
Milliy yuksalishning muhim mezoni
Yangi O‘zbekiston tushunchasi hayotimizdan mustahkam o‘rin olgan onlarda Vatanimizning turli sohalarda taraqqiy etayotganini har bir ongli inson yaxshi anglaydi. Milliy madhiyamizda mudom yangraydigan satrlar mazmunini bugun to‘laqonli ravishda anglayapmiz: “Olamni mahliyo aylagan diyor”.
Yangi O‘zbekiston shukuhi bugun ona gullarga burkanayotgan yurtimizning har go‘shasida ufurmoqda. So‘nggi sakkiz yilda amalga oshirilgan tarixiy islohotlar, har bir inson sezayotgan ijobiy o‘zgarishlar milliy yuksalishdan darak bermoqda. Yuksalish ruhi Vatanimiz sarhadlari bo‘ylab kezmoqda.
Vijdon erkinligi masalasi bevosita har bir insonning ong-u shuuridan o‘rin olgan tushuncha. U e’tiqod qilish yoki qilmaslik borasidagi tanlov va erkinlikni ifoda etadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan olamshumul tashabbuslardan biri – inson qadri tamoyili, har bir inson qadr va e’zozga munosibligiga oliy darajada e’tibor namunasi. Vijdon erkinligi har bir insonning hurligi, ozodligi va boshqalar bilan teng huquqqa egaligini namoyon etadi.
O‘tgan yillar davomida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun bir necha bor qabul qilindi. Ammo sohaga Prezident darajasidagi e’tibor yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshdi. 2018-yil 16-aprelda tariximizda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ulkan ijobiy o‘zgarishlarga asos solgan mazkur oliy hujjatda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi sohaning ustuvor vazifasi etib belgilandi. Ilm-ma’rifat bilan barcha masalalarni hal etish ma’nosini o‘zida ifoda etgan mazkur ezgu tamoyil asosida mamlakatimiz barcha hududlarida: qishloq va mahalla fuqarolik yig‘inlarida, maktab va kollejlarda, davlat va jamoat tashkilotlarida, xususiy muassasa va korxonalarda tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari orqali tele va radioko‘rsatuvlar taqdim etildi. Ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar nashr etildi. Ortda qolgan sakkiz yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlarning barchasini kichik bir maqolaga sig‘dirish mushkul masala.
2025-yil 21-aprelda davlatimiz rahbarining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohaga Prezident darajasida berilayotgan doimiy e’tiborning muhim namunasi bo‘ldi.
Yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘lgan fuqarolarimiz, xususan, shu sohaga muayan darajada aloqador bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizning ishonchiga ishonch, quvonchiga quvonch qo‘shildi. Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichini milliy yuksalishning muhim mezoni sifatida e’tirof etish o‘rinli. Zero, Farmonda Yurtimizning jahon sivilizatsiyasining muhim beshigi sifatidag maqomi va nufuzini tiklash bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan. Maqom – dunyo hamjamiyatdan munosib o‘rin egallashni anglatsa, nufuz – ta’sirli salohiyat va qudratni, soddaroq tushuntirganda, taraqqiyot va yuksalishni ifodalaydi. Inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘ygan yangi O‘zbekistonda inson ongini turli tahdidlardan himoya qilish ham uning manfaatlari sirasiga kirishini mazkur hujjat har jihatdan asoslab berdi.
Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimini yщlga qo‘yish belgilandi. Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali turli radikal g‘oyalar odamlar ongini zabt etishga, ona xalqimizning asrlar davomida turli din va e’tiqodlarni o‘zida jam etgan keng bag‘rini tor qilib, o‘zaro adovat va nafratni, xudbinlik va zo‘ravonlikni, ixtilof va ziddiyatlarni avj oldirishga harakat qilayotgan bir vaqtda millatimiz, xalqimiz va davlatimiz uchun bag‘rikenglikni ifodalaydigan barcha fikrlar, g‘oyalar, qarashlar suv va havodek zarur. Oilada, mahallada, jamiyatda ko‘zga tashlanayotgan salbiy munosabatlar ortida tor fikr, saviyasiz dunyoqarash, taqlidga qurilgan tafakkur turgani ma’lum haqiqat. Dono xalqimizning “Keng fe’l, ketmas davlat bersin” degan ezgu tilagiga hamohang bag‘rikenglik ijobiy islohotlarning, taraqqiyot va yuksalishning muhim asosi ekanida shubha yo‘q.
Donishmandlardan biri: “Olam saodati o‘n qism bo‘lsa, to‘qqizi kechirimlilikda, bag‘rikenglikda” degani bejiz emas. Tinchligimiz, osoyishtaligimiz, omad va muvaffaqiyatimiz, baxt-u saodatimiz asosi bag‘rikenglik, bag‘rikenglik, yana bir bor bag‘rikenglikdir. Farmonda belgilangan diniy-ma’rifiy sohaning dastlabki ustuvor vazifasi “jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish”dir. Bu vazifa sohada faoliyat olib borayotgan har bir ziyoli, ruhoniy, muallim va mudarris zimmasiga faoliyatini bag‘rikenglik tamoyili asosida olib borishini, ilm-fan texnologiyalari yutuqlaridan bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lida foydalanishini taqozo etadi.
Insonning din va e’tiqodga munosabatidan qat’i nazar, bani bashar avlodi ekanini, teng huquq va imkoniyatlarga ega ekani, hech kim e’tiqodi va dini sabab kamsitilmasligini ifodalaydi bag‘rikenglik. Insonparvarlik, ezgulik va tinchlik kabi umuminsoniy va oliyjanob tamoyillar bilan hamohang bag‘rikenglik. Alisher Navoiy timsolida insoniyatga faqat ezgulik sog‘inishni taqozo qiladigan bag‘rikenglik: “Kimga qildim bir vafokim, Yuz jafosin ko‘rmadim, Ko‘rguzub yuz mehr, ming dardu balosin ko‘rmadim” deya farod etsa-da, insoniyatga yaxshilik qilishdan to‘xtamagan, xalq dardida g‘am chekishni insoniylikning asosiy mezoni deb bilgan.
Bugun birdamlik, hamjihatlik va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish yo‘lida ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, maqolalar, ko‘rsatuv va eshittirishlar podkastlar juda dolzarb. Farmonda: “aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash” vazifasi belgilangan.
Birdamlik, hamjihatlik va mehr-oqibat kabi tushunchalarni hamma birdek yaxshi ko‘radi. Dunyoda sog‘lom fikrli inson borki, bu oliyjanob tamoyillarni olqishlaydi. Lekin bu yuksak fazilatlarni aholi, xususan, yoshlar orasida qanday targ‘ib etish kerak, bu borada inson ongiga ijobiy ta’sir qiluvchi ilmiy yutuqlardan foydalanishni qanday yo‘lga qo‘yish qabilidagi savollarga javob topish sohaning har bir vakilining dolzarb vazifasi ekani shubhasiz.
Muxtasar aytganda, mazkur hujjatning mohiyatini anglagan, undagi ustuvor vazifalarni o‘z hayoti va faoliyati tatbiq qilgan inson yuksaladi, taraqqiy etadi, ezgu orzu-maqsadlariga erishadi. Zero, mazkur Farmon, hech shubhasiz, milliy yuksalishning muhim mezonidir.
Saidafzal Saidjalolov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish