Hidoyatga boshlagan imom
Islom olamida katta nufuzga ega bo‘lgan imom, faqih, kalom ilmining moturidiylik aqidaviy mazhabi asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandning Moturid qishlog‘ida tavallud topgan.
Abu Mansur Moturidiy o‘zining yuksak ilmiy salohiyati bilan islom dunyosida alohida e’tiborga sazovordir. Alloma umri davomida islomning asl mohiyatini hamda uning o‘zgarmas aqidaviy ta’limotini buzg‘unchi firqalarning turli botil g‘oyalari va da’volaridan himoya qilib keldi. Shu sababli qoldirgan katta ilmiy merosi islom ilm-fanida yuksak e’tibor topdi va hozirgi kunda ham moturidiya aqidaviy mazhabi ahli sunna va jamoa yo‘nalishidagi asosiy mazhab bo‘lib kelmoqda.
Imom Abu Mansur Moturidiy dastlabki ta’limni o‘z qishlog‘ida olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi. Ustozlari o‘z davrining taniqli olimlari Abu Nasr Iyoziy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy bo‘lgan. Ba’zi manbalarda uning Samarqanddagi “Iyoziy” madrasasida ta’lim olgani qayd etilgan.
Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida o‘zgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar yuzaga kelgan paytga to‘g‘ri keldi. Shunday sharoitda u ahli sunna va jamoa e’tiqodini himoya qilib chiqdi. Bu yo‘lda boshqa botil aqidalarning da’volariga raddiyalar berdi hamda moturidiya aqidaviy ta’limotiga asos soldi. Bu bilan u islom ilm-fanida, ta’limotida eng asosiy hisoblangan kalom ilmini turli noto‘g‘ri da’volar va g‘oyalardan tozaladi.
Imom Moturidiyning islom olamida juda nozik hisoblangan, bizning davrimizgacha yetib kelgan “Kitob ut-tavhid” asari 1970-yilda Fathulloh Xulayf tomonidan Bayrutda nashr etilgan. Moturidiy bu asarida sunniy aqidadagi (ta’vilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda ish ko‘radi. Mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati juda katta bo‘lib, u ahli sunna ulamolari tomonidan Qur’oni karimni sharhlash (ta’vil) bo‘yicha qilingan dastlabki jiddiy urinish hisoblanadi.
Alloma umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o‘zidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga katta hissa qo‘shdi.
Imom Moturidiy o‘z zamonasidayoq “Imomul huda”, ya’ni hidoyatga boshlovchi imom nomiga sazovor bo‘lgan. Moturidiy ta’limotini batafsil o‘rgangan va bu ta’limotning mohiyatini chuqur bilgan Abul Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi olimlar Moturidiy ta’limotini rivojlantirish orqali bu maktabni davom ettirdilar.
Imom Moturidiyning qalamiga mansub asarlarning soni o‘n beshtaga yetib qoladi. Tarixiy manbalarda uning ko‘plab asarlari haqida ma’lumotlar yetib kelgan. Ularda ta’kidlanishicha, uch yo‘nalish-kalom, tafsir va fiqh bo‘yicha asarlar yozgan. Alloma tafsirga oid “Ta’vilotu ahlis-sunna”, kalomga oid “Kitob at-tavhid” (Tavhid kitobi), “Rad usul al-xamsa” (Besh usulga raddiya) va “Al-jadal fiy usul al-fiqh” (Fiqh ilmi asoslari xususida munozaralar) kabi asarlari ma’lum va ulardan ba’zilari bizgacha yetib kelgan.
Imom Moturidiyning ilmiy merosi islom olamida avval ham, hozirgi kunda ham ahamiyatli bo‘lib, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilmoqda.
Ravshan Elmurodov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
katta ilmiy xodimi.
Manba: “Zarafshon” gazetasi 2022-yil 9-aprel, 41-son.
Izoh qoldirish