Akademiya talabalari nomdor davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi
Oʻqishdan toʻxtagan odam fikrlashdan ham toʻxtaydi. Darhaqiqat, yoshlarning bilim olish yoʻlida sobitqadam boʻlishi yurtni taraqqiyot sari yetaklaydi. Davlatimiz rahbari bejizga “Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor oʻtmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!”, degan soʻzlarni taʼkidlab oʻtmagan edilar.
Chindan ham mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzini oshirish koʻp jihatdan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirishga bogʻliq. Shu sababli iqtidorli yigit-qizlarni aniqlash va ragʻbatlantirishga, yosh avlodning zamonaviy dunyoqarashini, ijodiy va shaxsiy xususiyatlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ertamiz egalari oʻz isteʼdod va salohiyatini toʻla namoyon etib, yuksak natijalarga erishmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2022/2023-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichining 566 nafar talabasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib ko‘rildi. Ahamiyatlisi, mana shu iqtidorli yoshlar safida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining to‘rt nafar isteʼdodli talabasi ham bor.
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi E’zozaxon Usmonxo‘jayeva;
Islomshunoslik fakulteti 4-bosqich talabasi Durdona Asadullayeva;
Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-kurs talabasi Xayotbek Rustamov 2022/2023-oʻquv yili uchun Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi.
Shu bilan birga Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Dilzoda Nazimjonova 2022/2023-oʻquv yili uchun Islom Karimov nomli davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.
Talabalarning bu yutuqlari zamirida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi taʼlim sifati doimo muhim ahamiyatga ega ekani yotibdi.
Davlatimiz yoshlarga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, strategik resurs sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti. Chunki yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʻlom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga eʼtibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori boʻladi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi iste’dodli va iqtidorli talabalarni mazkur yutuqlari bilan muborakbod etadi. Ularning o‘qish va ishlariga muvaffaqiyat, tansihatlik, tinchlik-xotirjamlik tilaydi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish