uchrashuvlar oʻtkazildi. Xususan, 2022-yil 1-aprel kuni yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish, oʻsha yil 23-may kuni sportni ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor boʻlib oʻtdi.

Mazkur muhokamalarda sohadagi ilmiy salohiyat talab darajasida emasligi aytildi. Mahalliy olimlar tomonidan birorta sport turi boʻyicha metodika, dastur ishlab chiqilmagani, sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida kechayotgani tanqidiy baholandi. Sport dietologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardiomashgʻulotlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmayotgani, olimpiya sport turlari boʻyicha jismoniy va ruhiy tayyorlash, sogʻlom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Islohotlar tadrijiy davom etib, joriy yil 6-aprelda Prezidentimiz yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda bu sohalarda davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish va ularni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilandi. 

Shuningdek, Xanchjou shahrida boʻlib oʻtadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilarining har tomonlama tayyorgarligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, ularda gʻolib sifatida medallarni qoʻlga kiritgan sportchilarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash qayd etildi.

Mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish maqsadida 2022-yil 5-mayda Prezidentimizning “2023-yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) boʻlib oʻtadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tuzilib, bajarilishi kerak boʻlgan vazifalar belgilab olindi.

Buning samarasi esa 23-sentabrdan 8-oktabrgacha Xanchjou shahrida boʻlib oʻtgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida oʻzining amaliy ifodasini topdi. Har toʻrt yilda oʻtkaziladigan mazkur nufuzli sport anjumanida qitʼamizning 45 davlatidan 11 ming sportchi ishtirok etdi.

Chin diyorida oʻtkazilgan bellashuv Oʻzbekiston uchun sakkizinchi yozgi Osiyo oʻyinlari boʻldi. Unda delegatsiyamiz oʻz tarixidagi eng katta tarkib – 32 ta olimpiya va 6 ta noolimpiya sport turida jami 390 nafar (230 erkak, 160 ayol) atlet bilan ishtirok etdi. Boʻlajak Osiyo oʻyinlari oldidan har bir terma jamoa tayyorgarligi davlatimiz tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlandi, mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolariga yoʻllagan tabrigida shunday soʻzlar bor: “Hech shubhasiz, sizlarning yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, yuqori oʻrinlarni egallaganingiz mamlakatimizda sogʻlom va barkamol, vatanparvar yosh avlodni – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish maqsadida olib borayotgan keng koʻlamli islohotlarimizning yana bir amaliy natijasi sifatida barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi, millionlab tengdoshlaringiz uchun oʻrnak va namuna boʻlib xizmat qiladi”.

Vakillarimiz 20 ta sport turi boʻyicha medallarni qoʻlga kiritdi. Mazkur natija bilan Jakarta shahrida (Indoneziya) oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlaridagi 16 ta sport turi boʻyicha qoʻlga kiritilgan koʻrsatkichni yaxshilashga muvaffaq boʻlishdi. 

Ayniqsa, jamoaviy sport turlarida ajoyib natijalar kuzatildi. Erkaklar futbol jamoasi bronza medalni qoʻlga kiritib, Xirosima-1994 dan soʻng ilk bor sovrindorlar qatoridan joy oldi. Qizlar terma jamoasi esa Osiyo oʻyinlarida birinchi bor ishtirok etayotganiga qaramay, faxrli 4-oʻrinni egalladi.

Badiiy gimnastikachilarimiz Osiyoda tengsizligini namoyish etdi. Shaxmat boʻyicha erkaklar jamoasi bronza medalga ega chiqdi. Bokschilarimiz tarixiy solnomani yozishda davom etganini alohida taʼkidlash joiz. Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda Bahodir Jalolov, Abdumalik Xalakov va Hasanboy Doʻstmatov oltin, Toʻrabek Habibullayev bronza medal oldi. Shu tariqa erkaklar terma jamoasi boks boʻyicha umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi.

Ayollar oʻrtasidagi bahslarda 54 kilogramm vaznda Nigina Oʻktamova 3-oʻringa sazovor boʻldi. Umumiy natijalarga koʻra, bokschilarimiz mezbonlardan soʻng 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston ayollar jamoasi Osiyo oʻyinlari tarixidagi ilk oltin medalni qoʻlga kiritgani eʼtirofga molik. Ayniqsa, finalda kuchli raqib – Yaponiya terma jamoasi ustidan qozonilgan gʻalaba ikki karra quvonchli boʻldi.

Milliy kurash sport turida sportchilarimiz 4 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. 

Shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi delegatsiyamiz hisobiga qoʻshaloq medallarni taqdim qildi. Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda Nodirbek Abdusattorov 7 ochko bilan kumush, Javohir Sindorov esa 6,5 ochko bilan bronza medalga sazovor boʻldi.

Dzyudochilarimiz aralash jamoaviy dasturda ikkinchi oʻrinni egalladi. 

10 metrga pnevmatik miltiqdan otish boʻyicha aralash jamoaviy dasturda ishtirok etgan Javohir Sohibov va Muxtasar Tohirova juftligi “Bangkok-1998” Osiyo oʻyinlaridan 25 yil oʻtib, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolarining shohsupaga koʻtarilishini taʼminladi. 

Osiyo oʻyinlarida zamonaviy beshkurash va boksdan Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga jami 5 ta yoʻllanma (litsenziya) qoʻlga kiritildi.

Albatta, bu natijalar bizga quvonchli damlarni tortiq etgani barobarida kelgusidagi vazifalarga ham tayanch boʻladi. Bu borada islohotlar davom etmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham muhim vazifalar qayd etilgan.

Jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanadigan yoshlar qamrovini kengaytirish, milliy terma jamoalarga yuqori malakali va natijador sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, navbatdagi Osiyo oʻyinlarida ham Oʻzbekiston sportchilarining umumjamoa hisobida kuchli davlatlar qatorida boʻlishi kabi ustuvor vazifalar belgilab olindi. 

Albatta, milliy sportimiz tarixida oʻziga xos iz qoldirayotgan yigit-qizlarimizni har qancha eʼtirof etsak arziydi. Zero, mazkur muvaffaqiyatlar zamirida matonat, mardonavor mehnat mujassam. Davlat madhiyasi arena boʻylab baralla yangrashi va yurtimiz bayrogʻi magʻrur hilpirashi zamirida katta mehnat va mashaqqat yotibdi. 

Karate WKF yoʻnalishi boʻyicha 17 yildan soʻng yurtimizga oltin medalni taqdim etgan Sevinch Rahimova “Madhiya yangrayotganda shuncha mehnatlarim koʻz oʻngimdan oʻtdi”, deganida haq gapni aytdi. Chindan ham, sportchilarimiz chiqishlarini koʻrib, ota-onalari, qarindosh-urugʻ, ustoz-murabbiylari gʻurur hissini tuygani shubhasiz.

Bilʼaks, bu mehnatni sharaf bilan ado etgan, ularni oynayi jahon orqali koʻrib, muxlislik qilgan oʻgʻil-qizlarimizda yuksak ishonch va masʼuliyat uygʻongani sir emas. Ertaga ularning orasidan yangi chempionlar yetishib chiqadi. Bu yoʻlda esa tizimli va toʻgʻri islohotlar amalga oshirilsa bas. 

Chunki oldinda zabt etilishi kerak boʻlgan choʻqqilar hali koʻp. Parij Olimpiadasiga puxta tayyorgarlik koʻrish, yuqori saviyada ishtirok etib, mamlakatimiz bayrogʻini balandga koʻtarish zarur. Bu yoʻlda esa sportchilarimiz bugundan harakat qilishi, oʻz ustida tinimsiz ishlashi kerak. Zero, harakatdan toʻxtagan inson boshqalardan ortda qoladi. Tezroq, balandroq va kuchliroq mehnat qilishning davri keldi.

Darvoqe, 22-28-oktabr kunlari Xanchjouda IV Paraosiyo oʻyinlari start oladi. Mazkur musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ham ishtirok etadi. 107 nafar sportchimiz suzish, yengil atletika, dzyudo, pauerlifting, akademik va kanoeda eshkak eshish, oʻq otish, stol tennisi, shaxmat, velosport, taekvondo kabi sport turlarida qatnashadi. 

Sabr va matonat timsoliga aylangan, imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, oʻzida kuch va iroda topib, sportimiz rivoji uchun munosib hissa qoʻshgan va qoʻshayotgan yigit-qizlarimiz ishtiroki muvaffaqiyatli boʻlishiga ishonamiz.

Sherzod MAHMUDOV,

jurnalist

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023-yil 10-oktabr, 209-son

Izoh qoldirish