Mehnat yarmarkasi: talabalar ish bilan ta’minlanyapti
Xabaringiz bor, Prezidentimiz rahbarligida 2022-yil 4-mart kuni o‘tkazilgan videoseleklor yig‘ilishining 19-sonli bayoni hamda Oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 18-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda talaba-yoshlar uchun turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar, mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Shu maqsadda, yuqorida belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, Akademiyada “Kovorking ofislari” faoliyatini tashkil etish, talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan ish o‘rinlarini aniqlab, ish beruvchilar bilan hamkorlikda mehnat yarmarkalari, uchrashuvlar o‘tkazish rejalari ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talaba-yoshlarning ijtimoiy sharoitini yaxshilash va bandligini ta’minlash maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Yarmarkada Toshkent shahridan 50 ga yaqin tashkilotlar o‘zlarining 1 ming 650 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Tadbirga kelgan talaba-yoshlar ish o‘rinlari bilan tanishib, mutasaddi tashkilot vakillarga o‘zlarini qiziqtirgan soha bo‘yicha ishlash taklifi bilan ham murojaat qildi.
2021-2022-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini 431 nafar talaba bitiradi. O‘tkazilgan mehnat yarmarkalarida 150 dan ortiq bitiruvchi talabalar bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 1-2-3-kurs talabalaridan ham 181 nafari bugungi kunda ish joyiga ega.
Akademiyada talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan mehnat yarmarkalari o‘tkazilishi muntazamlik kasb etgan bo‘lib, joriy yil boshidan 15 dan ortiq talabalarning bandligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. Birgina, 29-mart kuni ta’lim muassasasida Shayxontohur tuman hokimligi hamda tuman Aholini bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 32 ga yaqin tashkilotlar o‘zlarining 534 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Bundan tashqari joriy yilning 25-mart kuni o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 30 ga yaqin tashkilotlar o‘zlarining 1 ming 354 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishgandi.
Dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bugungi kunda 1 ming 670 nafar talaba tahsil oladi. Bakalavr yo‘nalishida 1 ming 430, magistratura bosqichida 240 talaba o‘qiydi.
Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Afg‘oniston davlatlaridan jami 39 (33 bakalavr, 2 magistrant, 4 doktorant) nafar xorijiy fuqaro tahsil olmoqda.
Ularga olimlar, sohaning yetuk mutaxassislari saboq beradi. Jahon hamjamiyatida yuqori nufuzga ega bo‘lib borayotgan majmuada muntazam ravishda moddiy-texnik baza rivojlantiriladi. Yoshlar zamonaviy talabga mos ta’lim olishi uchun barcha sharoit muhayyo.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish