2

Yangi Markaziy Osiyo integratsiyasining siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar jihatlari

Sir emaski, bugungi global tahdidlar, geosiyosiy o‘zgarishlar va mintaqaviy muammolar sharoitida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish strategik ahamiyat kasb etmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi 91-maqsadda – Markaziy Osiyoda amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi belgilab berilgan. Ushbu konferensiya aynan shu ustuvor yo‘nalish doirasida tashkil etilib, mintaqadagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy integratsiya masalalarini ilmiy asosda muhokama qilishga qaratilgan. 

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yangi Markaziy Osiyo integratsiyasining siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar jihatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. 

“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi tomonidan O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur konferensiyadan maqsad mintaqadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan ilmiy-nazariy yondashuvlar hamda amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

Anjumanda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning tabrigini Akademiya prorektori Ergash Daminov o‘qib eshittirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.

Unda ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya jarayonlari, siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlar, davlatchilik rivojining ijtimoiy-tarixiy asoslari hamda hamkorlikning huquqiy mexanizmlari va istiqbollari kabi masalalar ko‘rib chiqildi: 

Tadbir ilmiy, ijtimoiy va ta’limiy samaradorlikka ega bo‘lib, talabalarning siyosiy-huquqiy bilimlarini chuqurlashtirishga, xalqaro munosabatlar sohasida ilmiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

ZOOM platformasi orqali onlayn va oflayn formatda o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Akademik Bobojon Gʻafurov nomli Xo‘jand davlat universiteti professori Bo‘ston Tursunov, Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati kengash raisi Ikram Xashimjanov, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professori Anvar Yuldashev, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi Umrbek Yusupov, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universiteti dotsenti Xamidulla Tadjiyev, Toshkent Kimyo-texnologiya instituti Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi mudiri Oybek Sirojov va boshqa ko‘plab tadqiqotchi olimlar, ekspert-mutaxassislar, magistrantlar, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi. 

Anjuman “Markaziy Osiyoda mintaqaviylashuvning zamonaviy tendensiyalari: siyosiy-iqtisodiy aspektlar”, “Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarining madaniy-gumanitar masalalari”, “Markaziy Osiyoda zamonaviy davlatlatchilik rivojining ijtimoiy-tarixiy omillari”, “Markaziy Osiyo davlatlarining jahon integratsiyalashuvi: muammo va istiqbollar”, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalari” kabi sho‘ba yig‘ilishlari bilan davom etdi. 

Konferensiyada “Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat va din munosabatlari”, “Markaziy Osiyo xalqlari integratsiyasining madaniy va iqtisodiy jihatlari”, “Markaziy Osiyo davlatlarining zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi ahamiyatining ayrim jihatlari”, “Markaziy Osiyo mintaqaviy integratsiyalashuvidagi yangi tendentsiyalar”, “Markaziy Osiyo xalqlari birdamligining tarixiy va ijtimoiy aspektlar”, “Mintaqaviy hamkorlik hamda yashil energetika: istiqbol va xavotirlar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjumanda Markaziy Osiyo mintaqasining strategik ahamiyati, mintaqa davlatlaridagi siyosiy-ijtimoiy hayotning o‘ziga xos bir murakkab ko‘rinishlari haqida ma’lumot berildi.

Bugungi globallashuv, dunyoning turli hududlarida sodiq bo‘layotgan nizolar, taloto‘plar har birimizni hushyorlikka chorlashi tayin. Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar, mamlakatning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Ahamiyatlisi, davlatimiz rahbari qo‘shnilarimiz – Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab berdilar.

“Markaziy Umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim an’anaviy ustuvor yo‘nalishimizdir”, degan edilar davlatimiz rahbari. 

Konferensiyada ekspert va ma’ruzachilar tomonidan O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirayotgani e’tirof etildi. 

Anjumanga mahalliy va xorijiy olimlar va tadqiqotchilarining 100 ga yaqin maqolasi taqdim qilingani ham uning ahamiyati va nufuzini belgilab beradi. 

Muxtasar aytganda, Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi samarador bosqichga olib chiqish orqali mintaqaga tegishli siyosiy-davlatchilikning barqarorligi va ijtimoiy-madaniy birligini yagona ma’naviy kuch-qudrat ostida mustahkamlash hamda uning jahondagi muhim ahamiyatini namoyon etish barqaror taraqqiyot garovi bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish