3

Akademiyada “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi

Keyingi yillarda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida yurtimizdan yetishib chiqqan hamda dunyo ilm-fani, ma’rifati rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ko‘plab ulamolarning ilmiy merosini keng tadqiq qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Joriy yil 14-martda Prezidentimizning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi ham ma’naviy hayotimizning muhim voqealaridan biriga aylandi. Mazkur hujjat buyuk allomaning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishda katta ahamiyatga ega.

29-30-aprel kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, moʻtadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham islom dinining yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuvlik kabi asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash, aholi orasida moʻtadil islom g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Ushbu konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2025-yil 21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2020-yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirraximov hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov tabrik so‘zlari bilan ochib berishdi. 

Ilmiy anjumanda yosh olimlar, mutaxassislar, doktorantlar va magistrantlar, xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, respublikadagi diniy ta’lim muassasalari va sohaga oid tashkilotlarning mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish vazifalari ham qamrab olindi.

Anjumanda “Islomda sog‘lom turmush tarzi”, “Payg‘ambar (a.s.)ning sunnatlarida sportga e’tibor”, “Ibn Sinoning “Tib qonuni” asariga ko‘ra to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlash tadbirlari”, “Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni”, “Hozirgi zamonda sog‘lom ovqatlanish tamoyillari”, “Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” hamda “Islomda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni, yoshlarni sportga jalb qilish masalalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

Konferensiyada islom dinida jismoniy faoliyat va sportning ahamiyati, inson salomatligini mustahkamlash va jismoniy quvvatni oshirishga qaratilgan ma’naviy-axloqiy qarashlarni tahlil qilish, islomda ovqatlanish madaniyati, sog‘lom ovqatlanishning ahamiyati va jismoniy, ruhiy holatni yaxshilashga oid amaliy tavsiyalar ochib berildi.

Shuningdek, islomda tinchlikni ta’minlashda sportning rolini hamda jamiyatda o‘zaro hurmat va adolatni ta’minlashda jismoniy faoliyatning ahamiyatini o‘rganish hamda yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va sportga qiziqishni oshirish, ularni ijobiy harakatlar bilan hayotga jalb etish va ommaviy sport tadbirlari orqali ijobiy ma’naviy axloqni shakllantirishdan iborat.

Konferensiyada asosan quyidagi masalalar muhokama qilindi:

Birinchidan, islom dinida sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish, jismoniy faollik va salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan yondashuvlar;

ikkinchidan, islomda sog‘lom ovqatlanishning ahamiyati, ruhiyatni yaxshilash va jismoniy salomatlikni oshirish masalalari;

uchinchidan, islom dinining tinchlikparvarlik mohiyati, sport va jismoniy tarbiya vositasida jamiyatda tinchlikni mustahkamlash;

to‘rtinchidan, sportni yoshlar o‘rtasida kengaytirish va rag‘batlantirish: ommaviy sport tadbirlari orqali yoshlarda sportga qiziqish uyg‘otish, ularda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;

beshinchidan, islomning jismoniy tarbiya va sportni hayotga tatbiq etishda, shuningdek, jismoniy va ma’naviy sog‘lomlikning asosi sifatidagi targ‘ibotidagi roli, jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlarga ta’siri.

Konferensiya natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar yanada chuqurlashadi. Salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar shakllantiriladi.

Muxtasar aytganda, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va sportga qiziqishni oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar ishlab chiqiladi, bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish