1

Akademiyada Malayziya top universiteti professori ishtirokida qo‘shma ma’ruza darsi o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Malayziya oliy ta’lim muassasalari jamiyat taraqqiyoti uchun – ijtimoiy xizmat sohasini o‘qitish orqali talabalar bilimini oshirish” mavzusida qo‘shma ma’ruza darsi o‘tkazildi.

Mazkur ma’ruza darsi QS jahon universitetlari 2025 reytingida 146-o‘rinni egallagan Malayziya tadqiqotlar universiteti professori Morshidi Sirat hamda “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Musurmon Xurramov tomonidan tashkil etildi.

Unda Xalqaro hamkorlik masalari bo‘yicha prorektor Olim Astanakulov, “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri Bektosh Berdiyev, kafedra a’zolari hamda talabalar ishtirok etdi.

Professor Morshidi o‘z ma’ruzasida dastlab talabalarning intellektual, ma’naviy, hissiy va jismoniy jihatdan har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan Malayziyaning Milliy ta’lim falsafasi haqida ma’lumot berdi. Uning fikriga ko‘ra, bugungi kunda global bozor ehtiyojlari va universitet reytinglari ta’siri ostida oliy ta’limning jamiyatga xizmat qilish vazifasi ko‘pincha e’tibordan chetda qolmoqda. Shundan kelib chiqib, Malayziya universitetlari jamiyat muammolari yechimiga qaratilgan loyihalarni o‘quv dasturlariga singdirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 

Shuningdek, professor tomonidan ijtimoiy soha mutaxassislarini tayyorlashda volontyorlik dasturlarining mazmuni, talabalarda soha bo‘yicha amaliy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishda amaliyot bilan bog‘liq faoliyat fanlarini kiritilishining muhimligi ko‘rsatib berildi.

Bunda Malayziya milliy ta’limidagi tajribalar, xususan, o‘quv rejalarga soha tashkilotlarida volontyorlik orqali ish o‘rganish fanlarining kiritilishi, ish beruvchi va OTMlari o‘rtasida hamkorlikda mutaxassislarni tayyorlash amaliyoti, umuman, amaliyot bilan bog‘liq ta’lim tashkil etish mexanizmlari haqida so‘z bordi.
 

Ma’ruzada davomida asosiy urg‘u SULAM (Service Learning Malaysia –Universitet jamiyat taraqqiyoti uchun) tashabbusiga qaratildi. Bu tashabbus Malayziya universitetlarida o‘quv dasturlariga integratsiya qilingan bo‘lib, unda talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini jamiyat ehtiyojlariga xizmat qilish orqali amaliyotga tadbiq etadilar. Professor Morshidi xizmat ko‘rsatish orqali o‘qitish tizimli tarzda olib borilishi lozimligini, bu nafaqat talabalar, balki jamiyat, davlat va sanoat uchun ham foydali bo‘lishini ta’kidladi.

Tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi. Ma’ruza savol-javob va munozaralar bilan yakunlandi hamda O‘zbekistonda shunga o‘xshash yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Akademiya rahbariyati va “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari professor Morshidiga qimmatli fikrlari uchun minnatdorchilik bildirdi va kelgusida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Izoh qoldirish