
E’tiqod erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari
O‘zbekiston Respublikaning “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni bugungi kunda katta ahamiyat kasb etayotgan, davlatning siyosiy maydondagi mavqeini belgilashda muhim rolga ega bo‘lgan qonun hisoblanadi.
Zero, O‘zbekiston ko‘p konfessiyali mamlakat bo‘lib, unda 16 ta konfessiya, 130 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Ushbu qonun mamlakatimizda vijdon erkinligi hamda diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi, bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi.
Shu bilan birga, 2025-yil 25-fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mazkur qonunning mazmun-mohiyatini yanada aniqlashtirib beradi.
Konsepsiyaning asosiy maqsadi – fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash, dinlararo bag‘rikenglikni rivojlantirish, diniy tashkilotlar va davlat o‘rtasidagi o‘zaro aralashmaslik tamoyilini mustahkamlashdan iborat bo’lib, unda quyidagi asosiy vazifalar belgilab qo‘yilgan:
– barcha fuqarolarning tengligini ta’minlash;
– diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash;
– davlat va diniy tashkilotlarning o‘zaro hurmatga asoslangan aloqalarini yo‘lga qo‘yish.
Ushbu Konsepsiya qonunlarning amaliyotda qanday ijro etilishi kerakligini ko‘rsatib, ularni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan muhim hujjat hisoblanadi.
Demak, ushbu ikki qonun ijrosini ta’minlash orqali fuqarolarning diniy e’tiqodlarini erkin amalga oshirishlari uchun huquqiy asos yaratish qonundan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘lsa, fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy e’tiqodlarni amalga oshirish huquqlarini kafolatlab, diniy tashkilotlarning faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish eng birinchi vazifasi etib belgilangan.
Qonundagi “Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilishi huquqiga ega” ekani borasida so‘z yuritilganda ko‘pincha “Dinning davlatdan ajratilganligi” to‘g‘risidagi 7-modda ham qo‘shib eslatib o‘tiladi. Unda: “O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlar va davlat organlarining faoliyati o‘zaro aralashmaslik asosida amalga oshiriladi” deya yozilgan. Afsuski ko‘pchilik kishilar orasida qonunning ushbu moddasini to‘g‘ri anglab yetmaslik, balki, uni islom qadryatlariga zid deb hisoblash holatlari kuzatiladi. Zero, diniy tashkilotlarni davlatdan ajratilganligi dinning jamiyatdan ajratilganini taqozo qilmaydi. Din jamiyatdan ham, Respublika fuqarolari hisoblanmish turli millat vakillaridan ham ajratilmagan. Balki qonunda aytilganidek diniy tashkilotlargina davlatdan ajratilgan hisoblanib, buni quyidagicha tushunish mumkin bo‘ladi.
Tarixdan ma’lumki, ilk islom davrida, keyingi xalifalik va sultonliklar davrida ham davlat shariat ko‘rsatmalari asosida boshqarilgan, din olimlari davlat siyosatida muhim o‘rin tutuvchi shaxslar bo‘lgan, davlat rahbari esa musulmonlarning imomi deb yuritilgan. Buni o‘rta asrlardagi Arab xalifaligi, Usmonli imperiyasi va Temuriylar davlati misolida ko‘rish mumkin. Lekin o‘sha davrlarda diniylik, dunyoviylik, diniy tashkilot kabi tushunchalar mavjud bo‘lmagan. So‘nggi asrlardagi dunyo sahnasida ro‘y bergan turli hodisa voqealar va siyosiy burilishlar natijasida jamiyatlar butkul o‘zgarib ketdi.
Endi ma’lum dinga mansub bo‘lgan xalqlarni yagona hukmdor qo‘l ostida jamlash asrlar osha ilojsiz ishga aylanib ulgurdi. Zamon yangicha taraqqiy etdi. Turli xil xalqlar va turfa din vakillarining bir biriga aralashuvi natijasida yangi davlatlar paydo bo‘ldi. Har bir davlat o‘z jamiyatining mustaqilligi, yangicha taraqqiyot yo‘lini, maqsad g‘oyalarini ilgari surdi. Zamon talabi – yangicha tushunchalar, yangicha qonun-qoidalarni jamiyatlarga joriy etish bo‘ldi. Lekin bu degani din unutildi degani emas. Aholisining aksar qismini ma’lum dinga e’tiqod qiluvchi mamlakatlarda har qanday qonun qoidalar o‘sha mamlakat vakillarining azaliy qadriyatlariga asoslanib ishlab chiqildi. Buning misolini O‘zbekiston Respublikasi va qo‘shni davlatlar misolida ko‘rish mumkin.
Ko‘p millatli, turli din vakillari istiqomat qiluvchi mamlakatlarda jamiyat tartibini saqlash, undagi odob va axloq prinsiplarini ta’minlash muhim o‘rin tutadi. Ana shunday holatlarda, xususan, diniy erkinlikni ta’minlash, turli xil dinlar va diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solishda dini va millatidan qat’iy nazar barchaga birdek tatbiq etiluvchi qonunlar asosiy omil bo‘ladi. Shunda davlat diniy tashkilotlarning ichki ishlariga va faoliyatlariga aralashmagan holatda ularning faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘yish bilan tartibga soladi. Konstitutsiyaning 75-moddasida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida ko‘rsatilgan Diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani, ularning qonun oldida tengligi, davlatning diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashmasligi, shuningdek, davlat qonuniy asosda faoliyat yuritayotgan diniy tashkilotning erkin faoliyatlarini ta’minlashi ana shu nuqtada o‘zining naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.
Dunyo davlatlari bir millatli va ko‘p millatli mamlakatlarga bo‘linadi. Lekin, ularning aksari ko‘p millatli davlatga aylanib ulgurgan. Har bir mamlakatda turli millat vakillarining mavjudligi natijasida qadriyatlar va turli manfaatlarning bir-biriga zid kelib qolishi, ba’zida esa uyg‘un bo‘lishi ham mumkin. Gohida ularning bir-biriga zidligi milliy va irqiy nizolarni keltirib chiqarishi shubhasiz. Ana shunday vaziyatda o‘sha mamlakatdagi milliy siyosat muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lum davlatda yashovchi turli millat va’killarining qadriyatlari va manfaatlari to‘qnashgan holatda ular o‘rtasidagi bag‘rikenglik va totuvlikni ta’minlay olish mamlakat tinchligi va taraqqiyotidagi hal qiluvchi omil bo‘ladi. Buni mustaqil O‘zbekiston Respublikasi misolida ko‘rsatish mumkin. Bu borada ham Konstitutsiyada qator moddalar mavjud.
Xulosa qilib aytganda, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun hamda Konsepsiya fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash, davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasida muvozanatni saqlashda muhim me’yoriy hujjatlar sifatida xizmat qilmoqda. Bugun aynan yuqorida keltirib o‘tilgan din va davlat munosabatlarining bir-biriga zid emasligi, qonunchilikda belgilangan normalarning milliy qadriyatlar bilan mutanosib ekanligi borasidagi omillarni jamiyatga turli xil xato talqinlardan xoli qilgan holatda yetkazish diniy soxa vakillari, xossatan, islomshunoslik sohasi kadrlari oldida turgan eng birinchi vazifalardan biri hisoblanadi.
Bahodir Botirov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Islomshunoslik fakulteti 4-kurs talabasi
Izoh qoldirish