406

Tuman yoshlari uchun o‘quv kurslari boshlandi

Xabaringiz bor, davlat rahbari tomonidan joriy yil 4-mart kuni “Oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Mazkur yig‘ilishda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarida ish bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham bu boradagi amaliy harakatlar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.

Shu yilning 29-mart kuni Shayxontohur tuman hokimligi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati hamkorligida tumandagi yoshlar uchun uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda tumanda istiqomat qiladigan, xorijiy tillarni o‘rganishga ehtiyoji yuqori bo‘lgan yoshlar uchun beg‘araz o‘quv kurslarini tashkil etish tashabbus bildirilgan edi. Shunga muvofiq, Akademiyada xorijiy tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan o‘quv kurslari o‘z faoliyatini boshladi.

O‘quv kurslari asosan xorijiy tillarga asoslangan, ya’ni ingliz tilini milliy yoki xorijiy sertifikatlarni olish darajasiga ega bo‘lgan dasturlarga tayangan holda ishlab chiqilgan. Darslar Akademiyada tahsil olayotgan, ayni damda o‘quv kurslariga ishga qabul qilingan, iqtidorli, xorijiy sertifikatlarga ega, til bilish darajasi yuqori bo‘lgan talabalar tomonidan olib boriladi. 

O‘z navbatida Akademiyada “Karyera va o‘quv” markazining tashkil qilinishi ham talabalarning bandligini ta’minlash, bu jarayonga faol ishtirok etishlariga zamin yaratadi. Shu bilan bir qatorda talabalar ham ish bilan ta’minlanib, tumandagi yoshlarning ham bilim darajasi oshiriladi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish