Farzand tarbiyasida ajdodlar merosining o‘rni
Qadimdan xalqimizga xos muhim bir fazilat – ayol zotiga e’tibor, izzat-ikrom, mehr-muhabbat ko‘rsatib kelingan. Shu e’tibor negizida oilada sog‘lom insonning dunyoga kelishi, sog‘lom tarbiya ta’sirida ulg‘ayib, kamol topishida ayol-onaning o‘rni beqiyos deb e’tirof etilgan. Ta’kidlab o‘tish joizki, nasl sog‘lomligi, farzand tarbiyasi, avlod barkamolligi va ushbu faoliyatda ayol zotining, onaning o‘rni, vazifasi hamda mas’uliyati islomning diniy-falsafiy asoslari va manbalarida keng yoritilgan. Har ikki holatda ota-bobolarimiz oilani barpo etishga bosh-qosh bo‘lar ekanlar, albatta, nasl-nasab, tana va ruh sog‘lomligiga jiddiy e’tibor berganlar. Shubhasiz, ushbu omillar qurilajak oilaning sog‘lomligi va mustahkamligini ta’minlovchi muhim sabab bo‘lishi bilan bir vaqtda, ijtimoiy muhit sog‘lomligini, jamiyat barqarorligi va mamlakat mustahkamligini ta’minlovchi muhim omil hamdir. Ya’ni oilalarimizda sog‘lom ma’naviy muhitni tashkil qilish, er-xotin, ota-ona va farzandlar, qaynona va kelin o‘rtasidagi munosabatlar, qo‘shnichilik munosabatlarining o‘zaro hurmat, mehr-oqibat ruhida bo‘lishiga erishish – bu yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va ahillikni yanada mustahkamlashning eng muhim sharti ekanini doimo esda tutmog‘imiz lozim.
Sog‘lom insonning shakllanishi, shaxs sifatida o‘sib borishida oilaning o‘rni beqiyos. Shu munosabat bilan islom manbalarida oilaning paydo bo‘lishi va pok insonni tug‘ilishi g‘oyalariga katta e’tibor berilgan. Ma’lumki, sog‘lom oiladagina sog‘lom farzand voyaga yetadi.
Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz er-xotinlik axloqida ayol zotiga nisbatan quyidagicha munosabatni maqbul deb hisoblaydilar: “Alloh taolo sizlarga xotinlarga yaxshilik qilishingizni buyuradi, chunki ular onalaringiz, qizlaringiz va xolalaringizdir”. Boshqa bir o‘rinda ta’kidlaydiki: “Ayollarni e’zozlang, ularga qo‘ylar yoki qora mollarga qilgandek muomala qilmang. Yodingizda bo‘lsin: jannat onalarning oyog‘i ostidadir”.
Inson tabiatning buyuk va takrorlanmas moʻjizasi ekanligi, u har tomonlama sog‘lom va mukammal qilib yaratilganligi to‘g‘risida manbalarda yozilgan. Chunonchi, Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Batahqiq, biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik”. Bundan ko‘rinadiki, inson tug‘ilganidan barcha kamchiliklardan holi bo‘ladi, unga barkamol, sog‘lom bo‘lib o‘sish, mukammallik tomon harakat qilish imkoniyatlari berilgan.
Sog‘lom inson tug‘ilishi va tarbiyalanishida kishilarning shaxsiy va jinsiy hayoti, poklik harakati g‘oyalari ham islom manbalari va talablarida atroflicha yoritilgan. Hadislarda keltirilishicha, “Kimgaki, Alloh taolo bir soliha ayolni nasib etgan bo‘lsa, Alloh uning, dinining yarmini himoya qilishga yordam qilibdi. Endi qolgan yarmini o‘zi himoya qilsin”, deyiladi.
Islom falsafasi oilaning sog‘lom avlod tarbiyasida juda katta o‘rni borligini ko‘rsatib, uning jamiyatdagi mavqeiga yetarlicha e’tibor beradi. Alloh taolo mo‘minlariga xitob qilib, Qur’oni karimda aytadiki: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va ahli ayollaringizni otashi do‘zaxdan saqlangiz!” (“Taxrim-6”). Bundan ko‘rinadiki, ota ro‘zg‘or boshlig‘i sifatida nafaqat o‘zining balki, barcha oila a’zolarining sog‘lom tarbiyalanishida javobgardir. Shu sababli ham hali ro‘zg‘or shakllanmay, bo‘lg‘usi oila a’zolarining tarbiyasini avvaldan rejalashtirish lozim.
Sog‘lom avlod nafaqat mehnatsevar insondir, balki u o‘zini noma’qul harakatlardan saqlay oladigan kishidir. Shunday noma’qul harakatlardan biri islom manbalarida zino va fohishalik deb ko‘rsatilgan. Ta’kidlash kerakki, Alloh taolo o‘zining payg‘ambarlariga yuborgan Qur’ondan oldingi muqaddas kitoblarida ham zinoni qoralab, uning sog‘lom avlod paydo bo‘lishi va rivojlanishida tuzatib bo‘lmaydigan asoratlari borligini ko‘rsatgan. Qur’oni karimda esa zino mutlaqo taqiqlangan. “Zinoga yaqinlashmanglar, u gunoh buzuqlikdir va Allohning g‘azabiga duchor qiladi hamda do‘zax sari boshlaydi”.
Ma’lumki, bolaning salomatligi ko‘p jihatdan tashqi va ichki omillarga bog‘liq. Tashqi omillarga ota-ona, mahalla, atrof-muhit va o‘zaro munosabatlar kiradi va bu bolaning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Nasl, irsiyat, ruhiy holatni esa, bolaning tug‘ilish va yashash jarayoniga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki omillar sifatida baholash mumkin. Aslida, har ikki jihat ham, bolaning yetuk shaxs sifatida shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omillar bo‘lib xizmat qiladi.
Yoshi ulug‘larimiz farzandlarni niholga qiyoslaydilar. Haqiqatdan ham, ushbu nihollarni sog‘lom qilib tarbiyalasak, ilm, odob-axloq, hayo bilan ziynatlar ekanmiz, kelajakda bu yoshlar insonlarga ham mevasi bilan, ham soyasi bilan manfaat beradigan ulkan daraxtga aylanadi. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, bobolarimiz butun dunyoga ustozlik qilgan. Bu muqaddas zamindan ulug‘ mufassir, muhaddis, mufaqqih, mutasavvuf va qomusiy ulamolar yetishib chiqqan. Ularning hayotini o‘rganadigan bo‘lsak, shu narsa ma’lum bo‘ladiki, ular yoshligidan ilmga muhabbatli qilib tarbiyalanganlar.
Agar har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir ma’rifat targ‘ibotchilari o‘zlarining bor g‘ayratlarini yurtimiz yoshlarining har sohada salohiyatlarini yuksaltirishga sarflasa, albatta, kelajakda mutafakkir bobolarimiz singari dunyoga ustozlik qiladilar.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularning ulg‘ayib, komil inson bo‘lishlari uchun davlatimizda barcha zarur moddiy va ma’naviy yaratilgan. O‘smirlarni sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi, ilm olishi, kasb-hunar egallashi uchun katta imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlarning esa, sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Xususan, ta’lim olish, sport bilan shug‘ullanish, turli to‘garaklarda ishtirok etish va boshqa bir qancha imkoniyatlar yaratilgan. Ko‘plab sport inshootlari, dam olish va istirohat maskanlarini barpo etib, yoshlar ixtiyoriga topshirildi. Faqat, bola zimmasiga bu imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalana olish mas’uliyatini yuklaydi.
Yuqoridagi fikrlarda shuni xulosa qilish mumkinki, sog‘lom avlod – bu millat, yurt kelajagi, uning mustahkam poydevorini esa barkamol, yetuk, ma’nan sog‘lom farzandlargina qura oladi. Zero, jannatmakon yurtga barkamol, yetuk insonlargina yarashadi. Farzandlari sog‘lom yurt esa, taraqqiy etadi, yuksaladi va hech qachon, hech kimdan kam bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz ezgu maqsadlariga sodiq qolib, bugun biz sog‘lom avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratar ekanmiz, shu barobarida Vatanimiz obodligi va ozodligi, turmushimiz erkinligi va farovonligi sari qat’iyat bilan qadam tashlaymiz.
Feruza NIZAMOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi
Manba: “Islom tafakkuri” jurnali, 2021-yil 4-son
Ayrim qisqartirishlar bilan olindi. Maqolaning to‘liq variantini quyidagi havolada o‘qishingiz mumkin
“ISLOM TAFAKKURI” JURNALINING 2021-YIL 4-SONI BILAN TANISHING!
Izoh qoldirish