7

Turizm sohasini rivojlantirishda xorijiy tajriba va innovatsion yondashuvlar

Bugun Qo‘qon universitetida “Turizm sohasini rivojlantirishda xorijiy tajriba va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur konferensiya Turizm qo‘mitasi, Qo‘qon universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Anjumanni Qo‘qon universiteti direktori G‘afurjon Zaxidov, Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov, Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Axmedov hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdilar. 

Akademiya rektori o‘z nutqida turizm – iqtisodiyotning bosh tarmoqlaridan biri ekanini ta’kidlab, davlatimiz rahbarining kuni kecha hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ham turizm rivoji uchun muhim masalalar tilga olinganini alohida qayd etdi. 

Konferensiyada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, akademik Nurislom Tuxliyev, Akademiya dotsenti Ahmad Musa Sayfiddin, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari professorlari, soha mutaxassislari, hamkor tashkilot vakillari gid-tarjimonlar hamda talabalar ishtirok etdilar.   

Konferensiyada “O‘zbekiston turizmini rivojlantirishning innovatsion modellari”, “Turizmni rivojlantirishning noan’anaviy usullari: almashish uchun Misr tajribalari”, “Barqaror turizmni rivojlantirishda turistik xatti-harakatlarga psixologik omillarning ta’siri”, “Turizmning mintaqaviy integratsiyaga ta’siri”, “O‘zbekiston Respublikasida mehmondo‘stlik sanoatining hududiy rivojlanishdagi roli: tarixiy tahlil va natijalar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Anjuman “Shaharsozlik va turistik infratuzilmani rivojlantirish tajribalari”, “Mehmondo‘stlik sanoatining hududiy rivojlanishdagi roli”, “Adabiy turizm va uni rivojlantirish istiqbollari” hamda “Barqaror turizm: ekologik yondashuvlar va yashil infratuzilma” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.

Tadbir dasturida tarix, iqtisodiyot va turizm sohasida yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalari o‘rin olgan. Anjuman ishtirokchilari mahalliy va xalqaro miqyosdagi davlatlarning turizm rivojidagi roli, siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va ularning sayyohlar xavfsizligiga ta’siri hamda milliy turizm salohiyatini yanada rivojlantirish uchun xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.

Shuningdek, O‘zbekiston ichki turizmini rivojlantirishning strategik rejasini shakllantirish, ziyorat turizmini rivojlantirish, turizm industriyasi rivojlanish istiqbollari masalalari yoritib berildi. Xalqaro turizm rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari, xalqaro mehmonxonalar tizimining turizmning rivojlanishidagi ahamiyatiga oid axborotlar ham taqdim etildi. 

Anjumanda O‘zbekistonning turizm salohiyati va zamonaviy xorijiy trendlar, jumladan, raqamli transformatsiyalashuvning soha rivojiga ta’siri kabi strategik tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi, bu tashabbuslar turizm orqali xalqaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy va amaliy aloqalarni kuchaytirish borasida fikrlar almashilib, qizg‘in va munozaralarga boy bo‘lgan davra suhbati barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Anjumanda O‘zbekistonda ziyorat turizmining yagona brendini yaratish masalalari, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha hududlarning dolzarb muammolari va tajribasi muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan ziyorat turizmi – madaniyatlararo almashinuv va bag‘rikenglikni mustahkamlash sohasi sifatida ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzalardan so‘ng bildirilgan mavzular yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish