443

Akademiya yosh iste’dodlari munosib taqdirlandi

Yangi O‘zbekistonni Uchinchi Renessans bosqichga olib chiqishda yoshlarning intellektual salohiyati muhim rol o‘ynaydi. Bugun yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan yetuk kadrlar bo‘lib shakllanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Albatta, bu kabi imkoniyatlar Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yishda muhim asos bo‘ladi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan “Аkademiya yosh iste’dodlari” nomli ilmiy-ijodiy ishlar tanlovi ayni shu jihatlarni amalga oshirishga  qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Tanlov asosan 1-kurs talabalari o‘rtasida tashkil etilib, ularning bugungi o‘zgarish va yangilanishlarga munosabatini bilish, ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘tkazildi. 

Tanlovning saralash bosqichida 30 ga yaqin ilmiy-ijodiy ishlar kelib tushdi. Ulardan 18 tasi saralanib, “Аkademiya yosh iste’dodlari” nomli to‘plamiga kiritildi. To‘plamdan Oʻzbekistonda аmalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar hamda dinshunoslik, islomshunoslik sohasidagi ilmiy yutuqlar kabi mavzular qalamga olingan. 

Tanlovning taqdirlash marosimida Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid, Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Dono Kalandarova, Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi xodimi Xusniddin Xolmatov, tayanch doktorantlar, talabalar hamda Axborot-resurs markazi rahbar-xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar o‘zlarining ilmiy mulohazalarini bayon etib, talaba-yoshlarni yanada faol bo‘lish, fundamental tadqiqotlar olib borishga undashini ta’kidladilar. 

“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid domla sovrindorlarga kitoblar jamlanmasini taqdim etib, samimiy tilaklarini bildirdi. Talaba-yoshlardan kelajakda yetuk mutaxassis kadrlar chiqishiga umid bildirdi. 

Tadbir yakunida 18 nafar talaba o‘z ijodiy ishi yoritilgan “Аkademiya yosh iste’dodlari” nomli to‘plam, sertifikat va kitoblar bilan taqdirlandi.

Dono KALANDAROVA,

Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik 

kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i 

Izoh qoldirish