1

O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosati: vijdon erkinligi va ma’naviy barqarorlik yo‘lidagi qadam

Har bir davlat o‘z ma’naviy-madaniy ustuvorliklarini belgilash, ularni huquqiy asoslarda mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga intilgan. O‘zbekiston Respublikasida ham mustaqillikning ilk kunlaridanoq din va davlat munosabatlari, vijdon erkinligi masalasi e’tibor markazida bo‘lib keldi. Din – insonning eng yuksak ma’naviy ehtiyoji, vijdon – uning ichki dunyosidagi haqiqat mezoni. 

Shu bois, 2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun faqat huquqiy hujjat emas, balki ma’naviy siyosat yo‘nalishlarini belgilab beruvchi dasturiy hujjat sifatida tarixga kirdi. 

Inson qadrini ulug‘lash – demokratik jamiyatning yuragi. Vijdon erkinligi esa inson qadrining qon tomiridir. Bu erkinlik insonga e’tiqod qilish yoki qilmaslik, dinini erkin tanlash, o‘z qarashlarini hech qanday zo‘ravonliksiz ifoda etish huquqini beradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham bu huquq kafolatlangan. Bundan tashqari, mamlakatimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shilgan holda, vijdon erkinligini kafolatlovchi meyorlarni amaliy hayotga tatbiq etmoqda. 

2025-yilda qabul qilingan qonun – diniy sohadagi davlat siyosatida prinsipial yangi bosqichni boshlab berdi. Bu qonun orqali davlat faqat kuzatuvchi va tartibga soluvchi subyekt emas, balki jamiyatning ma’naviy-axloqiy ustuvorliklarini targ‘ib qiluvchi madaniy-ma’rifiy sherik sifatida namoyon bo‘ldi. Qonunning mazmun-mohiyati shundan iboratki, u har bir fuqaroga o‘z e’tiqodiga amal qilish yoki qilmaslik huquqini tan oladi, davlat va din munosabatlarini sekulyar tamoyillar asosida belgilaydi, diniy tashkilotlarning faoliyatini qonuniy yo‘llar orqali tartibga soladi, jamiyatni diniy radikalizm va mutoasiblikdan himoya qilishga yo‘naltirilgan profilaktik mexanizmlarni belgilaydi. 

Bu qonun bilan O‘zbekistondagi davlat va din munosabatlari yangicha shaklga ega bo‘ldi. Ular rasman ajratilgan, ya’ni davlat muayan dinga xizmat qilmaydi. Biroq bu – hamkorlikka to‘sqinlik qiladigan ajratish emas. Davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasida ma’rifat, axloq, bag‘rikenglik, vatanparvarlik kabi umumiy ma’naviy qadriyatlar borasida muloqot va hamkorlik rivojlantirilishi mumkin va kerak. 

Shu yo‘l bilan din ham ijtimoiy jarayonlarning bir qismiga aylanadi – jabhalangan, ajralgan emas, balki integratsiyalashgan holda. 

Qonunda diniy tashkilotlar faoliyatini ro‘yxatga olish, ularning jamoatchilikdagi roli, ta’limga ta’siri, va moliyaviy shaffofligi kabi masalalarga aniq yondashuv kiritilgan. Bu jamiyatni shaffof va mas’uliyatli diniy hayotga yetaklash, chetdan keladigan noqonuniy ta’sirlarga qarshi samarali himoya barpo qilish, diniy tashkilotlarning o‘z faoliyatini davlat bilan ochiq muloqotda amalga oshirishini ta’minlash uchun xizmat qiladi. 

Qonunning muhim jihatlaridan biri – diniy ekstremizm va mutoasiblikka qarshi ma’rifiy choralarni huquqiy asosda belgilashidir. Davlat dindan foydalanib jamiyatni ig‘vogarlikka, parokandalikka yetaklovchi har qanday harakatga qarshi ma’rifiy va huquqiy mustahkam to‘siqlar yaratmoqda. 

Bu yo‘nalishda diniy ta’limning ilmiy asoslanganligi, yoshlar o‘rtasida diniy savodxonlikni oshirish, targ‘ibot va ommaviy axborot vositalarida xolis va muvozanatli materiallar berish – alohida ahamiyat kasb etadi. 

Qabul qilingan mazkur Qonun – O‘zbekistonda din va davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqan, fuqarolarning vijdon erkinligini real hayotda amalga oshirishga yo‘naltirilgan, ma’naviy va huquqiy jihatdan mukammal hujjat bo‘lib, uning asosida yurtimizda bag‘rikeng, sog‘lom, ma’rifatli diniy muhit shakllanmoqda. Qonun – faqat huquqiy mexanizm emas, balki mafkuraviy, axloqiy va ma’naviy jihatdan jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi konseptual qadam hamdir. 

Mas’udxon Ismoilov,

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish