381

Akademiya vakillari “Jaholatga qarshi ma’rifat” targ‘ibot tadbirlarida faol qatnashmoqda

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab “Jaholatga qarshi ma’rifat” targ‘ibot tadbirlari doirasida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari ham faol ishtirok etishyapti. Joylardagi uchrashuvlar davomida mamlakatimizda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, aholi, xususan, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berilayotir.

Jumladan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Alisher Navoiy”, Yangiobod, Istiqlol, Tinchlik, Yangiyo‘l tumanining Qo‘shyog‘och, Xonqo‘rg‘on, Registon, Sho‘ralisoy kabi mahallalarida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbatlari, seminar-treninglar tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugun jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida fikr-mulohazalarini bayon qilishdi. 

Jamiyatda “jaholatga qarshi ma’rifat” kabi ulug‘vor g‘oyani shior qilib, yurt tinchligi va taraqqiyotida yoshlarimiz o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi, barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlashdi.

Ma’ruzachilar yoshlarning ilm-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy mezonini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik, jinoyatchilikni oldini olish, ijtimoiy tarmoq va internet jahon axborot tizimidan to‘g‘ri maqsadlarda foydalanish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.

Shuningdek, tadbirlar davomida turli mavzularga bag‘ishlangan seminar treninglarda ilm-ma’rifatning ahamiyati, yoshlarning maqsadlari, kelajak rejalari, informatsion xuruj, mafkuraviy xurujlar, psixotropik moddalar iste’mol kilishning oqibatlari kabi mavzularda seminarlar o‘tkazildi.

Tadbirlar davomida Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda aholi o‘rtasida samimiy va jonli muloqot o‘rnatilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish